
"So‘g‘diyona" uchun alamli, "Andijon" uchun yoqimli g‘alaba yoxud revansh olingan o‘yin haqida
Bu turdagi eng shiddatli o‘yinlardan biri kutilganidek Jizzaxda bo‘lib o‘tdi. “So‘g‘diyona” va “Andijon” o‘rtasidagi uchrashuv o‘ziga yarasha taassurotlar bilan yodda qoladigan bo‘ldi.
Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida “Andijon” “So‘g‘diyona”ni qabul qilganida 1:0 hisobida oldinda bora turib yakunda alamli tarzda 1:2 natijasi bilan imkoniyatni boy berib qo‘ygandi va o‘shanda "Burgutlar" a’zosi maydondan chetlatilgandi. Buni qarangki, Jizzaxdagi uchrashuvda yana o‘sha holat takrorlandi, bu safar “Andijon” foydasiga.
O‘yindagi voqealar jarayoni deyarli o‘sha manzarani takrorladi. “So‘g‘diyona” hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa “Burgutlar” ikkita gol bilan javob qaytardi va mezbonlar futbolchisi maydondan chetlatildi.
Rosti, uchrashuvda bosh hakamining 11 ta sariq va 3 ta qizil kartochka ko‘rsatishini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. Dastlabki qizil kartochka 81-daqiqada mezbonlar a’zosi Marko Kolakovichga ko‘rsatildi. Keyin 90+5-daqiqada Farhod Sohibjonov chetlatildi. Bellashuvdan keyin esa mezbonlar himoyachisi Elyor Orifovga ham qizil ko‘rsatildi.
O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlar o‘zi uchun yaratgan qulay imkoniyatdan unumli foydalandi. Ammo “Andijon” tanaffusgacha ham o‘z o‘yini bilan yomon taassurot qoldirgani yo‘q. Chunki qator hujumlar bilan muvozanatni tiklash harakatida bo‘ldi. Biroq hammasi ikkinchi bo‘limda sodir bo‘ldi.
Tanaffus paytida bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov shogirdlariga tegishli va kerakli ko‘rsatmalarni bergani ikkinchi bo‘lim boshidanoq sezilib turdi. Yigitlar garchi hisobda ortda qolayotgan bo‘lishiga qaramay, ko‘zi yonib turardi va ijobiy natijaga ishonch yuqori darajada edi. O‘yin ham shunga yarasha kechdi. Ayniqsa, bosh murabbiyning rejasi asosida o‘yin tashkil qilindi va yakunda buning uchun munosib rag‘bat bo‘ldi.
Bu borada gap ketganda murabbiy yana bir bor zaxiradan o‘yinchi almashtirishda topqirligini namoyish eta oldi. Uchrashuvda burilish yasash maqsadida o‘yinga qo‘shilgan futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatdilar. Rubin Xebaydan to‘pni qabul qilib olgan Abdurahmon Komilov jarima maydoni ichida yiqitildi. Hakam esa ikkilanmasdan 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Jamoamiz to‘purari Rubin Xebay esa o‘z uslubida gol urdi va Superligada 12 ta goli bilan yakka peshqadam to‘purarga aylanib oldi. 86-daqiqada esa endi katta sahnaga Farhod Sohibjonov chiqdi. U jamoadoshining qulay to‘p uzatishidan unumli foydalanib o‘zining aniq zarbasi bilan ikkinchi golni urdi va “Andijon”ning irodali g‘alabasini ta’minlay oldi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Sohibjonov ham maydondan chetlatildi. Bosh hakam futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatishdan avval VAR orqali vaziyatni ko‘rdi va shundan so‘ng Farhodni maydondan chetlatdi. Shunga qaramay, "Andijon" mustahkam irodasini namoyish qilgan holda g‘alabani saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Andijondan kelgan ashaddiy muxlislar butun bahs mobaynida futbolchilarni qizg‘in qo‘llab-quvvatladilar va o‘yindan keyin jamoa a’zolari yoqimli g‘alabani o‘z suyuklilari bilan birgalikda nishonladi. Shu tariqa, “Andijon” birinchi davradagi mag‘lubiyat uchun revansh oldi.
“So‘g‘diyona” – “Andijon” – 1:2 (1:0)
21 oktbyar. Jizzax. “Markaziy” stadion. 951 tomoshabin.
Hakamlar: Rustam Choriev, Aleksandr Burov, Akmal G‘iyosov.
VAR: Ravshan Abduvohidov
AVAR: Shoxnur Yo‘ldoshev
Nazoratchi: Oleg Dachev
Komissar: Diyor Hotamqulov
“So‘g‘diyona”: Shirinboy Abdullaev, Jasur Yoqubov, Abdulloh Omonaliev (Mirjalol Abdumutalov, 61), Elyor Orifov (Tarik Isich, 79), Alisher Salimov, Marko Kolakovich, Muhammadsafo Fozilov, Samandar Mavlonqulov (Ulug‘bek Kenjaev, 79), Lyupcho Doriev, Javohir Qahramonov, Jasur Hasanov (Samandar Sindarov, 61).
“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Ilhom Alijonov, Muhammadkarim Toirov (Levan Arveladze, 62), Sardor Azimov (Farhod Sohibjonov, 62), Farhod Bekmurotov (Bobur Farhodov, 75), Ilhom Abdug‘aniev, Armin Boshnyak (Abdurahmon Komilov, 75), Rubin Xebay (Suhrob Berdiev, 90+2).
Gollar: Lyupcho Doriev, 13 – 1:0. Rubin Xebay, 78-pen. – 1:1. Farhod Sohibjonov, 86 – 1:2.
Ogohlantirishlar: Elyor Orifov, 25. Abdulloh Omonaliev, 56. Samandar Mavlonqulov, 63. Marko Kolakovich, 69. Shirinboy Abdullaev, 74 – Rubin Xebay, 6. Sardor Azimov, 25. Muhammadkarim Toirov, 45+2. Islom Mamatkazin, 50. Abduvohid G‘ulomov, 84.Artyom Petrosyan, 90+3.
Chetlatishlar: Marko Kolakovich, 81. Elyor Orifov (o‘yindan keyin) - Farhod Sohibjonov, 90+5.
Fikrlar