
“Spartak” o‘yinini faqat O‘runov va Kokorin o‘zgartira oladi!
“Spartak” yangi mavsumda premer-liga chempionligi va Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishi, “Zenit” gegemonligiga barham berishi, jamoaning avvalgi etakchilik mavqeini tiklashi asosiy maqsad ekani aytilgan edi.
Rossiya premer-ligasining dastlabki uchta tur uchrashuvidan so‘ng, “Spartak” o‘zi istagan qudratga ega emasligi, maqsadlardagi g‘alaba bilan, maydondagi o‘yin bir biriga hamohang emasligi ko‘rinib qoldi.
Avvallari ko‘p chempionlik seriyalariga ko‘nikib qolgan “Spartak” keyini yillarda sovrinli o‘rinlarga ham bazo‘r da’vogar bo‘lmoqda. Moskvalik “qizil-oqlar” so‘nggi bor 2016-2017 yilgi mavsumda bosh sovrin sohibi bo‘lgan. Oxirgi ikki mavsumda esa natijalar tobora pastga qarab ketmoqda.
O‘tgan mavsumni ettinchi o‘rinda yakunlangan jamoa yangi chempionatning dastlabki uchta o‘yinidan ikkitasida ochko yo‘qotdi. Ham italiyalik, ham germaniyalik bo‘lgan bosh murabbiy Domeniko Tedesko Moskvaga kelganiga qariyb bir yil bo‘lganiga qaramay, jamoada aytarlik yangilik qila olmadi. Buni mutaxassislar ham ta’kidlamoqda.
O‘z vaqtida “Spartak”da murabbiy lavozimida ishlagan futbol mutaxassisi Valeriy Gladilin ham ana shunday fikrda. Bu mutaxassis jamoa o‘yiniga o‘z munosabatini bildirdi.
- “Spartak”ning o‘yinidan aytarli hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. Tarkib o‘sha, taktika o‘sha. Evrokuboklarda o‘ynash ishtiyoqi qo‘shilgan bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘zga tashlanadigan o‘zgarish, yangilanish yo‘q. Endi yangi ijrochilar, ya’ni Oston O‘runov va Aleksandr Kokorin o‘yinga qo‘shilsa, nimalardir o‘zgarishiga umid qilsa bo‘ladi. Ular “Spartak” o‘yiniga motivatsiya va sifat olib kiradi. Hali jamoa Chempionlar ligasiga chiqish uchun da’vogar klublarga duch kelmadi. Hozircha, ularga to‘qnash kelgan “Sochi” va “Axmat” premer-ligada qolish uchun kurashadigan jamoalardir. “Ufa” esa haqiqiy o‘rtamiyona klub. Chempion bo‘lishni istagan jamoa bunaqa raqiblar bilan uchta o‘yinda to‘qqiz ochko olishi shart, - dedi Gladikin.
“Spartak” hozircha, besh ochko bilan oltinchi o‘rinda bormoqda. Kokorin jarohati bois o‘yinlarga tayyor emas. Oston O‘runov esa, koronavirusdan davolanganidan keyin, umumiy mashg‘ulotlardan tashqari, qo‘shimcha dasturlar yordamida shug‘ullanib, sport formasini tiklab oldi. “Spartak” murabbiylar shtabi o‘zbek legionerini “Ufa”ga qarshi o‘tkazilgan oxirgi o‘yin qaydnomasiga kiritgan bo‘lsa-da, o‘yinga tushirmadi.
Shu o‘rinda, Valeriy Gladilin o‘z vaqtida Rossiyaning “Spartak” va “Lokomotiv” klublarida o‘ynaganini va futbolchilik faoliyatini 1989 yilda Namanganning “Navbahor” jamoasida yakunlaganini aytish joiz. O‘shanda yarim himoyachi namanganliklar tarkibida to‘qqizta uchrashuvda ikkita gol urgan.
Fikrlar