"Sport" telekanali vodiy derbisini ko‘rsatadimi o‘zi?
Xabaringiz bor “Sport” telekanali Superliganing deyarli barcha o‘yinlarini tomoshabinlarga jonli efirda namoyish etib kelmoqda. Bu esa millionlab ishqibozlarni quvontirayotgani shubhasiz.
Kecha Superliganing 2-turida Farg‘onada “Qo‘qon-1912” hamda “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tdi. Ammo, futbol ishqibozlari oradan bir sutka o‘tgan bo‘lsada ushbu o‘yinni telekanal orqali tomosha qilisholmadi. Chunki, bahs haligacha efir yuzini ko‘rmadi.
Dastlab, o‘yin “Nasaf” – “So‘g‘diyona” uchrashuvi bilan bir vaqtda boshlangani sabab jonli efirda ko‘rsatilmaydi deb aytildi va “Qo‘qon-1912” - “Andijon” bahsi Qarshidagi o‘yindan so‘ng yozib olingan holda namoyish etilishi ma’lum qilindi. Biroq...
Keyinroq o‘yin 1 aprel kuni soat 14:15dan boshlab namoyish etilishi haqida xabar tarqaldi. Ammo, bu vaqtda yana bir kun oldin jonli efirda ko‘rsatilgan “Nasaf” – “So‘g‘diyona” o‘yini ko‘rsatildi. Ushbu holatdan so‘ng “Sport” telekanali vakillari vodiy derbisi kechki dasturlarda, aniqrog‘i 21:15dan boshlab olib berilishini ma’lum qilishdi. Afsuski, muxlislar yana aldanishdi. Ushbu vaqtda telekanalda xokkey uchrashuvi namoyishi boshlandi.
Xullas “Sport” telekanali bu o‘yinni ko‘rsatishiga texnik sabab mavjudmi yoki boshqa bir sabab buni endi bizga qorong‘u. Lekin bir narsa aniqki, muxlislar ushbu uchrashuvni hamon kutishmoqda.

Fikrlar