SPORTS.uz`da jahon chempionati kundaligi (3-son)

  • 24 noyabr, 2022, 13:50
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatardagi jahon chempionati davom etadi. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etib bormoqda.

Qatardagi mundialda nursiz durang qayd etildi-yu, 0:0 hisobi ko‘paydi. Marokash - Xorvatiya uchrashuvida ham tomoshabinlar gol ko‘ra olmadi.

Yaponiya ham Saudiya kabi sensatsiya ko‘rsatdi. Avval o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi. Ammo keyin 2 ta gol urib, Germaniyani dog‘da qoldirdi.

Ispaniya ilk turni gollar shousi bilan boshladi. “Qizil furiya” jamoasining ishtahasi ancha karnay ko‘rinadi. Kosta-Rikaga tajribali Keylor Navas ham yordam bera olmadi.

Belgiya juda qiyin ammo muhim g‘alabaga erishdi. 36 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionatiga chiqqan Kanada Belgiyaning “oltin avlod”idan ochko olishiga bir bahiya qoldi. KONKAKAF jamoasiga faqatgina omad etishmadi.

Quyida mana shu o‘yinlar haqida fikr yuritamiz.

Xorvatiya - Marokash

Kecha Qatar mamlakatida o‘tayotgan jahon chempionati 1-turidan o‘rin olgan bahslar davom ettirildi. Unda dastlab Marokash Xorvatiya bilan kuch sinashdi. Ushbu bellashuvda jamoalar murosa ko‘chasini tanlab, 0:0 hisobida durang o‘ynadi.

Bu durang sabab xorvatiyaliklar Afrika termalariga qarshi o‘tkazib kelayotgan "quruq o‘yin"ini davom ettirdi. Avvalgi bahslarda xorvatlar Kamerunni 4:0, Nigeriyani esa 2:0 hisobida taslim etgan. Faqat bu safargi uchrashuvda jamoa 3 ochkoni qo‘lga kirita olmadi.

Bellashuvda ikki terma ham darvoza tomon 7 tadan zarba berdi. Eng qizig‘i, aniq zarbalar soni ham teng - 2 ga 2.

Ahamiyatlisi, Marokash mundialdagi so‘nggi 9 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. Ular bellashuvlarda 2 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etgan. Oxirgi marta afrikaliklar 1998 yilgi jahon chempionatida Shotlandiya ustidan 3:0 hisobida zafar quchgandi.

Xorvatiya sardori Luka Modrich bu bellashuvda o‘ziga xos rekord qayd etdi. U 25 ta halqaro uchrashuvda maydonga tushib, terma jamoa tarixida etakchi bo‘lib oldi. Qolaversa, Luka 3 ta dekadada (2000, 2010 va 2020 yillar) mundial va Evro uchrashuvlarida qatnashgan yagona futbolchiga aylanib oldi.

Ilk turda ikki jamoa ham gol urish uchun yaxshigina ter to‘kdi. Ammo bahs nursiz durang bilan yakun topdi. 

 

Germaniya - Yaponiya

Navbatdagi bahs Germaniya hamda Yaponiya terma jamoalari o‘rtasida kechdi. Evropa va Osiyo termalarining o‘zaro to‘qnashuvida "kunchiqar yurt vakillari" sensatsion tarzda kambek qilib, g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Dastlab, 33-daqiqada Gyundogan penaltidan unumli foydalandi va jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq 75-daqiqa o‘tib borayotgan bir vaqtda Doan posbondan qaytgan to‘pni bo‘sh darvozaga joylab qo‘ydi - 1:1. 8 daqiqa o‘tgach, Asano qanotdan raqib mudofaasini yorib kirdi va kuchli zarbasi bilan to‘pni germaniyaliklar darvozasiga kiritdi. Shu tariqa, qit’adoshlarimiz iroda namoyish etib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Bellashuv davomida Germaniya va Yaponiya jamoalari umumiy hisobda 38 ta zarba berdi. Ulardan 13 tasi darvoza tomon aniq bordi. 9 tasi germaniyaliklar va 4 tasi yaponiyaliklar foydasiga.

Antiqa faktlardan biri sifatida Yaponiyaning mundialdagi ketma-ket ikkita ilk tur o‘yinida zafar quchganini aytib ketishimiz mumkin. 2018 yilda "samuraylar" 1-tur doirasida Kolumbiyani 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.

photo_2022-11-23_23-12-10

E’tiborlisi, evropaliklar tarkibida yagona gol muallifi bo‘lgan Gyundogan uchun mazkur gol mundiallar tarixidagi birinchisiga aylandi. Biroq ushbu gol uning jamoasiga g‘alabani taqdim etish uchun kamlik qildi.

Qolaversa, Germaniya jahon chempionati doirasidagi oxirgi 2 o‘yinida aynan Osiyo jamoalariga imkoniyatni boy berdi. 2018 yil guruh bosqich 3-turida Janubiy Koreya 2:0, bu yil guruh bosqich dastlabki turida Yaponiya 2:1 hisobida nemislarni dog‘da qoldirishga erishdi.

Yana bir qiziq holat, 22 noyabr. Messi 11 metrlik nuqtadan Saudiya darvozasini ishg‘ol etdi, ikkinchi taymda "sahro lochinlari" g‘alabani ilib ketdi;

23 noyabr. Gyundogan 11 metrlik nuqtadan Yaponiya posbonini ojiz qoldirdi, ikkinchi bo‘limda "samuraylar" g‘alabani o‘ziniki qildi;

Osiyoliklarga penalti tepishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerakmikin!?

 

Ispaniya - Kosta-Rika

Ispaniya - Kosta-Rika bahsida yirik hisob qayd etildi. "Qizil furiya" raqib darvozasiga javobsiz 7 ta to‘p yo‘lladi.

O‘yinda Ferran dubl muallifiga aylandi. Shuningdek, Olmo, Asensio, Gavi, Soler hamda Morata bittadan gol urdi.

Ushbu muvaffaqiyat orqali Ispaniya terma jamoasi jahon chempionatidagi bitta o‘yinda gol urish bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi. Ispaniya o‘z tarixida ilk bor mundialdagi bitta uchrashuvda raqib darvozasini 7 bor ishg‘ol qildi. Ispanlar hozircha bu turnirdagi eng yirik g‘alabani qayd etmoqda.

Luis Enrike shogirdlari ushbu bellashuvda 1043 ta pas berdi. Ularning deyarli 94 foizi aniq chiqdi. To‘pga egalik qilishda ham ispanlar katta ustunlikka erishdi 82% - 18%.

Qayd etish joiz, Gavi Ispaniya safida turnirda maydonga tushgan eng yosh o‘yinchiga aylanish bilan birga, JChda gol urgan eng yosh ispan futbolchisi bo‘ldi. Gavi 18 yosh, 110 kunligida ushbu natijaga erishdi. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi ham aynan u.

 

Belgiya - Kanada

Belgiya - Kanada uchrashuvida muxlislar bitta gol ko‘rishdi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘yin taqdirini birgina gol hal qildi.

Mishi Batshuayi tomonidan 44-daqiqada kiritilgan gol belgiyaliklarga g‘alaba keltirdi. Ammo KONKAKAF jamoasida ham imkoniyat bo‘ldi. Jumladan, 11-daqiqada Devis panltidan gol ura olmadi. Ushbu vaziyatda Tibo Kurtua raqibi tepgan to‘pni qaytardi.

36 yillik tanaffusdan so‘ng mundialga chiqqan Kanada “oltin avlod” deya ataladigan jamoa vakillariga jiddiy qarshilik ko‘rsatgani bor gap. Xatto ular Belgiya darvozasi tomon 21 ta zarba berdi.

photo_2022-11-24_12-59-16

Shu tariqa, Belgiya mundiallardagi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda. Belgiyaliklar oxirgi marta 1994 yilgi jahon chempionati guruh bosqichida Germaniyaga 2:3 hisobida yutqazgandi. 1998 yili jamoa uch durang qayd etgan. 2002 yili bir g‘alaba va ikkita durang. 2014 va 2018 yilda uchtadan g‘alabani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygandi. Bu galgi mundialda esa seriyani davom ettirmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!