
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 1-tur ramziy terma jamoasi
Bosh murabbiy: Piter Xyuistra (“Paxtakor”)
Superliga joriy mavsumining dastlabki turini tom ma’noda bezab bergan uchrashuv Qarshida bo‘lib o‘tdi. “Nasaf” g‘alabasi chempionat intrigasi nuqtai nazaridan, ancha qiziqarli bo‘lishi mumkin edi. Biroq, yakunda “sherlar” iroda ko‘rsatdi. Xyuistra jamoasidagi kurashuvchanlik hissi bu o‘yinni tarixiy bahsga aylantirdi.
Murabbiyning o‘zgarishlardagi topqirligi uchrashuv kartinasining o‘zgarib ketishiga sabab bo‘ldi. Biz biroz oldinlab aytishimiz mumkinki, markaziy o‘yinda g‘alaba qozongan “Paxtakor”dan ko‘proq futbolchini ramziy jamoamizga kiritsak, adolatdan bo‘lardi. Biroq, hech bir futbolchi yarq etib ko‘rinmadi hamda hech qaysisi o‘z pozitsiyasida 90 daqiqalik barqaror futbol namoyish etmadi. Shu sababli, ular o‘rnini ham klub murabbiyi bilan to‘ldirishga harakat qildik.
Darvozabon: Shirinboy Abdullaev (“So‘g‘diyona”)
Jizzaxliklar postiga “Navbahor”ning yo‘l topolmay qolishi shunchaki omadga qarab qolgan ish emasdi. Shirinboy Abdullaev darvozasi Panchshanbe, Ahmedov va Solovyov kabi futbolchilar tomonidan tinimsiz o‘qqa tutib turildi. Baqoev jamoasining Namangandan 3 ochko bilan qaytishida ushbu posbonning xizmatlari beqiyos.
Chap qanot himoyachisi: Murod Toshmatov (AGMK)
AGMKning “Lokomotiv”ga qarshi bo‘lib o‘tadigan bellashuvi boshqa turlarda eng markaziy maqomini hech kimga bermasligi mumkin edi. Ammo ushbu tur o‘zbek “klasiko”si ham bor edi. Shu boisdan, ushbu qarama-qarshilik 2-planga o‘tib qoldi.
Aslida, ochilish kunida bo‘lib o‘tgan bahs o‘z nomiga xos va mos tarzda kechdi. Yangilangan o‘zbek grandlarining har ikkisi g‘alabaga haqli o‘yin namoyish etdi. Ammo yakunda tajribali Qosimov portugaliyalik hamkasbidan ustun keldi.
Bunga uchrashuv avvalida kiritilgan tezkor gol ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Murod Toshmatov esa, mana shu golga assistentlik vazifasini qoyilmaqom tarzda bajardi. Qolgan vaqt davomida ham chap qanot bo‘ylab to‘liq etakchilikni namoyish etdi.
Markaziy himoyachi: Marko Kolakovich (“So‘g‘diyona”)
Kolakovich boshliq himoyani mukammal o‘yin o‘tkazdi, deya olmaymiz. Boisi, “lochinlar”ning juda ko‘plab hujumlari yakuniy zarbagacha etib bordi. Ammo ularning aksariyati jarima maydoni tashqarisidan berildi. Bu mudofaadagilarning o‘ta tartibli harakat qilishi ortidan keladigan narsa.
Shuningdek, serbiyalik futbolchi jizzaxiklarning standartlar vaqtidagi asosiy quroli hisoblanadi. Joriy turda uning jamoasi “quruq o‘yin” o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Markaziy himoyachi: Davronjon Ergashev (“Bunyodkor”)
“Qaldirg‘ochlar”ning tojikistonlik himoyachisi “Mash’al”ga qarshi o‘yinda himoya markazida ancha ishonchli harakat qildi. Murtozoev Superligamizdagi eng mehnatkash hujumchilardan biri hisoblanadi. Uni to‘xtatib qolishda va jamoaning qolgan futbolchilarini zararsizlantirishda Ergashevning harakatlari benazir bo‘ldi.
Mutlaqo yopiq muhitda o‘tgan “Bunyodkor” - “Mash’al” uchrashuvining mezbonlar foydasiga hal bo‘lgani ham himoyachining xizmati qiymatini oshirib beradi.
O‘ng qanot himoyachisi: Murod Xolmuhammedov (“Qo‘qon-1912”)
Qo‘qonliklar sardori Murod Xolmuhammedov derbi doirasida o‘z jamoasiga g‘alaba keltirgan murakkab golga mualliflik qildi. Ha, bu erda darvozabon va jonli devordagilarning ham xatosi sabab to‘p darvoza to‘ridan joy oldi. Biroq, ushbu himoyachi ijrosida birinchi bor bu kabi gollarni ko‘rmayapmiz-ku, to‘g‘rimi?! Yangi mavsumda ham “shunqorlar”ning bor kuchi Xolmuhammedovning jarima zarbalarida jamlanadi, chog‘i.
Markaziy yarim himoyachi: Jasur Yoqubov (“Surxon”)
Birinchi turda biror bir o‘yinda durang natija qayd etilmadi. Kuchlar teng kelishi kerak bo‘lgan uchrashuvlar qatorida “Surxon” - “Metallurg” bahsi ham bor. O‘yin davomida tengma-teng bahs yuritgan jamoalarning to‘qnashuvida Jasur Yoqubovning 90-daqiqadagi gol muvozanatni buzdi. Aks holda, ikkala jamoa ham 1 ochkodan bo‘lishib olishni mo‘ljallay boshlagan va allaqachon oldindagi bellashuvlarga ruhan tayyorlanayotgan edi. Yagona gol muallifi sifatida uni ramziy jamoamizga kiritishga qaror qildik.
Markaziy yarim himoyachi: Sardor Sobirxo‘jaev (“Paxtakor”)
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, “Paxtakor” safidan ramziy terma jamoadan o‘rin olishga loyiq futbolchi topishga ancha qiynaldik. Sababi, barcha futbolchilar 70 daqiqa deyarli ko‘rinmagandi. Ikkinchi taym ekvatoridagi o‘zgarishlar ta’sirida natija toshkentliklar tomoniga og‘di.
Aslida, bu joyga Sanjar Qodirqulovni ham qo‘yish rejamiz bor edi. Biroq, “sherlar” muxlislarining haqli e’tirozlarining oldini oldik. O‘sha kuni Sobirxo‘jaev amaldagi chempionlar safida eng uzoq muddat yaxshi harakat qilgan futbolchi bo‘ldi.
Markaziy yarim himoyachi: Oybek Qilichev (“Qizilqum”)
Hamidjon Aktamov “Qizilqum”da qurayotgan jamoasining asosini aynan Qilichev ustida shakllantirmoqda. Jamoada u tom ma’nodagi etakchi. “Andijon”ga qarshi qiyin bellashuvda ham uning yagona goli navoiyliklarga g‘alaba keltirdi. O‘yinning qolgan qismida ham Oybekning bir qator xavfli zarbalariga guvoh bo‘ldik.
Markaziy yarim himoyachi: Shohmalik Komilov (“Nasaf”)
“Nasaf” akademiyasining navbatdagi iqtidorli tarbiyalanuvchisi jamoada yangi ko‘rinish berayotgan yoshlar ham avvalgilaridan qolishmasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Hujumga ancha yaqinroq harakat qilgan Komilov ilk turdayoq “Paxtakor” darvozasini ishg‘ol etdi. Shokir Yo‘ldoshev kiritgan ikkinchi golda ham Komilov ishtirokini kichik hajmda bo‘lsa ham, ko‘rishimiz mumkin.
Ha, uning o‘rniga Oybek Bozorov variantini ham o‘ylab ko‘rishimiz mumkin edi. Ammo gollardagi ishtirok uchun Shohmalikni tanladik va u butun boshli “Nasaf” jamoasi nomidan ramziy jamoamizga kirdi. Zero, qarshiliklar mag‘lubiyatga loyiq futbol namoyish etmadilar.
Markaziy hujumchi: Elvin Fortes (AGMK)
Niderlandiyalik futbolchining xaridi birinchi turga qarab fikr bildiradigan bo‘lsak, omadli chiqdi. Ammo oldinda butun bir mavsum kutib turibdi va xulosa qilishga shoshmay turamiz.
“Lokomotiv”ga qarshi o‘yindagi ilk golni urishidan tashqari Fortes 90 daqiqa mobaynida o‘z qanotida “temiryo‘lchilar” himoyachilarini yaxshigina ter to‘kishga majbur etdi. OKMK stadioniga yig‘ilgan muxlislar bir necha marotaba uning chiroyli harakatlarini olqishlab, qarsak chaldilar.
Markaziy hujumchi: Ibrohim Tomiva (“Bunyodkor”)
Afrikalik futbolchi “Mash’al”ga qarshi kechgan bahsda ancha faol harakat qildi. “Qaldirg‘ochlar”ning uzil-kesil boshqaruvga ega bo‘lmagan murabbiyi uning hujum markazida to‘p kutishini to‘g‘ri, deb bildi. Gbadamosi buni a’lo darajada bajardi va ikkinchi taym avvalida raqib jarima maydoniga uzatilgan to‘pga o‘z vaqtida oyoq qo‘yib qolishga erishdi. Teng tarzda bo‘lib o‘tgan bunday uchrashuvlarda bir tarafning yagona gol evaziga g‘olib kelganini bu tur ko‘p ko‘rdik. Urgan goli jamoasiga 3 ochko keltirganlar qatorida Tomiva ham bor edi va biz uni ramziy jamoamizga kiritdik.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar