
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (18-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Portugaliya alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradi deyilmoqda. Lekin Ronaldu boshchiligidagi yulduzlar, Ispaniya, Belgiya va Xorvatiya kabi Marokash darvozasiga gol ura olmadi. Demak, Marokashning natijasi sensatsiya emas!
Angliya - Frantsiya uchrashuvi finaloldi finalga qiyoslandi. Favoriti yo‘q bellashuvda frantsiyaliklar g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l odi. Ular 24 yillikdagi eng yaxshi amaldagi chempion bo‘lib turibdi.
Marokash - Portugaliya 1:0
Chorak finalning uchinchi bahsi Marokash va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasida kechdi. Afrika va Evropa vakillari o‘rtasidagi mazkur to‘qnashuv taqdirini yagona gol hal etdi va Marokash o‘ziga xos tarix yozgan holda mundial yarim finaliga yo‘l oldi.
42-daqiqada Yussuf En-Nesiri qanotdan etkazib berilgan to‘pni baland sakrab raqib darvozasiga kiritdi. Bu vaziyatda darvozabon to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘yganini ham ta’kidlash lozim.
Ikkinchi bo‘limda Santush tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdi, zaxiradan Ronaldu maydonga tushdi. Biroq kech bo‘lgandi. O‘z tarixida ilk bor chorak finalda o‘ynagan Marokash endi yarim finalga yo‘l oldi.
Yagona gol muallifi En-Nesiri Marokashning barcha mundiallar pley-off bosqichidagi ilk golini urdi. Shuningdek, u dunyo birinchiligida 3 ta to‘p kiritgan marokashlik dastlabki futbolchiga aylandi.
5 ta o‘yindan so‘ng Marokash terma jamoasiga raqib futbolchilari gol ura olmayapti. O‘tkazib yuborilgan bitta to‘p avtogol sifatida qayd etilgan.
"Atlas sherlari" jahon chempionati yarim finaliga chiqqan Afrika tarixidagi dastlabki jamoa bo‘ldi. Bundan oldin ushbu qit’ada biror terma jamoa bunday natija qayd etmagan.
2004 yildan beri birinchi marotaba Krishtianu Ronaldu Portugaliya safida qatorasiga ikki marta zaxirada qoldirildi. Shuningdek, Ronaldu terma jamoadagi xalqaro uchrashuvlari sonini 196 taga etkazdi. Bu jahon rekordi hisoblanadi.
Krishtianuning bu o‘yinda gol kirita olmagani uni "qora an’ana"si davom etishini bildiradi. Hujumchi mundialning pley-off o‘yinlarida biror marta ham gol ura olmagan. U pley-off bosqichlarida 570 daqiqa o‘tkazgan va raqiblar darvozasiga 27 ta zarba yo‘llagan.
Ronalduning jahon chempionatidagi eng yaxshi natijasi 4-o‘rin hisoblanadi. U va jamoasi 2006 yilgi mundialning yarim finalida Frantsiyaga mag‘lub bo‘lib, 3-o‘rin uchun kurashda Germaniyaga engilgan. Oxir-oqibat, chempionatda 4-pog‘onani olgan.
Ushbu bellashuvdan so‘ng Pepe terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. U Portugaliya safida 133 uchrashuvda ishtirok etib, 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
Marokash antirekord qayd etib ham tarix yozmoqda. Gap shundaki, Regragi shogirdlari jahon chempionatlari tarixida to‘pga egalik qilish darajasi bo‘yicha juda past ko‘rsatkich qayd etmoqda. Jamoa bu borada turnirning ilk yarim final ishtirokchisi bo‘ldi. Hatto, 1998 yilda bronza medaliga ega chiqqan Xorvatiyada ham natija biroz yaxshiroq edi. Musobaqa yarim finalchilarining hech biri jahon chempionatini 40 foizdan kam to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi bilan yakunlamagan. Marokash esa bu bo‘yicha birinchi jamoaga aylandi.
Tarixiy g‘alaba qayd etgan Marokash yarim finalda Frantsiya bilan to‘qnash keladi. Portugaliya alamli tarzda mundial bilan xayrlashdi.
Angliya - Frantsiya 1:2
Chorak finalning oxirgi o‘yinida Angliya va Frantsiya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Favoritni taxmin qilish qiyin bo‘lgan bahsda frantsiyaliklar 2:1 hisobida zafar quchdi.
17-daqiqada Grizmann hujumni davom ettirib, Tchuameniga pas berdi. U esa uzoq masofada bo‘lishiga qaramay, kuchli zarba bilan hisobni ochdi.
Tanaffusdan so‘ng inglizlar penalti ishladi. Xarri Keyn 11 metrlik nuqtadan gol urib, muvozanatni tikladi. Ammo 78-daqiqada Jiru katta sahnaga chiqdi. Grizmann chap qanotdan uzatgan to‘pni Jiru to‘rga yo‘lladi. Antuan jamoasining ikkala golida ham assistni amalga oshirdi.
Angliyada yana bir imkoniyat bo‘lgandi. 84-daqiqada Harri Keyn penaltidan noaniq zarba yo‘lladi. Shu tariqa, Frantsiya yarim finalga yo‘l oldi. Frantsiya terma jamoasi o‘z tarixida ettinchi marta yarim finalga chiqdi. 1982/1986 yillardan beri ketma-ket 2 ta jahon chempionatida yarim finalgacha etib borgan birinchi jamoaga aylandi.
Angliya ushbu mundialda 13 ta gol urib, o‘z tarixida bitta yirik turnirda eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘ldi.
Frantsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham jahon chempionatidagi 17 o‘yindan 13 tasida g‘alaba qozongan. Frantsiyalik murabbiy hisobida 2 durang yana shuncha mag‘lubiyat mavjud. U sermahsullik borasida faqatgina Portugaliya va Braziliya terma jamoalarida ishlagan Luis Felipe Skolari (14) va germaniyalik Xelmut Shen (16)dan ortda qolmoqda xolos.
Frantsuzlar 24 yil ichida mundial yarim finaliga chiqqan birinchi amaldagi jahon chempioni bo‘ldi. E’tiborlisi, 1998 yilgi jahon chempionatidan keyin birinchi marta amaldagi chempion mundial yarim finaliga yo‘l oldi. O‘shanda Braziliya 1994 yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan holda 1998 yilgi mundial finaliga qadar etib borgan va hal qiluvchi o‘yinda Frantsiyaga imkoniyatni boy bergandi.
Rekordlarga keladigan bo‘lsak, uchrashuv davomida "uch sherlar" himoyachisi Jon Stouns pas berish aniqligi bo‘yicha 100 foizlik natija qayd etdi. Uning 72 ta uzatmasi sheriklariga aniq etib borgan, bu esa jahon chempionati rekordidir. Stouns 1974 yilda germaniyalik Paul Braytner qayd etgan natijadan (57/57) o‘zib ketdi.
Angliyaga qarshi uchrashuv Ugo Loris uchun terma jamoa safidagi 143-o‘yin bo‘ldi va u Lilian Tyuramni ortda qoldirdi. Tyuram terma jamoa libosida 142 ta o‘yin o‘tkazgan. Endi 35 yoshli darvozabon bu borada Frantsiya safida mutlaq rekordchiga aylandi.
54-daqiqada Xarri Keyn penaltidan gol urib, terma jamoaning eng yaxshi to‘purari Ueyn Runining natijasini takrorladi. Endilikda, har ikkala hujumchi hisobida 53 tadan gol bor. Keyinroq, Angliya sardorida gol urish uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi. Hakam amaldagi jahon chempionlari darvozasiga o‘n bir metrli jarima belgiladi. Biroq, Keyn bu imkoniyadan foydalana olmadi.
O‘yinda Jud Bellingem “uch sherlar” tarixida ushbu bosqichda maydonda tushgan eng yosh futbolchiga aylandi (19 yosh, 164 kun). Undan oldingi natija Ueyn Runiga tegishli. Sobiq futbolchi 2006 yilgi mundialda Portugaliyaga qarshi bahsda harakat qilgandi (20 yosh, 250 kun). Bellingem Qatardagi mundialda jamoaning muhim futbolchilaridan biriga aylandi. U barcha o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonga tushdi. 19 yoshli yarim himoyachi bitta gol va 2 assistni o‘z nomiga yozdirib qo‘ydi.
Fikrlar