Superklub Shomurodov bo‘yicha muzokara boshladi

  • 25.06.2021 17:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol

O‘zbekiston milliy terma jamoasining bugungi kundagi eng yorqin yulduzi Eldor Shomurodov faoliyatini Turin superklubi “Yuventus”da davom ettirishi mumkin.

Italiyalik mashhur jurnalist Nikolo Shiraning ma’lum qilishicha, “Yuventus” rahbariyati “Jenoa”da o‘zini ko‘rsatgan Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqmoqda.

Manbaning ma’lum qilishicha, payshanba kuni kechqurun “Yuventus” va “Jenoa” mutasaddilari futbolchimizning agenti Valero Juffrida ishtirokida muzokaralarni boshlagan. Uchrashuvda turinliklar o‘zbek futbolchisi haqida batafsil ma’lumot so‘ragani aytilmoqda.

186402498_4571030329574518_4095748300717632062_n

Aslida “Yuventus” Eldor Shomurodovga qishki transferlar vaqtida qiziqish bildirgani anchagina shov-shuv bo‘lgandi. Garchi o‘shanda ko‘pchilik bu yangilikni mish-mish sifatida baholagan bo‘lsa-da, keyinchalik “Jenoa” prezidenti Enriko Pretsiozi “Yuventus” haqiqatan Eldorga qiziqish bildirib, klubga murojaat qilgani biroq genuyaliklar mavsum oxiriga qadar o‘zbek hujumchisini qo‘yib yubormasligini ta’kidlaganini ma’lum qilgan.

Yakunlangan mavsum natijalariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda ilk bor skuddettodan quruq qolgan “Yuventus”ni katta o‘zgarishlar kutmoqda. Jamoa bosh murabbiyligiga tajribali mutaxassis Massimiliano Allegri taklif etildi. Bu mutaxassis Krishtianu Ronaldu boshchiligida yoshi katta futbolchilarning aksariyatidan voz kechmoqchi. Unga yosh va chaqqon o‘yinchilar kerak bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Italiya futboli tahlilchilari Eldor Shomurodov qaysi sifatlari bilan “Yuventus”  e’tiborini tortayotganini aniqlashga ham ulgurdi. Unga ko‘ra, birinchi navbatda, hozir “Yuventus” zaxirasida hujum markazida o‘ynay oladigan futbolchi yo‘q. Tarkibdagi yagona klassik hujumchi “Atletiko”dan ijaraga olingan Alvaro Morata. Allegri uning o‘yin uslubini yoqtiradi va klub rahbarlaridan ijara muddatini uzaytirishni so‘ragan. Agar kelishuv o‘xshamasa, jamoa markaziy hujumchisiz qoladi. Demak, “Yuventus” Morataning o‘rnini bosa oladigan markaziy hujumchiga muhtoj. Shomurodov bu borada turinliklar uchun juda mos nomzod.

Koronavirus pandemiyasi ta’sirida “Yuventus”da ham moliyaviy inqiroz kuzatilmoqda va shu bois, yulduz hujumchilarni olish uchun ularda ortiqcha pul yo‘q. Yangi hujumchi uchun birlamchi talab shuki – transfer qimmat bo‘lmasligi lozim. Shomurodov bu borada ham  munosib nomzodligi aytilmoqda. “Jenoa” uni 7,5 million evroga olgan va 12-15 million evroga sotib yuborishga qarshi bo‘lmaydi. Bu narx turinliklarni qoniqtiradi va Eldor katta maosh talab qiladigan futbolchilar toifasidan emas.

188820963_4594879030522981_2010112570728553990_n

Yana bir muhim jihat – Shomurodov zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, natijaga ta’sir o‘tkaza oladigan futbolchi. Yakunlangan mavsumda hamyurtimiz ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qildi va bir marta golli pas oshirdi, bir necha marta golli vaziyatlarda bevosita ishtirok etdi.

Allegri Morataning o‘yin uslubini yoqtirishini aytib o‘tdik. Shomurodov ispan hujumchisi bilan bir tipdagi hujumchi hisoblanadi. Har ikkilasi baland bo‘yli va juda harakatchan. Ikkisi ham himoyaga qaytib o‘ynashni yaxshi uddalaydi va maydon ichiga hamda qanotlarga o‘tib, samarali harakatlarni amalga oshira oladi. Eng muhimi, Massimiliano Allegri aynan mana shu xususiyatlarga ega hujumchilarni qadrlaydi. Va uning qo‘l ostida Morata avval ham “Yuventus”da zo‘r o‘ynagan. Shuning uchun ham ispan hujumchisiga o‘xshagan o‘yin uslubini yaxshi o‘zlashtirgan Shomurodov ham Allegri bosh murabbiyligida o‘zini ko‘rsata oladi, degan umid paydo bo‘lmoqda.

Bundan tashqari. Eldor Shomurodov professional futbolchi sifatida o‘zida jamlagan tezkorlik, kurashuvchanlik, mehnatsevarlik, bosh bilan o‘ynash, so‘nggi pas berish, golni his qilish, dribling, himoyalanish, baland sakray olish, to‘pni olib qo‘yish kabi xususiyatlari va shuningdek, kamtarlik, axloq, bag‘rikenglik, futbolni puldan ustun qo‘yish, kamchiliklari ustida ishlashdan qochmaslik, muomala madaniyati singari umuminsoniy fazilatlari bilan ham har qanday murabbiyning e’tiborini qozona oladi.  

18597042_0_36_1917_1114_1920x0_80_0_0_7c89eaf106c4f69f4531bbd3decf87a3

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, ayni paytda sport nashrlari “Yuventus” va Eldor Shomurodov masalasiga e’tibor qaratmoqda va bu borada xabarlar oqimi kengyib bormoqda. Biz ham kuzatishda davom etamiz!

 Rasman! Rossiya klubi chempion futbolchimizni oldi!

“Jenoa” muxlislari Shomurodovning ketib qolishidan xavotirda!



Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
LiViRpUl+ GeNeO
25/06/2021 17:35
Shoshilmagani maqul 7 olchab bir kesgani maqul