Superliga. 6-turning 6 ta eng zo‘r futbolchilari

  • 8 may, 2024, 09:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 6-turli deyarli yakunlandi. Faqatgina “Dinamo” – “Olimpik” o‘yini qoldirilgan. Bo‘lib o‘tgan 6 ta uchrashuv esa o‘ziga yarasha holatlari bilan esda qoldi. Tabiiyki, bellashuv qahramonlari ham bo‘ldi. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.

Tecno

“Andijon” – “So‘g‘diyona”  - 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Lyupcho Doriev

Chempionatning 6-turini boshlab bergan “Andijon” – “So‘g‘diyona” qarama-qarshiligida birgina gol uchrashuv taqdirini hal qildi. Legioner o‘yinchi Lyupche Dorievning yagona goli mehmonlarga juda muhim g‘alabani taqdim qildi. Yakunda esa Doriev eng yaxshi o‘yinchiga aylandi. U o‘tgan yili ham andijonliklar darvozasini ishg‘ol qilgandi.

“Navbahor” – “Lokomotiv” – 4:0. Eng yaxshi futbolchi: Odil Hamrobekov

Samvel Babayan jamoasi bu turda “Lokomotiv”ni qabul qildi va raqibini 4:0 hisobida dog‘da qoldirdilar. Odil Hamrobekov “Navbahor” safida ajralib turdi va o‘zi ham bitta golga mualliflik qildi. U o‘z pozitsiyasida bexato o‘yin ko‘rsatdi. Shu bilan birga raqibini zararsizlantirishda ham faol bo‘ldi.

“Bunyodkor” – “Surxon” – 0:2. Eng yaxshi futbolchi: Muhammadali Abdurahmonov

“Surxon” klubi Toshkentda “Bunyodkor” maydonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Muhammadali Abdurahmonovning dubli evaziga qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Bahs taqdiri aynan birinchi bo‘limdayoq hal etildi. Bunday bellashuvda ikkita gol urib “Surxon”ning g‘alabasini ta’minlagan futbolchi so‘zsiz eng yaxshisi bo‘lishga haqli.

“Qizilqum” – “Neftchi” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Shahboz Jo‘rabekov

Qarshida bo‘lib o‘tgan “Qizilqum” – “Neftchi” to‘qnashuvida mehmonlar g‘alabaga yaqin kelib qolgandi. Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda “Qizilqum” himoyachisi Shahboz Jo‘rabekov gol urib hisobni tenglashtirdi va natijada tomonlar bir ochkodan bo‘lishib oldilar. Yakunda esa Jo‘rabekov eng yaxshi o‘yinchi deb topildi. U gol urishidan tashqari ham “Qizilqum” safida shu kuni faolligi bilan ajralib turgandi. “Neftchi” ikkinchi bo‘limda hisobni ushlab qolish uchun o‘ynagani ularga qimmatga tushdi.

“Paxtakor” – “Metallurg” – 4:3. Eng yaxshi futbolchi: Kimi Merk

Nihoyat, Maksim Shatskix jamoasi ham g‘alaba qozondi. Lekin oson bo‘lgani yo‘q. Bir qarashda osonroq tuyulgan bo‘lishi mumkin. Biroq “Metallurg” ham “Paxtakor”ning ojiz nuqtalarini topa oldi. Lekin hisobni tenglashtirishga vaqtlari etmay qoldi. “Paxtakor” safida dubl qayd etgan Kimi Merk bahsning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Darhaqiqat, u o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi va jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.

OKMK – “Nasaf” – 3:4. Eng yaxshi futbolchi: Oybek Bozorov

Turning markaziy o‘yini o‘zini to‘la oqladi. Darvozalarga jami 7 ta gol urildi va unda “Nasaf” 3:4 hisobida g‘alaba qozondi. Shu kuni tan olish kerakki, mehmonlar futbolchisi Oybek Bozorov maydonda katta hajmdagi ishni bajardi. U jamoasining tezkor hujumlarini uyushtirishda nihoyatda faol bo‘ldi va OKMK futbolchilariga uni qo‘riqlash katta muammolarni keltirib chiqardi. Maydondagi barcha o‘yinchilardan u ajralib turdi. Shubhasiz, Bozorov ushbu bahsning eng yaxshisi edi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!