
Superliga davom ettirilsa, haftada necha marta o‘yin o‘tkaziladi? Yoki "Surxon" ustozini tashvishga solayotgan holat nima?
Mavsumning dastlabki uch turida uch ochko to‘plagan “Surxon”da allaqachon bosh murabbiy o‘zgarganidan xabaringiz bor. Dastlabki turdan keyinoq jamoaga farg‘onalik Bahrom Haydarov yangi bosh murabbiy etib tayinlangandi. Uning boshchiligidagi jamoa esa shundan keyin bir g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etdi.
Hamma murabbiylar qatori Haydarovning ham yuz bergan mavjud vaziyat tufayli rejalari butkul o‘zgarib ketgani shubhasiz. Hozirda u ham hamkasblari qatori o‘yinchilarini masofadan turib boshqarmoqda. O‘z navbatida termizliklarning yangi murabbiyini bu borada xavotirga solayotgan jihatlar ham yo‘q emas.
- Albatta, futbolchilarning o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgani murabbiy sifatida meni xavotirga soladi, - deya gap boshladi, Haydarov. - Bu haqida kuni kecha ham klubdagilar bilan gaplashgandik. Baribir individual shug‘ullanish o‘ziga yarasha yaxshi effekt bermaydi. Hech bo‘lmaganda, sport zali bo‘lishi kerak. Aslida esa bu ham futbol uchun etarli emas.
Boshida yigitlarga javob berib yuborganimizdan keyin kamida bir-ikki oyga futbolchilar bilan ko‘risha olmasligimiz aniq bo‘lgandi. So‘ng murabbiylar shtabi bilan alohida dastur ishlab chiqdik. Natijada har bir o‘yinchimizga alohida yuklamalar berganmiz. To‘g‘ri, ularni qanday shug‘ullanayotganini telefon orqali kuzatib turibmiz. Lekin, baribir futbolchi o‘z ishini berilib bajarmas ekan, masofadan boshqarish qiyin bo‘lib qolaveradi. Ya’ni, ishlar siz o‘ylagandek ko‘ngildagidek chiqmaydi.
Agar chempionatning boshlanish sanasi aniq bo‘lsa, 10-15 kun oldin mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun ham ruxsat beriladi. Ammo bunday holatga birinchi bor tushib turibmiz. Hech kim ilgari bu kabi vaziyatga duch kelmagani uchun tajriba ham yo‘q. Axir futbol boshlaniboq yana ikki oy muddatga majburiy dam olish, bunaqasi bo‘lmagan. Biz esa endi birinchi o‘rinda futbolchilarimizning funktsional holatini, o‘yin ritmini me’yoriga keltirib olishimiz lozim.
Murabbiylarni futbolchilarining ortiqcha vaznga ega bo‘lib qolishlari ham tashvishga solayotgan bo‘lsa ajab emas. Ayrim mutaxassislar esa vaqti kelib jamoa yig‘ilganida o‘yinchilarning ortiqcha vaznga ega bo‘lib qaytishsa ularga jarima qo‘llanilishi mumkinligi borasida ham eshitib turibmiz. Biroq Bahrom Haydarov “Surxon”da bunday ish qilmasligini aytdi.
- Bilasizmi, bizda vaziyat boshqacharoq. Qo‘rqitish bilan majburlash to‘g‘ri kelmaydi. Jarimani boshqa narsalarga, aytaylik tartib-intizomni buzishganiga qo‘llasangiz bo‘ladi. “Surxon”da ko‘pni ko‘rgan, tajribali, professional o‘yinchilar yig‘ilgan. Shu bois ular har qanday holatda ham o‘zlarini nazorat qila oladilar, deb o‘ylayman.
Baribir xohlasak-xohlamasak ham ayrimlarida ortiqcha vazn kuzatilishi mumkin. Bunday holat ilgari o‘zimda ham kuzatilgan. Ammo bir hafta ichida futbolchi mashg‘ulotlarda shug‘ullanib ortiqcha vazndan qutulishi muammo emas. Aytmoqchimanki, hozirgi sharoitda futbolchilar uyda ming individual shug‘ullanishgani bilan baribir ortiqcha vaznga ega bo‘lib qolishlarining ehtimoli yuqori. Shu bois yig‘ilib, jamoadagilar bilan ko‘rishganimizda yana hammasini o‘z nazoratimizga olamiz.
Hozirda asosiy mavzu chempionatning qachondan boshlanishi bo‘lib turibdi. Agar mavsumni davom ettirish sanasi aniq bo‘lsa, jamoalar bir necha kun avval mashg‘ulotlarga kirishadilar. Demak, hamma qatori murabbiylar ham tezroq jamoalari bilan shug‘ullanishlarini kutmoqdalar. Haydarov esa haftada necha marotaba o‘yin o‘tkazish mumkinligini aytdi.
- Tanishlar bilan gaplashganimizda va internetni kuzatganimizda ko‘p joylarda taxminan iyun oyining 10-sanalaridan chempionatning boshlanishiga ruxsat berilishi mumkin degan, gap-co‘zlar yuribdi, lekin hali hech narsa tasdiqlangani yo‘q, - deya mavzuni davom ettirdi, “Surxon” ustozi. - Agar chindan ham yangi oydan mavsum davom ettiriladigan bo‘lsa, haftada ikki marta – chorshanba va shanba kunlari o‘yinlarni o‘tkazish mumkin, aks holda hech nimaga ulgurmay qolamiz.
Yodingizda bo‘lsa, qishki yig‘inda futbolchilar ta’tildan qaytishgach, ularga og‘ir yuklamalar berilardi va haftada ikki marta o‘yin o‘tkazilardi. O‘ylaymanki, bu katta fojea hisoblanmaydi. Ilgari bir yarim oycha dam olardik va keyin mashg‘ulotlarga kirishardik. Hozir ham deyarli shunga o‘xshash holatdamiz. Menimcha, mashg‘ulotlarga ruxsat berishsa dastlab Toshkentda to‘planishni rejalashtirib turibmiz.
“Surxon” bu yil katta marralar sari kurashga kirishgandi. Jamoa oldiga kuchli uchlikdan joy olish vazifasi qo‘yilgani o‘ylaymizki, fikrimizni to‘la-to‘kis isbotlaydi. Lekin mavjud vaziyat sababli maqsad hali ham o‘z kuchida turibdimi?
- Hozir hamma – 14 ta jamoa bir xil ahvolda. Oxirgi paytlarda bir-ikkita klublarning engil shug‘ullanib turibdi, degan gap-so‘zlarni ham eshitib turibmiz. Ammo ular ham bizdan u qadar o‘tib ketib qolmasa kerak. Shu bois hozirgi tanaffus barchaga bir xil ta’sir qiladi deb o‘ylayman. Vazifamiz o‘zgarishsiz qoladi. Dam oldik, endi maqsadimiz boshqacha bo‘ladi, degan gaplarga o‘rin yo‘q. Biz har qanday vaziyatda ham vazifamiz uchun oxirigacha kurashamiz.
Fikrlar