Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ladimi?
Kecha italiyalik jurnalist, insayder Fabritsio Romano O‘zbekiston futbol terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlanishi haqida yozdi. Unga ko‘ra, jamoani 2006 yilda Jahon chempioni bo‘lgan sobiq futbolchi, "Oltin to‘p" sohibasi Fabio Kannavaro boshqarishi mumkin.
Bu xabar futbol ishqibozlari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki Kannavaro futbolchi sifatida katta nom qoldirgan bo‘lsa-da, murabbiylik faoliyati unchalik ham muvaffaqiyatli kechmagan. U so‘nggi 12 yilda turli mamlakatlarda ishladi, ammo eng katta yutug‘i 2019 yilda Xitoyning "Guanchjou" klubi bilan qo‘lga kiritgan chempionlik bo‘ldi.
Futbol bo‘yicha ekspert Alisher Nikimbaev "Podrobno.uz" nashriga bergan fikrida Romanoning ma’lumotlariga ishonish mumkinligini ta’kidladi:
"Agar Fabritsio Romano yozgan bo‘lsa, demak, bu xabarning asosi bor. U o‘z obro‘sini xavf ostiga qo‘ymaydi", — dedi Nikimbaev.
Ekspertga ko‘ra, terma jamoada ishlash klubdan butunlay farq qiladi. Vaqt juda kam, imkoniyatlar cheklangan. Shuning uchun bosh murabbiydan kuchli taktik fikr va futbolchini tez anglash qobiliyati talab etiladi.
Kannavaro esa futbolchi sifatida dunyodagi eng kuchli himoyachilardan biri bo‘lgan. Uning katta tajribasi va intellektual salohiyati "Oq bo‘rilar" uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Futbol assotsiatsiyasi bir necha murabbiylar bilan muzokara olib borgani, ular orasida Yoaxim Lyov, Fatix Terim va Paulu Bentu ham bo‘lgani xabar qilingandi. Biroq, ular taklifni rad etgan. Shu bois, Kannavaro hozircha asosiy nomzod hisoblanmoqda.
Uning tayinlanishi O‘zbekiston futboli uchun katta intriga bo‘lib qolmoqda.



Fikrlar