
Mirjalol Qosimov OKMKning ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyati haqida qanday fikrda?
Superliganing 24-turi boshlandi. O‘tgan turda mag‘lubiyatga uchragan OKMK bu safar o‘z uyida “Qo‘qon-1912”ga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. O‘yindan keyin OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.
- G‘alaba qozonishni juda ham xohlagandik. Lekin o‘yinni boshidagi xatoimiz bizga qimmatga tushdi. Shogirdlarim ancha harakat qilishdi. Ammo oldimizga qo‘ygan maqsadga erisha olmadik. Muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. “Qo‘qon-1912” jamoasini g‘alaba bilan tabriklaymiz. Keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz. Shoshqaloqqlikka ko‘p yo‘l qo‘ydik. Bu tarixga aylandi. Kichkina ta’tilga chiqamiz. Oldimizda bundan ham qiyin uchrashuvlar kutyapti.
- OKMK “Bunyodkor”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratganidan keyin kutilmaganda ikkita o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. OKMK favorit edi va ochko olishi kerak bo‘lgan uchrashuvlarda yutqazib qo‘ydi...
- Masalan, “Andijon”da birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yuborganimizdan keyin ikkinchi bo‘limda tashabbus biz tomonda edi. Vaziyatlar yaratdik. Qolaversa, “Andijon” yaxshi himoyalandi. Bugun ham “Qo‘qon-1912” jamoasi boshida gol urib olib, keyin yaxshi himoyalandi. Ikkinchi raqam bilan qarshi hujumda o‘ynab ikkinchi golga ham harakat qilib ko‘rishdi. Maydon sifati ham achinarli holatda. Iloji boricha biz to‘p bilan muomala qilishga harakat qilamiz. Shu narsa ham bizga pand berib qo‘ydi.
- Abror Karimov boshida OKMKda o‘ynagandi. Endi esa u raqib safida to‘p suryapti va o‘zini ko‘rsatishga urinyapti...
- Albatta, u bizning o‘yinchimiz. Kelajakda ko‘p yordami tegadi. Qo‘qon jamoasiga o‘yin amaliyoti bo‘lishi uchun berganmiz. Bizda qolib ketishi mumkin edi. U erda o‘zi uchun ham harakat qilyapti va “Qo‘qon-1912” klubiga ham yordam beryapti. O‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapti.
- Bu yil darvozabonlarni xatolari ko‘payib ketdi. Bunga nima sabab deb o‘ylaysiz?
- Haqiqatan ham bu yil ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydik. Qanaqadir asabiy o‘tyapti. Chempionatimiz oson bo‘lmayapti. Quyi pog‘onadagi jamoalar bilan uchrashuvlarda ham kim yutishini hech kim bilmayapti. O‘sgan va shijoatli o‘tyapti. Bu ham ta’sir qilyapti. Dunyo futbolida ideal maydonlarda ham “qovun” tushirayotgan darvozabonlar ko‘p. Top klublarda ham shunaqa holatlar bo‘lib turadi.
Fikrlar