Superligaga kim loyiq, kim noloyiq?! G‘alabasiz jon saqlab qolish mumkinmi?

  • 20 oktabr, 2022, 21:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yana 4 turdan so‘ng joriy yildagi Superligamiz yakun topadi. Chempionatning eng qiziq joyi keldi. Ayniqsa, barchani birinchi navbatda chempionlik uchun kurashdagi intriga qiziqtiryapti. “Nasaf”, “Navbahor” va “Paxtakor” o‘rtasida ayovsiz “jang” davom etayotganini ko‘rib turibsiz. Hammasi oxirgi turga borib hal bo‘lishi katta ehtimol va bu muxlislardagi qiziqish va hayajonni yanada yuqori darajada ushlab turadi. Intriga o‘zi shunisi bilan rosa qiziq-da! Biz turnir jadvalidagi yuqori uchlik haqida biroz to‘xtalgandek bo‘ldik, xolos. Odatda, chempionatning shu paytiga kelganda beixtiyor quyi o‘rinlarda borayotgan klublarning taqdiri nima kechayotgani ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmasdan qolmaydi.

Tecno

Xo‘sh, quyida nima gaplar bo‘lyapti? “Dinamo” allaqachon taqdirga tan berib bo‘lgan-ov! Hisobida 9 ochko bilan oxirgi o‘rinda qolib ketdi. Oldindagi 4 ta turda deyarli hech kim Abramov jamoasining biror-bir mo‘’jiza ko‘rsatishiga ishonmayapti. Shu paytagacha hech bir natijani qoyillata olmagan “Dinamo” qolgan 4 ta o‘yinda nimadir qilishiga ishonyapsizmi? Ha, hali nazariy jihatdan imkoniyati bordek ko‘rinishi mumkin, lekin ma’lumot o‘rnida shuni aytmoqchimizki, “Dinamo” qolgan barcha o‘yinlarni yutgan taqdirda ochkolari 21 ta etadi va shunda ham “Lokomotiv” bilan “Qo‘qon-1912” qolgan hamma o‘yinda mag‘lub bo‘lsa, “Dinamo” pley-offga ilashib qolishi mumkin. Superligada to‘g‘ridan-to‘g‘ri jon saqlab qolish imkoniyatidan mahrum bo‘lib ulgurdi.

dinamo3_2

Superligadan pro ligaga 2 ta klub to‘g‘ridan-to‘g‘ri ravona bo‘lsa, 12-o‘rin egasi pro liganing 3-pog‘onasini band etgan klub bilan pley-offda o‘ynaydi va yutgani kelasi yili Superligada qatnashadi. “Dinamo” dastlabki omadsiz jamoaga aylanib ulgurdi, deyarli. Unga kim sherik bo‘ladi? Mana shunisi ancha qiziqroq. Chunki bunga asosiy da’vogarlar – “Surxon”, “Lokomotiv” va “Qo‘qon-1912”. Yanada aniqrog‘ aytsak, “Lokomotiv” bilan “Qo‘qon-1912” o‘rtasida asosiy kurash kechadiganga o‘xshab turibdi. Chunki qo‘qonliklar “Dinamo”dan keyin 13-o‘rinda va hisobida 18 ochko bor. “Lokomotiv”da 20 va “Surxon”da 23 ochko mavjud. Termizliklar o‘zlarini biroz xotirjam his qilayotgan bo‘lsalar ajab emas. Mavsum boshida ancha vaqt autsayder rolini “o‘ynab” keldi. Lekin klubdagi o‘zgarishlar o‘z samarasini beryapti. Avvaliga uzoq yillar “Qizilqum”ni boshqargan Hamidjon Aktamov “Surxon”da menejer sifatida ish boshladi. Keyin bosh murabbiy almashdi. Anxel Lopes o‘rniga yordamchisi Migel Alvares tayinlandi. Natija esa o‘zini uzoq kuttirmadi. O‘tgan turda “Surxon” Jizzaxda “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etib qaytdi. Oxirgi to‘rtta o‘yinnig 3 tasida g‘alaba va 1 tasida durang o‘ynadi. Durang qayd etilgan o‘yin “Paxtakor”ga qarshi bahsda yuz berdi. Qiziq, natijadagi bunday ijobiy o‘zgarishlarning asosiy sababchisi Aktamovmi yoki Alvares? Hartugul, mashg‘ulotlarda va o‘yinlar chog‘ida Alvaresning yonida Aktamovni ham ko‘rib qolyapmiz-da! E’tiborlisi, keyingi turda Hamidjon Aktamov o‘zining qadrdon, sobiq klubi – “Qizilqum”ga qarshi to‘qnash keladi. Umuman aytganda, “Surxon”ning keyingi raqiblariga to‘xtalsak, “Bunyodkor”, “Dinamo” va “Neftchi”ga qarshi o‘ynaydi. Bu erda safarda yoki uyda deb ajratib o‘tirmadik. Boisi, “Surxon” o‘zi shundoq ham hamma uchrashuvda mehmon sifatida o‘ynab kelyapti. Hali Termizdagi stadioniga qaytgani yo‘q. Shunday barqarorlikni davom ettirsa, jamoa albatta qoladi. Xullas, “Surxon” endi biroz engil tin olyapti.

surxon lopes_1

“Lokomotiv”dagi vaziyatdan xabardorsiz. Server Jeparov bosh murabbiy sifatida “temiryo‘lchilar” bilan 3 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etdi. O‘z uyida “Olimpik” klubiga imkoniyat boy berilgach, Jeparov iste’foga chiqarildi. Mavsumni Denis Korostichenko bilan boshlab, natijalar u qadar o‘xshamaganidan keyin uning o‘rniga aynan Server Jeparov tayinlangandi. Endi shu rokirovga qaytarildi. Denis Vladimirovich yana qaytdi, bosh murabbiy lavozimiga. Endi Mirko Yelichich bilan mavsumni tugatib qo‘yishadi. Klub keyingi turni “Paxtakor” maydonida o‘tkazadi. So‘ng Toshkentda “Navbahor”ni qabul qiladi. Jizzaxda “So‘g‘diyona” mehmoni bo‘lgach, mavsumni o‘z maydonida “Metallurg”ga qarshi uchrashuv bilan yakunlaydi. “Loko” qiyin vaziyatga tushib qolgan. Korostichenko va Yelichich tandemi qanday samara berishini kuzatamiz.

jeparov1_1

“Dinamo”dan keyin “Qo‘qon-1912” ham asosiy nomzodga aylanib qoldi. Ikkinchi davra boshidan Davron Fayziev bosh murabbiy sifatida ishlab kelmoqda. Ammo hali u jamoasi bilan g‘alaba nimaligini bilmay kelyapti. 6 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etildi. Toshkentda “Paxtakor”ga yirik hisobda imkoniyat boy berilgach, Qo‘qondan kelgan muxlislar Fayzievni tanqid qilib, uning iste’fosini so‘rashdi. Keyingi turlarda kimlarga qarshi o‘ynaydi? O‘z uyida “So‘g‘diyona”, mehmonda “Qizilqum”, Qo‘qonda “Bunyodkor” va Samarqandda “Dinamo”ga qarshi bahs bilan chempionatni yakunlaydi. Davron Fayziev jamoasi bilan ikkinchi davrani g‘alabasiz yakunlaydigan bo‘lsa, u holda pro ligada ko‘ramiz. Baribir katta ehtimol bilan hammasi oxirgi turga borib hal bo‘ladi. Ungacha siz bilan bizga qaynoq intriga taqdim etilaveradi.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!