Superligamizdagi o‘sha maqtalayotgan legionerlar va mahalliy etakchilar yana katta sahnada
Superliganing 20-turi ham tarixga aylandi. Unda turli xil natijalar qayd etildi. Tabiiyki, o‘zini ko‘rsatib, olqishlarga sazovor bo‘lgan futbolchilar namoyon bo‘ldi. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
“Paxtakor” – “Olimpik” – 6:0. Eng yaxshi futbolchi: Dragan Cheran
O‘tgan turda “Metallurg”ga uchralgan o‘ta alamli mag‘lubiyatdan so‘ng “Paxtakor” bor alamini bu turda “Olimpik”dan oldi. Boisi, ushbu uchrashuvda “Sherlar” yirik – 6:0 hisobida raqibini tor-mor keltirdi. “Paxtakor”ning faxriysi va etakchisi Dragan Cheran maydonni golsiz tark etgani yo‘q. 6 ta gol uriladiyu, unda Cheran bo‘lmasa, buni xazm qilish qiyin bo‘lib qolgan, shunday emasmi? Dragan shu yoshida ham yana to‘purarlar poygasida etakchilik qilyapti.
“Andijon” – “Neftchi” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Ildar Mamatkazin
Vodiy derbisidagi jangda g‘oliblik hech bir tarafga nasib qilmadi, darvozalar daxlsiz qoldi. “Andijon”ni sardor sifatida maydonga boshlab tushgan tajribali himoyachi Ildar Mamatkazin raqib hujumlarini qaytarishda o‘rnak bo‘ldi. U o‘z vazifasini a’lo darajada bajarib, haqli ravishda eng yaxshi futbolchiga aylandi.

“Navbahor” – “So‘g‘diyona” – 0:3. Eng yaxshi futbolchi: Vladimir Yovovich
“So‘g‘diyona” Namanganda mezbonlarni qanday nokautga uchratganini ko‘rgandirsiz-a? Birgina chernogoriyalik futbolchi Vladimir Yovovich o‘yin taqdirini hal qildi. Xet-trik qayd etgan bu o‘yinchidan boshqa eng yaxshi futbolchiga loyiq o‘yinchi bormi? Shubhasiz, Yovovichdan zo‘ri bo‘lmadi! U istagan uslubida mezbon jamoa darvozasini ishg‘ol qildi.
“Dinamo” – “Surxon” – 3:0. Eng yaxshi futbolchi: Anvar Hojimirzaev
“Dinamo”ning joriy mavsumdagi kashfiyoti Anvar Hojimirzaev deyarli har o‘yinda alohida e’tiborga loyiq ko‘rilyapti. U “Surxon”ga qarshi o‘tgan o‘yinda ham yana o‘z so‘zini aytdi. “Dinamo”ning yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvda samarqandliklarning birinchi goliga mualliflik qildi va qolgan gollarda ham qatnashib, g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.

“Qizilqum” – “Metallurg” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Elguja Lobjanidze
Uchrashuvning 2-daqiqasida “Qizilqum”ning gruziyalik legioneri Elguja Lobjanidzening yagona goli navoiyliklarga muhim uch ochkoni taqdim qildi. U gol urganiga yarasha bahsni yaxshi o‘tkazdi. Raqiblariga muammolar tug‘dirdi.
OKMK – “Lokomotiv” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Ruben Sanches
Mirjalol Qosimov o‘z uyida Toshkent derbisida qiyinchilikka duch keldi. O‘yin taqdirini yagona gol hal qildi. OKMKning ispan legioneri Ruben Sanches o‘zini ko‘rsatdi va goli bilan jamoasiga qimmatli uch ochkoni taqdim qildi. U jarohatidan so‘ng o‘z formasini tiklab olgani va OKMKga foyda keltirayotgani muxlislari uchun yoqimli.

“Bunyodkor” – “Nasaf” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Temurxo‘ja Abduholiqov
Ikkinchi davrada o‘yinini va natijalarini yaxshilab borayotgan “Bunyodkor” bu turda “Nasaf”ni qabul qilib, xarakter ko‘rsatdi. Jamoa 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatni 2:2 ga aylantirdi. “Bunyodkor” etakchisi hamda sardori Temurxo‘ja Abduholiqov esa yana faol. U zimmasiga katta mas’uliyat olgan holda maydonda chinakam liderlik qobiliyatini namoyish qilyapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar