"Surxon" yana o‘zgarishlar arafasida: Anxel Lopes klubdan ketganini aytdi. Hamidjon Aktamov-chi? U nima deyapti?

  • 1 sentabr, 2022, 01:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsum boshida “Surxon” klubiga bosh murabbiy etib tayinlangan ispaniyalk Anxel Lopes Superliganing 17-turidan keyin iste’foga chiqarilganligi ma’lum bo‘ldi.

Tecno

“Surxon” safarda AGMK jamoasiga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berganidan so‘ng Lopesning klubdan ketishi haqida gap-so‘zlar ko‘paydi. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida ispaniyalik mutaxassis bilan bog‘langanimizda u qiyin kun bo‘lganini va “Surxon”dan ketganini Sports.uz muxbiriga aytdi. Ammo yana shuni ham qo‘shimcha qildiki, murabbiy o‘zi ketmagan, balki uni ishdan bo‘shatishgan.

Lopes boshchiligida “Surxon” 17 ta o‘yinda 3 g‘alaba, 4 durang hamda 10 mag‘lubiyat bilan 13 ochko to‘plab 13-o‘rinni band etib turibdi. Klub oxirgi marta 18 iyun kuni 12-tur doirasida safarda “Dinamo”ni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. Shundan beri termizliklar ketma-ket mag‘lubiyatlar seriyasini boshidan kechirmoqda.

surxon4_2

Yaqinda saytimiz orqali “Surxon”ga Hamidjon Aktamovning bosh murabbiy bo‘lishi haqida xabar berdik. Tabiiyki, vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida uning o‘zi bilan ham aloqaga chiqdik.

“Bu yolg‘on, bunaqa gap yo‘q. Men “Surxon”ga bosh murabbiy bo‘lmayman, hammasi feyk xabar”, - dedi Aktamov Sports.uz muxbiriga.

aktamov_1

Bilasiz, “Surxon”ning AGMKga qarshi o‘yini oldidan Hamidjon Aktamov bosh menejer etib tayinlandi. Shundan so‘ng tabiiyki, uning keyinchalik jamoaga bosh murabbiy bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ham xabarlar chiqa boshladi. Mana, Lopes “Surxon”dan ketdi, buni uning o‘zi aytdi va xabarni tasdiqladi. Endi o‘rniga kimdir bosh murabbiy bo‘lishi kerak. Hozircha bizning nazdimizda asosiy nomzod bo‘lib turgan Aktamov ushbu xabarni keskin rad etdi. Biroq hamma narsa bo‘lishi mumkin.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, bugun ko‘p masalaga oydinlik kiritilishi kutilmoqda. Albatta, klubning oxirgi paytlardagi salbiy natijalari rahbariyatni qoniqtirmayotgandi. Shu sababli Olmaliqdagi bahs Lopes uchun oxirgisi bo‘lib chiqdi. “Surxon” esa autsayderlar orasiga tushib qolgan. Lekin ispaniyalik murabbiyning o‘zi jamoadan ketmoqchi emasdi. Buni o‘zi ham aytdi va biz bilan muloqotda Lopesning kayfiyati unchalik ham yaxshi emasdi.

lopes1

Shuningdek, bosh murabbiy bilan birga uning yordamchilari ham jamoadan ketishadi, katta ehtimol. Hozircha “Surxon” bunday o‘zgarish bo‘yicha rasmiy xabar bergani yo‘q. Lekin voqealar rivoji shunga qarab ketmoqda. Aks holda ispaniyalik murabbiy bizga klubdan ketgani haqida aytmasdi. Bu yoqda esa Aktamovning “Surxon”ga bosh menejer bo‘lib kelishi ham taxminlar to‘g‘ri bo‘lib chiqayotgandek tasavvur uyg‘otyapti. Bu xuddi “Paxtakor”da Maksim Shatskixning kelishiga o‘xshaydi. Yodingizda bo‘lsa, u avvaliga sport direktori bo‘ldi. Keyin Slavche Voyneski bosh murabbiylikdan ketgach, kutilganidek, Shatskix uning o‘rnini egallagan. “Surxon”da vaziyat qanday bo‘lishini hozircha to‘liq bilmaymiz. Biz faqat taxmin qilishimiz mumkin xolos. Tez orada barchasiga oydinlik kiritiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Gulomqodir Askhanov
01/09/2022 11:06
Отларни хеч качон даредан утаетган кечувда алмаштирилмайди .
Бу маколни Ким качан тушинади.