Tarixiy g‘alabaga erishgan AGMK, "Surxon" va "Navbahor"dan "qochib" ketayotgan "So‘g‘diyona", Nesterovning omadli qaytishi - Superliga 22-tur sharhi

  • 20 oktabr, 2019, 19:25
  • Bekzod Isayev
  • 5
  • Futbol
CHERY AUTO

18-19 oktyabr kunlari Superliga ishtirokchilari 22-tur o‘yinlarini o‘tkazishdi. Dastlabki kungi bellashuvlarda mehmonlar zafar quchishdi.

Tecno

“Qizilqum” safarda iroda namoyish etdi. Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi “So‘g‘diyona”ning niyati OChL yo‘llanmasi ekanligi ko‘rinmoqda. AGMK esa ilk bor chempionat doirasida “Bunyodkor”ni Toshkentda engdi.

Superligada turning markaziy o‘yiniga eng kam tomoshabin tashrif buyurdi. Eng ko‘p muxlis esa...

Chempionlikni naqd qilgan “Paxtakor” Samarqandda gol o‘tkazib yuborib, irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. Nesterov qaytishi bilan qahramonlik ko‘rsatib, “Lokomotiv” zafar quchishida muhim rol o‘ynadi. “Nasaf” Qarshida “Andijon”ga imkoniyat qoldirmadi. OChL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan “Surxon” va “Navbahor” durang o‘ynab, o‘zlariga jabr qilishdi. Chunki “So‘g‘diyona” ulardan uzoqlashdi.

SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 22-tur ramziy terma jamoasi (Foto)

Quyida Superliga 22-tur sharhi bilan tanishishingiz mumkin:

QO‘QON-1912 – QIZILQUM 1:2

Qo‘qonliklar ilk daqiqalardan hujumga otlanishdi. Dastlab Timur Hakimovga tezlik etishmadi. Aks holda hujumchi birga-bir vaziyatga chiqib borishi mumkin edi. Keyinroq Suhrob Berdiev tepgan to‘pni raqib himoyachisi qaytarib qoldi.

Urinishlar 25-daqiqada samara berib, Hamidullo Abduhamidov darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi va hisobni ochdi. Yosh o‘yinchi Superligadagi debyut golini urdi.

Birinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqada mehmonlar muvozanatni tiklashdi. Salim Mustafoev sherigi Vohid Shodiev uzatgan to‘pni yaqin masofadan osonlik bilan to‘rga yo‘lladi.

67-daqiqada navoiyliklar yana muvaffaqiyat qozonishdi. Qanotdan uzatilgan to‘pni mezbonlar posboni egallab olishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Natijada Stiven Piter Lustitsa boshi bilan darvozani ishg‘ol etdi.

 

BUNYoDKOR – AGMK 0:2

Poytaxtda "Bunyodkor" bilan kuch sinashgan AGMK chempionat doirasida ilk bor "qaldirg‘ochlar"ni safarda mag‘lub etib, tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Olmaliqliklar birinchi taymdayoq bahs taqdirini hal etishdi. Dastlab Mirjamol Qosimov raqibini xatoga yo‘l qo‘yishga majbur qildi. Shahzodbek Nurmatovning urinishidan so‘ng qaytgan to‘pni Murodjon Toshmatov to‘rga yo‘lladi.

Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa ketma-ket burchak zarbasini amalga oshirgan AGMK vakillari ikkinchi golni urishdi. Toshmatovning uzatmasidan keyin Boburbek Yuldashev boshi bilan darvozani ishg‘ol etdi.

E’tiborlisi, ikkinchi taym o‘rtalarida stadion chirog‘i o‘chib qolib, o‘yin 20 daqiqaga yaqin to‘xtab qoldi. Chiroq kelgach davom etgan bellashuvda natija o‘zgarmadi.

 

METALLURG – SO‘G‘DIYoNA 0:1

Birinchi taymda ikkala jamoada o‘yinni tashkil etish borasida muammolar kuzatildi. Ammo mehmonlar birinchi bo‘lib o‘z o‘yinlarini topib olib, 37-daqiqada hisobni ochishdi.

Sanjar Rashidov chap qanotdan jarima maydoniga etkazib berilgan to‘pga hammadan avval etib keldi va darvozani ishg‘ol etdi.

Tanaffusdan so‘ng bekobodliklar o‘yin sur’atini oshirishdi. Maydonga Zohid Abdullaevning tushirilishi mehmonlar himoya chizig‘ida qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Biroq shu kuni Andrey Shipilov shogirdlari gol ura olishmadi.

 

SURXON – NAVBAHOR 0:0

Termizda OChL yo‘llanmasi uchun kurashayotganlar bahsi o‘tkazildi. “Surxon” maydoniga tashrif buyurgan “Navbahor” ortiga bir ochko bilan qaytdi.

Uchrashuv ilk daqiqalardan shiddatli tarzda boshlandi. Birinchi bo‘limda Shavkat Salomovning jarima zarbasidan so‘ng Abdulaziz Yusupov to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llamoqchi bo‘ldi. Lekin to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi. Mezbonlarning yana bir hujumi paytida esa Abror Ismoilovga aniqlik etishmadi.

Namanganliklar ham bu orada oldinga o‘tishga urinib ko‘rishdi. Mirzohid G‘ofurov jarimadan uzatgan to‘pni G‘iyosjon Komilov boshi bilan darvozaga yo‘naltirdi, biroq noaniq. Yana bir vaziyatda Azizbek Turg‘unboevning 20 metrlar chamasi uzoqlikdan yo‘llagan zarbasidan so‘ng to‘p to‘sin tepasidan o‘tib ketdi.

Shu kuni jamoalar har qancha harakat qilishmasin gol ura olishmadi.

 

DINAMO – PAXTAKOR 1:4

“Paxtakor” Samarqandda iroda namoyish etib, g‘alabali yurishini davom ettirdi.

Uchrashuvni mezbonlar yaxshi boshlashdi. Natijada, “Dinamo” vakili hisobni ochdi. 28-daqiqada jarima maydonida to‘pni qabul qilib olgan Bobur Qosimov uzoq burchakni ishg‘ol etdi.

Shundan so‘ng bosimni oshirgan "sherlar" tanaffusga qadar iroda namoyish etishdi. Dastlab Husniddin G‘ofurovning uzatmasidan keyin Igor Sergeev muvozanatni tikladi. Qo‘shib berilgan daqiqada Odiljon Hamrobekovning ajoyib pasidan so‘ng Sardor Sobirxo‘jaev gol urdi.

Ikkinchi taymda ustunlikka erishgan poytaxtliklar yana ikkita vaziyatdan samarali foydalanishdi. Har ikki holatda Husniddin G‘ofurovning uzatmalaridan zaxiradan maydonga tushirilgan Dostonbek Hamdamov yaqin masofadan to‘p kiritdi. Shu tariqa, “sherlar” mavsumdagi 20-g‘alabasini nishonladi.

 

LOKOMOTIV – BUXORO 2:0

Samvel Babayan boshchiligidagi “Lokomotiv” duranglar seriyasiga barham berdi. Qiyinchiliklarga uchrayotgan “temiryo‘lchilar” Toshkentda “Buxoro”ga qarshi bahsning ilk bo‘limida muammolarga duch kelishdi. Jumladan hujumni yakunlashda. Yaqindagina jamoani tark etgan Temurxo‘ja Abduxoliqovning o‘rni sezilmoqda. Buni mmurabbiy ham tan oldi. Dastlabki 45 daqiqa bunga yaqqol misol.

Birinchi taymning eng esda qolarli holati Ignatiy Nesterovning qahramonligidir. U Murod Bobojonov birga-bir vaziyatdan tepgan to‘pni qaytardi.

Tanaffusdan so‘ng mezbonlar hisobni ochishdi. Oleg Zoteev o‘tkir burchakdan kuchli zarba bilan darvozani ig‘ol etdi. Bellashuvga qo‘shib berilgan daqiqada esa Diyorjon Turopov o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi. Yarim himoyachi qanotdan uzatilgan to‘pni to‘rga yo‘lladi.

 

NASAF – ANDIJON 3:0

O‘yinni mezbonlar ustunlik bilan boshlashdi. Bunga mos ravishda ko‘plab vaziyatlar ham aynan qarshiliklar tomonidan sodir etildi. Natijada 13-daqiqada “ajdarlar” hisobni ochishdi.

Azizjon G‘aniev burchakdan oshirib bergan to‘pni Humoyun Murtozaev boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi.

Bellashuvning uchdan ikki qismi o‘tib borayotganda Azizjon G‘aniev standart vaziyatdan tepgan to‘pni Vitaliy Mirniy bartaraf etdi. Ammo Humoyun Murtozaev sherigining urinishini samarali yakunlab qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqada Oybek Bozorov markazdan o‘zi boshlagan hujumni o‘zi golga aylantirdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
20/10/2019 21:15
Тошкентдан кура жиззах уйнагани яхшику
Абдусамат Жураев
20/10/2019 19:36
Сугдиенага мас осие лига уйнаш
&
Ҳайрулла Аҳмаджонов
20/10/2019 19:29
очл-2020
пахтакор
локомотив
сўғдиёна бўладиганга ўхшаяпти
&
Ҳайрулла Аҳмаджонов
20/10/2019 19:28
сурхон ва навбаҳор талашиб талашиб сўғдиёнага олдирди
&
Ҳайрулла Аҳмаджонов
20/10/2019 19:28
Нестеровни буюк қайтиши