Ten Hag yirik hisobdagi g‘alabadan so‘ng: "Eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsata olmadik"
Angliya Premer ligasi 19-turidan o‘rin olgan "Manchester Yunayted" - "Bornmut" bahsida mezbonlar 3:0 hisobida zafar quchdi.
Uchrashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida manchesterliklar ustozi Erik ten Hag quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.
"Natijadan mamnunman. Biroq o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsata olmadik. To‘g‘risini aytish kerak: biz jamoa bo‘lib aqlli o‘ynamadik.
Bir-biridan chiroyli 3 ta gol urdik, lekin ba’zida omadimiz keldi. David de Xea esa ajoyib harakat qildi. Ammo jamoa sifatida yanada yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi.
Tabloda 2:0 hisobi qayd etilayotgan paytda katta farq yuzaga keldi. Ba’zan to‘pni o‘zimizda ushlab turib, qachon darvozaga zarba yo‘llashni bilishimiz lozim. Bu keyingi qadam.
Yirik hisobda g‘alaba qozonish har doim yoqimli. Muxlislar uchun ajoyib shou bo‘ldi. O‘yindan o‘yinga kuchayib borishimiz kerak"-dedi niderlandiyalik mutaxassis.
Fikrlar