Terma jamoada "ikkinchi Jeparov" sifatida hech kimni ayta olmayman, nemis klubi esa "Paxtakor"ga taklif tayyorlagandi, biroq... - murabbiyga aylangan Server Jeparov bilan suhbat

  • 26 oktabr, 2020, 21:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolining yorqin yulduzlaridan biri bo‘lgan Server Jeparov murabbiylik hayotiga qadam qo‘yganidan keyin biroz chetga chiqib qolgandek tuyulmoqda. Chunki u bu kasbga endi kirishdi va tajribali murabbiy bo‘lib etishishi uchun hali ko‘p yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi.

Lekin unda futbolchilik faoliyati orqali katta tajriba to‘plangan. Shu bois ilgari doim hammaning diqqat-markazida bo‘lardi. Ishonamizki, u o‘zining boy tajribasi bilan o‘zbek futboliga yana foyda keltirishda davom etadi. Faqat buning uchun murabbiy rolidagi Jeparovga ko‘nikishimiz kerak.

Uning futbolchilik faoliyati esa havas qilsa arzigulik darajada kechdi. Axir Osiyoning ikki karra eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgani fikrimizni yaqqol isbotlab turibdi. Faqat uning o‘ynagan klublari o‘zimizning qit’a bilan chegaralanib qoldi. Holbuki, Serverda Evropada ham to‘p surishga salohiyati etardi. Sports.uz muxbiri esa yuqoridagi fikr va mulohazalardan kelib chiqqan holda unga bir qator savollar bilan murojaat qildi. 

-  Murabbiylikka o‘tganingizdan keyin hayotingizda qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti? Endilikda o‘zingizni to‘liq murabbiyman, deb hisoblayapsizmi?

-  Bu men uchun hayotimning butkul yangi bosqichi. Men  iloji boricha ushbu bosqichga tezroq kirishib ketishga harakat qilyapman. Maqsadim – imkon qadar tezroq tajribali mutaxassis darajasiga etishishdan iborat.

-  Bilamizki, faoliyatingiz davomida ko‘plab murabbiylarni ko‘rgansiz. Ayting-chi, sizga qaysi mutaxassisning ish uslubi ko‘proq yoqqan va kimdan nimani o‘rgangansiz?

-  Siz mutlaqo haqsiz. Futbolchilik faoliyatim davomida menda chindan ham ko‘plab murabbiylar bo‘lgan. Ularning har biri faoliyatimga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmagan. Men mana shunday mutaxassislar bilan ishlash asnosida ularning o‘yin falsafalarini, g‘oyalarini va qarashlaridan eng yaxshilarini o‘zlashtirishga harakat qilganman. Albatta, o‘zimga ustozlik qilgan murabbiylardan alohida kimnidir ajratib ko‘rsatishim mushkul. Masalan, men jahon futbolida ko‘zga ko‘ringan metrlardan biri sifatida tilga olinadigan Luis Felipe Skolari qo‘l ostida ham to‘p surganman. Shuningdek, “Seul”da o‘ynab yurgan kezlarimda Vingada bilan birga ishladim va Saudiya Arabistonida to‘p surganimda Mishel Pryudomni ham aytishim mumkin. Ko‘plab murabbiylar bo‘lgan, shu jumladan, milliy terma jamoada to‘p surib yurgan kezlarimda ham. Ularning har biri o‘z ishining haqiqiy ustasi hisoblanib, men ko‘p narsalarni o‘rganganman.

jeparov3_1

-  Futbolchilik paytida doim hammaning e’tiborida bo‘lardingiz. Murabbiyga aylangach, o‘zingizni biroz chetga chiqib qolgandek his qilmayapsizmi? 

-  O‘zini hurmat qiladigan har qanday futbolchi oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yadi. Men ham bunday maqsaddan mustasno bo‘lmaganman. Qaerda o‘ynamay, jamoaviy vazifalardan tashqari o‘z oldimga individual darajada yanada yaxshiroq bo‘lishim kerakligi yuzasidan maqsadlarni qo‘yishga odatlangandim. Endi murabbiylik faoliyatim chog‘ida ham shunday.  Murabbiy sifatida ham, mening muhim vazifalarim bor.

-  Server, milliy terma jamoada vorisingiz, deb kimni ayta olasiz?

-  Nokamtarlikka yo‘ymangu, hozir “ikkinchi Jeparov” sifatida ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan biror-bir o‘yinchini ayta olmayman.

-  Hozir o‘smirlar termasini boshqaryapsiz hamda milliy termada Vadim Abramovga yordam beryapsiz. Murabbiylikni birdaniga terma jamoalarda boshlashingiz og‘irlik qilmayaptimi?

-  Haqiqatan men murabbiylik faoliyatimni bolalar-o‘smirlar futbolidan boshladim. Har bir mutaxassis mana shunday bosqichdan o‘tmog‘i kerak, degan to‘xtamda ekanligimni aytsam to‘g‘ri bo‘lardi. Milliy terma jamoani boshqarib kelayotgan Vadim Abramovga yordamlashayotganim esa men uchun o‘ziga yarasha amaliyotdan iboratdir. Bundan tashqari, yaqinda Qozonning “Rubin” klubida ham amaliyot o‘tab qaytdim. Bu esa o‘ziga xos maktabdir. Ta’lim olish uchun kishidan yosh tanlanmaydi.

jeparov2_1

-  Siz ikki karra Osiyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgansiz. Ammo Osiyodan tashqari Evropa maydonlarida ham to‘p surishingizni kutgandik. Nega bu amalga oshmagan? Sizga bu borada aniq takliflar bo‘lganmi, aslida?!

-  2005 yili “Paxtakor”da o‘ynab yurgan kezlarimda Germaniyaning “Ayntraxt” (Frankfurt) klubida ko‘rikdan o‘tib qaytganman. Yodingizda bo‘lsa, o‘sha paytlarda milliy terma jamoamizni germaniyalik mutaxassis boshqargan (Gyodeni nazarda tutyapti – muallif). O‘shanda Germaniyada ikki haftalik o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil qilingan, aynan o‘sha murabbiy meni “Ayntraxt”dagilarga tavsiya qilgandi. O‘z navbatida, frankfurtliklar meni sotib olish uchun “Paxtakor”ga taklif tayyorlashga tushgandilar. Shu bois menda 25 yoshimda faoliyatimni G‘arbda – Germaniyada davom ettirish imkoniyati yuzaga kelgandi. Ularda osiyolik futbolchilarga qiziqish bo‘lgan. Agar yaxshi eslasangiz, bu paytga kelib “Ayntraxt”da janubiy koreyalik Cha Du Ri o‘ynardi. Ammo baxtga qarshi mening transferim amalga oshmay qolgan. Vaholanki, nemislarda osiyolik bo‘lgan yana bir futbolchi uchun qiziqish yuqori darajada edi.

-  Shuningdek, faoliyatingiz davomida o‘zingiz uchun unutilmas bo‘lib qolgan uchta o‘yinni aytib bera olasizmi?

-  O‘yinchilik faoliyatimdagi eng yaxshi uchta uchrashuv... Men faqat ikkitasini aytishim mumkin. Bu bellashuvlar jahon chempionatining final bosqichiga chiqish uchun o‘tkazilgan edi. Bundan tashqari, faoliyatim davomida muhimlik darajasi juda yuqori bo‘lgan uchrashuvlar ham bo‘lgan: chempionlik yoki milliy Kubok masalasi hal qilinganlari. Biz albatta bugungi milliy terma jamoga ham ishonamiz. Umid qilamizki, Vadim Abramov boshchiligidagi terma jamoa nihoyat jahon chempioni yo‘llanmasi masalasini ijobiy hal eta oladi.

jeparov4

-  Odil Ahmedovning ham yoshi o‘tib boryapti. Termamizning yangi yulduzi, deb kimni ayta olasiz?

-  Mening nazarimda ayni chog‘da alohida o‘yinchini ko‘rsatib o‘tishim amrimahol. Chunki bizda yangi-yangi yosh futbolchilar avlodi asta-sekinlik bilan shakllanib bormoqda. O‘z navbatida, bu o‘yinchilar tajribalarini va mahoratlarini oshirib borgan holda barchamizning ko‘zimizni quvontiradigan darajada to‘p surishga muvaffaq bo‘ladilar. Faqat shundan keyingina ularni oldingi avlod futbolchilaridan bu falonchi o‘yinchiga, unisi esa pistonchiga o‘xshab ketadi, deya taqqoslash mumkin bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!