Timur Kapadze: Guruhimizdan Yaponiya yoki Avstraliya joy olishini taxmin qilgandim, lekin...

  • 18 iyun, 2020, 16:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Oktyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan U-19 Osiyo chempionatida Timur Kapadze bosh murabbiyligidagi jamoamiz “A” guruhida Indoneziya, Kambodja hamda Eron kabi raqiblarga qarshi maydonga tushadi.

Tecno

Tabiiyki, dastlabki raqiblarimiz ma’lum bo‘lgach, darhol o‘ziga yarasha fikr va mulohazalar bildirilmoqda.

O‘z navbatida Timur Kapadze Sports.uz muxbiri bilan muloqotda qur’a, raqiblar va ularni o‘rganish jarayoni xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

Qur’adan ko‘ngli to‘ldimi?

-  Albatta, qur’a tashlash jarayonini kuzatdik. Garchi aniq bir raqiblarni bizning guruhdan o‘rin olishini o‘ylamagan bo‘slam-da, ammo kuchli jamoalardan kimdir terma jamoamizga raqib bo‘lishini taxmin qilgandim, - deya gap boshladi, Kapadze. - Masalan, xayolimda Yaponiya yoki Avstraliyadan bittasi guruhimizga tushishi mumkinligi ham bor edi. Lekin, to‘g‘risi Eron bilan bir guruhda bo‘lishimiz haqida o‘ylamagandim. Shuningdek, Indoneziya bilan Kambodja ham bor. Gapning ochig‘i, ushbu raqiblarimizning imkoniyatlarini hali yaxshi bilmayman. Qolaversa, ularning o‘yinlarini ham ko‘rganimiz yo‘q. Mana, endi ushbu termalarning qanday jamoa ekanligini o‘rganib chiqamiz.

kapadze2

Eron haqida nima deydi?

-  Albatta, Eron guruhimizdagi kuchli raqiblardan biri. Har safar Eronning yoshlar yoki milliy jamoasi bo‘lsin barqaror o‘yin ko‘rsatishadi. Shuningdek, jismoniy tarafdan ham futbolchilari kuchli. Musobaqaning ochilish uchrashuvi biz uchun ham juda qiziq bo‘ladi. Ilk o‘yindanoq kuchli raqibga qarshi o‘z kuchimizni tekshirib olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Xudo xohlasa, guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqishga harakat qilamiz. Shubhasiz, Eronni ham yanada yaxshiroq o‘rganib chiqamiz. O‘z oldimizga esa musobaqada birinchi o‘rinni egallash vazifasini qo‘yganmiz. Qaysi raqib bilan o‘ynashimizdan qat’iy nazar maqsadimiz oliy bo‘lgani sababli istalgan jamoaga qarshi maydonga tushib yutishimiz kerak.

kapadze3

Asosiy maqsad haqida

-  To‘g‘ri, har bir murabbiy guruhida avvalo zaifroq raqiblar bo‘lishini xohlaydi. Lekin, menimcha, bizning guruh yaxshi ko‘rinishda bo‘ldi. Baribir guruhda bitta bo‘lsa ham kuchli raqib bo‘lishi lozim. Bu ayniqsa, imkoniyatlarimizni tekshirib olish uchun ham muhim. Biroq guruhdan chiqqanimizdan keyin yanada jiddiy raqiblarga to‘qnash kelamiz. “V” guruhida Yaponiya, Janubiy Koreya, Iroq va Bahrayn kabi termalar bor. U erda ham juda qiziqarli o‘yinlar bo‘ladi. 1- va 2-o‘rin uchun kurashlar ushbu guruhda ham nihoyatda murosasiz kechadi. Biz esa birinchi navbatda o‘z guruhimizdagi vazifamizni bajarishimiz lozim. Qolgani haqida keyin bosh qotiramiz. Nima bo‘lganda ham Osiyo chempionatiga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. O‘z uyimizda, muxlislarimiz oldida o‘ynaymiz. Umid qilamanki, butun O‘zbekiston bilan birlashib, bir kuch bo‘lamiz va o‘z oldimizga qo‘yilgan oliy maqsadimizga erisha olamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
18/06/2020 17:18
Кападзелар сулоласи. Сулола стайл
&
Насаф
18/06/2020 16:56
Бу Тимур кападзе деганлари кайси терма жамоамизда буса уша ерда эканда. Бошка тренер йукми дейман. Точно ютказишади.