Timur Kapadze: Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallash va jahon chempionatiga chiqish - bizning asosiy vazifamiz

  • 4 dekabr, 2019, 21:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Butun faoliyatini faqat futbolga bag‘ishlagan, o‘zbek futboli tarixida o‘ziga yarasha iz qoldira olgan Timur Kapadze yana barchaning diqqat-e’tiborida bo‘lib turibdi. Aytish mumkinki, endi uning faoliyatida yana bir yangi sahifa ochilmoqda. Yaqinda xabar berib o‘tganimizdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasida yordamchi murabbiy sifatida ishlab kelayotgan Kapadze O‘zbekiston U-19 terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. Shu munosabat bilan Timur Tohirovich O‘zbekiston U-19 bosh murabbiyi sifatidagi dastlabki intervyusini berdi.

Tecno

- Avvalamobor sizni O‘zbekiston yoshlar trema jamoasiga bosh murabbiy bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz. Ayting-chi, bu taklif qachon yuz berdi va siz bunday mas’uliyatli vazifada ishga kirishishga tayyormidingiz?

- Tabrik uchun rahmat. Bu men uchun kutilmaganda bo‘ldi. Bilasiz, men milliy terma jamoada ham ishlayotgandim. Mening yoshlar terma jamoasini boshqarishim haqidagi xabarlar esa yaqindan chiqqandi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Sayfiddinovich Ermatov esa meni bosh murabbiylikka taklif qildi. Kelasi yili yurtimizda Osiyo chempionati bo‘ladi va buning mas’uliyati katta bo‘lishini va shunga yarasha jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerakligini aytdi va shu tariqa Ravshan Sayfiddinovich bilan hammasini gaplashib olganimizdan so‘ng men yoshlar terma jamoasida ishlashga rozi bo‘ldim. Albatta, rahbariyatga menga bildirilgan ishonch uchun katta rahmat aytmoqchiman. Bu milliy bo‘ladimi yoki yoshlarmi, baribir hammasi o‘z nomi bilan terma jamoa sanaladi. Shu bois hammaning ishonchini qozonishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Rahbariyat, muxlislarimiz, umuman xalqimiz oldida yuzim yorug‘ bo‘lishini istayman va buning uchun jiddiy ravishda ishga kirishamiz. Terma jamoamizdagi ko‘plab yoshlarni yaxshi bilaman. Ularning aksariyati  bilan ilgari «Lokomotiv» o‘rinbosarlarida ishlaganimda yoshlar terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazganmiz. Umuman olganda, biz to‘xtab qolmaymiz va selektsiya ishlarini olib boramiz. Osiyo chempionati o‘zimizda o‘tadi va tabiiyki, oldimizga qo‘yiladigan vazifalar ham yuksak darajada bo‘ladi. Biz Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallab jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga harakat qilamiz. Bu borada rahbariyat menga ishonch bildirdimi, endi ularning bunday ishonchini oqlash uchun qattiq mehnat qilamiz.

kapadze2_2

- Murabbiylar shtabingizni aniqlab oldingizmi, sizga kimlar yordam beradi?

- Bu masalani ko‘rib chiqyapmiz. Denis Krasnichenko degan yordamchi murabbiyim bor. U bilan «Lokomotiv»da ham birga ishlagandik. Qolaversa, u «Bunyodkor»da 2001 yilda tug‘ilgan futbolchilarga murabbiylik qilgan. Anchadan beri men bilan birga ishlab kelyapti. Krasnichenko bu yosh toifasidagi futbolchilarni ham yaxshi biladi. Chunki o‘zi ham anchadan beri yoshlar bilan samarali ishlab kelyapti. Ko‘p o‘yinchilarni yaxshi biladi. Bundan tashqari, yana yoshlar bilan yaxshi ishlay oladigan boshqa murabbiylarni ham ko‘zdan kechiryapmiz. Hozircha esa Krasnichenkoning menga yordam berishi aniq bo‘lgan. Qolganini ham tez orada aniqlashtirib olamiz.

- Shuningdek, oxirgi paytlarda sizni kelasi yili «Qo‘qon-1912» jamoasiga bosh murabbiy bo‘lishingiz borasida ham xabarlar tarqalmoqda. Bu masalaga ham oydinlik kiritib o‘tsangiz.

- «Qo‘qon-1912»ga yarim mavsum davomida yordam ko‘rsatdim. O‘tgan vaqt davomida tajribam bilan o‘rtoqlashishga harakat qildim. O‘ylaymanki, yomon bo‘lmadi. Rahbariyat esa yangi mavsum uchun menga yana ish taklif qilishdi. Lekin meni O‘zbekiston U-19 terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlashgani sababli ularga klubda ishlay olmasligimni ma’lum qildim. Chunki hamma vaqt har qanday yosh toifasidagi terma jamoalarni klublardan ustun qo‘yaman. Bu vaziyatda hech qanday xafagarchilik yo‘q. Albatta, Qo‘qon jamoasi men uchun qadrli. Dadam ham u erda ancha ishlagan. Shu bois «Qo‘qon-1912»ga yordam berishdan mamnun bo‘laman. Lekin oldimda milliy va yoshlar terma jamoasi turganligi uchun vaqt hamda mas’uliyat tarafidan ham boshqasiga ulgura olmasdim. Bu borada klubdagilarga to‘g‘ri tushuntirdim.

kapadze4_2

- Demak, siz milliy hamda yoshlar terma jamoasidagi ishingizni parallel ravishda olib borasiz, shundaymi?

- Ha, shunaqa. Men milliy termada yordamchiman. Biz reja tuzamiz va taqvimga qarab ish ko‘ramiz. O‘ylaymanki, ikkala termada ishlashim muammo tug‘dirmaydi. Yoshlar termasi bilan qachon va qaerda yig‘inlar o‘tkazish borasida ishlar olib borilyapti.

- Muxlislar sizdagi murabbiylik imkoniyatlaringizga yuqori baho berishyapti. Umuman olganda, yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishqibozlarga nimani va’da bera olasiz?

- Qo‘limdan kelganicha har tomonlama jiddiy ravishda ishlab, bizga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilamiz. Har doim yuksak vazifalarga intilib kelganman. Bu borada yigitlar bilan ham gaplashib olamiz. Aminmanki, rahbariyat ham, ishqibozlar ham bizdan faqat maksimal natijalarni kutishadi. Yuqorida aytganimdek, biz yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallashga va jahon chempionatiga chiqishga harakat qilamiz. Bu bizning asosiy vazifamiz hisoblanadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
TFT
05/12/2019 06:56
Терма жамоада ишлаган Т.Кападзега ешлар бн кийинчилик булмаса кк.Омад!
Бахтиер Бобоев
05/12/2019 00:25
Омад Темур ака