
Timur Olimxo‘jaev: O‘runov Namanganda katta tajriba to‘plagan va "Ufa"da o‘zini ko‘rsatgan futbolchi!
O‘tgan yili ko‘pchilik tanimagan Oston O‘runov bu yil Rossiya premer-ligasida yulduz darajasiga ko‘tarila oldi. O‘zbekistondan “Ufa” safiga ko‘chib borib, nimalarga qodirligini ko‘rsatish uchun unga premer-liganing 10 ta uchrashuvi kifoya qildi.
Ostonni qo‘lga kiritish uchun Rossiya grandlari raqobatida “Spartak”ning qo‘li baland keldi. Kuni kecha transferi zo‘rg‘a 200 ming evroga tortgan o‘zbek futbolchisi uchun Bundesligadan “Gerta” 5 million evro taklif qilmoqda. “Spartak” Oston O‘runovning hozirgi narxi 15 million evrodan kam emasligini ta’kidlab, nemislarning taklifini rad etdi.
Sputnik agentligi joriy mavsumda Rossiya premer-ligasida eng shov-shuvli transferlardan biri sababchisi – Oston O‘runov haqida ko‘proq ma’lumot to‘plash maqsadida birinchi professional murabbiyi Timur Olimxo‘jaev bilan suhbat uyushtirdi. Bu suhbat davomida taniqli murabbiy Oston haqida ko‘pchilik bilmaydigan qator qiziq ma’lumotlarni aytdi.
Xususan, Oston O‘runov “Paxtakor” akademiyasiga boshqalardan kechroq kelgan va dastlabki kunlardanoq, tashqi ko‘rinishi bilan tajribali murabbiy Timur Olimxo‘jaev e’tiborini qozongan ekan.
- Oston o‘sha paytlar do‘mboqqina bola edi va ortiqcha vazni borligi shundoq ko‘rinib turardi. Shunga qaramay, u tezkor va juda chaqqon edi. Men uni sinov muddatiga olishga qaror qildim. U juda qattiq harakat qildi va mashg‘ulotlarda borini berib ishladi. Natijada bir oydan keyin uni jamoada olib qoladigan bo‘ldim. Mashg‘ulotlardagi mehnatlari orqali sport formasini to‘g‘rilab oldi va yaxshi o‘yin ko‘rsata boshladi, - deb eslaydi Timur Olimxo‘jaev.
Ko‘pni ko‘rgan murabbiyning aytishicha, Oston muvaffaqiyatni ham, mag‘lubiyatni ham ta’sirchanlik bilan qabul qiladi. O‘yini o‘xshamagan paytda, albatta, murabbiyning oldiga kelib, qaerda xato qilganini, nima qilish lozimligini so‘rashdan tortinmaydi, kerakli maslahatlarni olishga harakat qiladi.
Murabbiy iste’dodli futbolchining nozik nuqtasi borligi ham nazardan qochirmadi. U o‘z shogirdi shirinlikka o‘chligini ma’lum qildi. Bu orqticha vazn to‘plashga moyil bo‘lgan sportchi uchun yaxshi odat emas ekan.
- U ba’zan oldimga kelib, shirinlik eyishga ruxsat so‘rardi. Men faqat o‘zimiz yutgan o‘yinlardan keyin iste’mol qilish mumkinligini aytardim. Hozir bunaqa odatlarini engib o‘tgan, deb o‘ylayman, - deydi Timur aka.
Olimxo‘jaev shogirdining muvaffaqiyatlaridan faxrlanadi. Oston Namanganda o‘ynab katta tajriba to‘plaganini va “Ufa”da o‘zini ko‘rsata olganini, shuningdek, uning kelajagi porloq ekaniga ishonishi, buning uchun borini berish, sifatli o‘yin ko‘rsatish kerakligini alohida ta’kidlaydi.
- Ha, ba’zan futbolda katta pul to‘lanadi, lekin bunga erishish uchun ancha ter to‘kish kerak.Kim sport bilan yashasa, bu mashaqqatli mehnat va sadoqatni talab etishini yaxshi biladi. Katta summalar va yulduzlik kasali O‘runovga qanday ta’sir qilishini aytolmayman-ku, lekin men uni pul qadrini va o‘rnini biladigan kamtarin yigit sifatida bilaman, - deydi Timur aka.
Shuningdek, Timur Olimxo‘jaev milliy futbolni rivojlantirish uchun birinchi navbatda oddiy oilalar farzanlari uchun iqtidorlar tahsil oladigan sport internatlari va maxsus infratuzulmani rivojlantirish kerakligi, qolversa, xorijda katta klublarda o‘ynayotgan yulduzlar ham o‘z xatti-harakatlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib, mehnat bilan inson o‘zi istagan har qanday cho‘qqiga chiqishi mumkinligini ko‘rsatishi lozimligini ta’kidladi.
Fikrlar