"Tirik odamman, ishlab yuribman, "Neftchi"ni kim boshqarishi men uchun qiziq emas" - o‘sha mashhur Yuriy Sarkisyan suhbatda yana nimalarni aytganini bilasizmi?

  • 1 avgust, 2022, 09:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Siz-u, bizga juda yaxshi tanish bo‘lgan o‘sha mashhur Yuriy Sarkisyanni unutmadingizmi? Yo‘q, uni unutib bo‘larmidi?! Murabbiylar “otasi” “Neftchi”dagi uzoq yillik faoliyatidan so‘ng endilikda “Bunyodkor”da maslahatchi murabbiy lavozimida ishlab kelayotganidan yaxshi xabardorsiz. Kuni kecha Yuriy Vazgenovichni “Bunyodkor” stadionida uchratib qoldik. Fursatdan foydalanib, mutaxassis bilan suhbatlashib oldik.

Tecno

- Yuriy Vazgenovich, “Neftchi”da bosh murabbiy o‘zgardi. Klubni Vitaliy Levchenko boshqaradigan bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysiz, bu to‘g‘ri tanlovmi?

- Mening bu masaladagi fikrim shunday: har bir rahbar o‘z qarashlaridan kelib chiqqan holda ishni topshiradigan odamni o‘zi tanlaydi. Shunday ekan, umrim mobaynida amal qilib kelayotgan aqidamga binoan boshqalarning ishiga aralashishni yoqtirmasdan qolaveraman. Mening tamoyilim mana shunaqa. O‘z vaqtida bunday tamoyil mening asosiy printsipim bo‘lib xizmat qilgan. Yangi murabbiy tanlovi borasida ham bir narsa deyishim qiyin.

- “Neftchi” ishtirokidagi uchrashuvlarni kuzatib kelyapsizmi?

- Albatta, kuzatib kelaman. Klub ishtirokidagi bahslarni bu erda ham, boshqa joylarda ham ko‘rishga harakat qilganman. Hammasi imkoniyatdan kelib chiqqan holda.

ara1

- Oxirgi paytlarga kelib “Neftchi”ning natijalari juda qoniqarsiz bo‘lib ketdi. Buning sababi sizningcha nimada bo‘lishi mumkin?

- Men doim aytib kelganman: agar futbol o‘ynash va kerakli natijaga erishish oson bo‘lganidami, yollanma ishchilar umuman uchramasdi (kuladi). Agar futbol o‘ynash oson bo‘lganida murabbiylar va yollanma ishchilar ham bo‘lmas, hamma faqat futbol bilan shug‘ullanardi! Meni bunday qarashga buyuk Lobanovskiy o‘rgatgan. U shunday degan edi: “Yuz nafar murabbiydan faqat 3-4 tasigina o‘yinchilarni tanlashni bilib, yaxshi natijalar qayd eta olishi mumkin”. Chempionatda murabbiy oldidagi eng va o‘ta qiyin vazifa bu futbolchilarning ruhiyati va jismoniy holatini bir xil maromda saqlab qolishdan iborat. Afsuski, har doim ham buning imkoni topilavermaydi. Shunday ishni faqat 100 ta murabbiydan atigi 3-4 tasigina eplashi mumkin xolos. Butun umrim davomida “Neftchi”ga ishqibozlik qilganman. Natijalar yomonlashib ketdi, deb kimdan ham ranjishim mumkin?! Jamoada kim murabbiylik qiladi, kimlar to‘p surishadi, bunisi endi men uchun unchalik qiziq emas. O‘zim “Neftchi”da ishlayotgan davrimda klub uchun borimni bag‘ishlaganman. Men avval futbolchi, so‘ngra murabbiy sifatida jamoa uchun jonimni jabborga bergudek ishladim. “Neftchi” bilan qator jamoaviy va shuning barobarida individual mukofotlar hamda sovrinlarga ega chiqdim. “Neftchi” bilan qo‘lga kiritgan medallarimni jahondagi boshqa biror-bir murabbiy qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa ham kerak (kuladi). Bilasizmi, uyimda o‘ziga xos muzey bor. Unda “Neftchi” bilan erishgan yutuqlarim aks etgan narsalar joylashtirilgan. Jamoani kim boshqarayotgani men uchun qiziqarli emas. Bu ishni rahbariyat o‘z kelib chiqishidan e’tiboran amalga oshiradi.

- Agar Farg‘ona viloyati hokimi klubga qaytishingizni so‘raydigan bo‘lsa, bunga rozilik bildirasizmi? Masalan, maslahat murabbiy vazifasiga...

- Bilasizmi, bu kabi savollarga hech qachon javob bermaganman. Chunki mana shunday masala ko‘tariladimi yoki yo‘qmi, bundan bexabarman.

ara3

- Baribir shunday imkoniyat tug‘ilsa qaytishga tayyormisiz?

- Men tirik odamman, ko‘ryapsiz, ishlab yuribman.

- Demak, “Bunyodkor”dagi ishingizdan ko‘nglingiz to‘lyapti, shundaymi?

- Albatta. “Bunyodkor”da 2014 yildan beri maslahatchi sifatida ishlab kelyapman. Menga ko‘pincha shunday deyishadi: Yuriy Vazgenovich siz o‘zbek futboli uchun shunchalik ko‘p ishlarni amalga oshirgansizki, buni boshqa hech kim takrorlay olmaydi”. Shuningdek, menga qanday maslahat so‘rasak, albatta bunga javob qaytarasiz deb qo‘yishadi. O‘zbek futboli uchun amalga oshirgan ishlaringizdan har qancha quvonsangiz arziydi, degan e’tiroflarni eshitish men uchun yoqimli, bilsangiz.

- Superliganing bugungi kundagi darajasi haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Har bir jamoaning o‘z darajasi bo‘ladi. Futbolda o‘yinchilarning faoliyati uzoq davom etmaydi. O‘zim ham murabbiy bo‘lib ishlagan kezlarimda ko‘plab futbolchilar kelib-ketishardi. Agar jamoa uchun ko‘p mehnati singgan ijrochi ketadigan bo‘lsa, uni tanbeh berib, kerak bo‘lsa, so‘kardim. Ammo shu bilan birga futbolchini tushunishga harakat qilib kelganman. Axir o‘yinchilarning ham o‘z oilasi, o‘ziga yarasha orzu-istaklari bo‘ladi. Shu sabab jaxlim chiqqan taqdirda ham shogirdlarimni tushunardim. Negaki, yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘yinchining faoliyati uzoq davom etmaydi. U shu davr ichida kelajak hayoti uchun mustahkam poydevor qurib olishi darkor. Xaridori ko‘payib, unga yaxshi maosh taklif qilingan kezlarda hech qachon shogirdlarimning ra’yiga qarshi chiqmasdim. Bir so‘z bilan aytganda, futbolchilarni tushunib, ulardan xafa bo‘lishni xayolimga keltirmaganman.

- “Bunyodkor”ning joriy mavsumdagi potentsialini qanday baholaysiz?

- Albatta, yaxshiroq natijadan umidvormiz. Bizda yosh, iqtidorli yigitlar talaygina. Ular bilan ancha jiddiy vazifalarni ham bajarish mumkin bo‘ladi. Asosiysi, yigitlarda o‘ziga xos shijoat, ishtiyoqni ko‘ryapman. Boz ustiga boshqalar “Bunyodkor”ga doim hurmat nazari bilan qarab keladi. O‘z navbatida bunday omillar klubning foydasiga xizmat qilishi tayin, deb hisoblayman. Maqsadimiz - chempionatda yaxshi ishtirok etishdan iborat.

ara

- “Bunyodkor”ni Viktor Karpenko boshqaryapti. U haqidagi fikringizni bilish nafaqat men, balki boshqalar uchun ham qiziq. Sizningcha, Karpenkoda murabbiylarga xos bo‘lgan bilim, o‘ziga xos tajriba va ko‘nikmalar etarlimi?

- Bilasizmi, Karpenko o‘z vaqtida juda yaxshi futbolchi bo‘lgan. Faoliyatini tamomlaganidan keyin omadini murabbiylikda sinashga qaror qilgan. Viktor yaxshi maktabni o‘tagan, futbol borasidagi tajribasi ham katta. U o‘yinchilik davrida etakchilardan biri hisoblangan. Endi murabbiy vazifasida ham o‘zidagi bunday sifatlarni namoyon qilib kelmoqda. Avvaliga Karpenko o‘rinbosarlar bilan ishladi. Jamoasi etakchi bo‘ldi. So‘ngra, asosiy klubni unga ishonib topshirishdi. Men uning murabbiy rolida ham katta natijalarga erishish niyatida ekanligini chetdan kuzatib kelyapman. Umid qilamizki, Viktor Karpenkoda bu borada ham barchasi joyida bo‘ladi.

- Darvoqe, kuni kecha klub prezidenti Mehriddin Abdullaev yig‘ilish o‘tkazib, unda mavsum oxiriga borib yaxshi natija qayd etish kerakligini klub oldiga asosiy vazifa sifatida qo‘ydi. Bunga jamoa tayyormi?

- Albatta, rahbariyatga har doim natija muhim bo‘lgan. Shu sababdan ham bundan ajablanish yaramaydi. Klubimiz prezidenti ko‘plab masalalarda bizga xayrixoh bo‘lib, doim “Bunyodkor” uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarni bajarishga intilib keladi. O‘z navbatida biz ham u kishining harakatlariga munosib tarzda javob qaytarmog‘imiz darkor. Klub prezidentning gapi 100 foiz to‘g‘ri. Futbolda natija har doim asosiy o‘rinda bo‘lib kelgan. Umid qilamanki, “Bunyodkor” bunga tayyor. Harqalay shundan umid qilgan holda ishlashda davom etishimiz shart. Men doim futbolchilarga mana shunday gaplarni aytib kelganman: har qanday raqib sizga qo‘lingizdan kelgan darajada o‘ynash imkoniyatini havola etadi, buni unutmanglar. O‘yinchi uchrashuvga o‘zini mana shunday kayfiyatda tayyorlashi maqsadga muvofiqdir: meni bugun hech kim yuta olmaydi! Maydonga chiqdingmi, hech kimdan qo‘rqmasliging kerak. O‘yinning ilk soniyalaridan to oxirgi pallasiga qadar garchi kuching qolmagan taqdirda ham kerakli natija uchun boringni berishing darkor bo‘ladi. Shunday kayfiyatda futbolchi maydonga tushar ekan, yaxshi va kerakli natija o‘zini kuttirib qo‘ymaydi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Жабборов Ахмаджон
02/08/2022 13:28
Бита одамни гапи билан нефтчи синган эди. Бита одамни гапи билан пачоғи чиқиб кетди