
"Tokio-2020" tashkilotchilari O‘yinlar bekor qilinishi to‘g‘risidagi axborotni rad etishdi
Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari Tashkiliy qo‘mitasining ijrochi direktori Tosiro Muto Olimpiadani bekor qilish mumkinligi to‘g‘risidagi xabar haqiqatga mos emasligini ta’kidladi.
Avvalroq yapon ommaviy axborot vositalari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va Tokiodagi O‘yinlar tashkilotchilari fevral oyida ushbu musobaqalarning kelajagini muhokama qilishlarini xabar berishgan edi.
“Ayrim odamlar bunday xabarlardan hayajonlanishlari mumkin. Men shuni aytmoqchimanki, biz O‘yinlarni bekor qilish to‘g‘risida mutlaqo o‘ylayotganimiz yo‘q. Bunga o‘xshash har qanday xabarlar haqiqatga mos emas”, – deya iqtibos keltiradi AR nashri Mutoning so‘zlaridan.
Yaponiya aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovnomada ularning 80 foizidan ko‘prog‘i Olimpiadani bekor qilish yoki kechiktirish kerak deb hisoblayotganliklarini ko‘rsatgan. Ularning ayrimlari mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni ko‘pligi sababli O‘yinlar baribir o‘tkazilmaydi, degan fikrda bo‘lgan.
O‘yinlar Tashkiliy qo‘mitasining raisi Yosiro Mori Olimpiada, albatta, bo‘lib o‘tishini jamoatchilikka majoziy tarzda bildirdi: “Bahor hamisha keladi, tong esa hatto uzoq tundan keyin ham otadi. Biz ishonch bilan ko‘pchilik odamlarga quvonch va umid tuhfa qilish uchun imkoniyati bo‘lgan hamma narsani qilamiz”.
Fikrlar