Top-liga klubi Husanovni so‘rayapti

  • 07.03.2026 05:25
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov Evropada o‘ynayotgan eng kuchli himoyachilaridan biri sifatida e’tirof etilgan. 22 yoshli futbolchi keyingi paytlarda transfer oynalari arafasida turli klublar nishoniga tushmoqda.

Sports.uz portali Fransiyaning nufuzli manbalaridan biri – butfootballclub.fr saytida Husanovni Liga 1 klubiga qaytarish bo‘yicha e’lon qilingan ma’lumotlarni o‘zbekistonlik o‘quvchilar e’tiboriga havola qiladi.

- Tobora yaqinlashib kelayotgan navbatdagi yozgi transferlar oynasi “Lans” klubida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi kutilmoqda.

Chunki bu mavsum Fransiya chempionati yuqori divizionida katta kashfiyotga aylangan markaziy himoyachi Samson Baydu allaqachon Evropaning yirik klublari qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Bu transfer hatto Abduqodir Husanovning “Lans” safiga kutilmagan qaytishiga ham turtki bo‘lishi mumkin.

Jurnalist Ekrem Konurning ma’lumotiga ko‘ra, “Manchester Siti” klubi Samson Baydu uchun kurashda raqobatchilaridan ancha ilgari lab ketgan. Xabar qilinishicha, Angliya superklubi o‘ziga yaxshi tanish strategiyani ko‘rib chiqmoqda: futbolchini shu yozda sotib olish va uni rivojlanishini davom ettirishi uchun yana bir mavsumga “Lans”da ijarada qoldirish.

Asli kelib chiqishi Ganadan bo‘lgan 21 yoshli avstriyalik futbolchi bugungi kunda liganing eng istiqbolli himoyachilaridan biri sifatida tanildi. Yakkakurashlarda kuchli, pas berishi aniq va o‘yinni juda mukammal darajada tushunadigan Baydu zamonaviy himoyachiga qo‘yiladigan barcha talablariga javob beradi.

Bu o‘yinchi uchun kurashda “Manchester Siti” yolg‘iz emas. “Liverpul” ham vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Shuningdek,  “Borussiya Dortmund” va “Inter” kabi qudratli klublar ham Bayduni olish niyatida.

Bunday katta qiziqish sharoitida “Lans” o‘z himoyachisi uchun 45–55 million yevro atrofida narx belgilashi mumkin. Bu katta summa bo‘lsa-da, hozirgi bozorda yosh va istiqbolli markaziy himoyachilar uchun bu mutlaqo munosib baho ekani aytilmoqda.

Baydu transferi bo‘yicha hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, yana bir ssenariy yuzaga kelishi mumkin. “Lans”ni tark etganidan keyin Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida har doim ham boshlang‘ich tarkibdan muqim o‘rin olayotgani yo‘q.

Bu holat “Manchester Siti”ni o‘zbek himoyachisini ijaraga berish imkoniyatini ko‘rib chiqishga undashi mumkin. Ijaradagi muntazam o‘yin amaliyoti Husanovni yangi bosqichga ko‘tarilishiga yordam beradi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, “Lans” klubi Samson Baydu transferi doirasida Husanovni qayta olishga harakat qilishni rejalashtirayotgani aytilmoqda. Bunda o‘zbek legioneri maoshining bir qismi ingliz klubi tomonidan qoplanishi ehtimoldan xoli emas.

Mana shu yo‘l orqali lansliklar Bayduning jamoadan ketishini qoplash, shu bilan birga klub muhitiga allaqachon moslashgan o‘zbek futbolchisini qayta qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ladi.

Agar bu reja amalga oshsa, Abduqodir Husanovning qaytishi Fransiyada yozning eng kutilmagan voqealaridan biri bo‘ladi, - deb yozmoqda butfootballclub.fr sayti jurnalisti Lui Krestian.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2023 yilning yozidan 2025 yilning yanvariga “Lans” jamoasi sharafini himoya qilib, bu klub tarkibida jami 31 ta uchrashuvda maydonga tushgan.

Tezkor! Gollar ortidan Shomurodovning narxi “uchdi”, Fayzullaevniki-chi?

Erondagi legionerlarimiz endi nima qiladi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!