
TsSKA Fayzullaev bo‘yicha hamma kutayotgan ma’lumotni chiqardi
Moskvaning TsSKA jamoasi yangi mavsumda Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida yuqori maqsadlar sari kurashishni maqsad qilgan.
Mavsumning dastlabki uchrashuvlarida Abbosbek Fayzullaev “armiyachilar”ga yordam bera olmadi. Bunga 20 yoshli hujumkor futbolchimizning Frantsiya poytaxtt Parij shahri mezbonlik qilgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgani bo‘ldi.
Parijdagi o‘yinlarda O‘zbekiston terma jamoasi Ispaniya va Misrga kichik farq bilan yutqazdi, Dominikan Respublikasi futbolchilari bilan durang o‘ynadi. Bir ochko guruhdan chiqishga kamlik qildi va olimpiyachilar birin-ketin o‘z klublariga qaytmoqda.
TsSKA rahbariyati, murabbiylar shtabi va muxlislari Abbosbek Fayzullaevning qaytishini intizorlik bilan kutayotgan edi. Chunki lenionerimizning jamoa o‘yiniga ta’siri katta. “Armiyachilar”ning aksariyat hujumlari aynan Abbosbek Fayzullaev orqali tashkil etiladi.
O‘tgan chempionatda TsSKA Rossiya Premer-ligasi ishtirokchilari orasida eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lganida ham hamyurtimizning xizmati katta.
TsSKA futbolchilari Abbosbek Fayzullaevsiz Premer-ligada ikkita va mamlakat kubogi doirasida bitta uchrashuv o‘tkazib ulgurdi. Bu bahslarda bittadan g‘alaba, durang va mag‘lubiyat qayd etildi. Ikkita bahsda “armiyachilar” raqib darvozasiga yo‘l topa olmadi.
Mana endi TsSKA hujumlari dirijyori Abbosbek Fayzullaev Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunlab, yana jamoasiga qaytdi. Klubning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Kirill Breydo bu haqda xabar berdi.
— Abbos Fayzullaev erta tongda Moskvaga etib kelgan. Ertaga Vatutinkadagi bazada mashg‘ulot rejalashtirilgan. Unda Abbos ham ishtirok etadi, - dedi Kirill Breydo.
Yangi bosh murabbiy – Marko Nikolich boshchiligidagi TsSKA futbolchilari Premer-ligadagi uchinchi tur uchrashuvini 4 avgust kuni safarda “Orenburg” jamoasiga qarshi o‘tkazishi belgilangan.
Rejaga ko‘ra, murabbiylar shtabi terma jamoadan qaytgan Abbosbek Fayzullaevning jismoniy va ruhiy holatini nazoratdan o‘tkazganidan keyin hamyurtimizning bo‘lajak bahsda qatnashish yoki dam olishi bo‘yicha yakuniy qaror chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev bir yil muqaddam o‘zini tarbiyalagan “Paxtakor” klubidan TsSKAga transfer qilingan edi. Toshkentliklarga bu transfer 500 ming evro keltirgan.
Abbos legioner sifatidagi ilk mavsumida 32 ta uchrashuvda ishtirok etib, beshta gol va 14 ta assist muallifi bo‘ldi. Hamyurtimiz Rossiya Premer-ligasining kashfiyoti sovriniga loyiq topildi.
Bir mavsum davomida Fayzullaevning transfer summasi bir necha baravar oshib, hozir 6 million evroni tashkil qilmoqda.
Fikrlar