Turkiya Superligasi yakuniga 1 tur qolganda Shomurodovning to‘purar bo‘lish imkoniyatlari qanday?
Turkiya Superligasining joriy mavsumi o‘z nihoyasiga yetib bormoqda. 33-tur doirasida “Istanbul Boshakshehir” “Samsunspor”ni yirik 3:0 hisobida mag‘lub etdi. E’tiborli, mazkur uchrashuvda Eldor Shomurodov ham gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Mavsum davomida o‘zbekistonlik hujumchi to‘purarlar poygasida jiddiy kurash olib bormoqda. Ayni paytda Shomurodov o‘z hisobiga 21 ta gol yozdirib qo‘ygan.
Futbolchi “Oltin butsa” uchun kurashda ikkinchi o‘rinni egalab turibdi. Peshqadam esa “Trabzonspor” a’zosi Pol Onuachu hisoblanadi. U 22 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Kuchli uchlikni esa 19 ta gol bilan Taliska yakunlab turibdi.
Agar Onuachu so‘nggi turda gol urolmasa va Eldor yana ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilsa, hamyurtimiz to‘purarlikda peshqadamga aylanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, “Istanbul Boshakshehir” navbatdagi turda “Gaziantep”ga qarshi maydonga tushadi. “Trabzonspor” esa safarda “Genchlerbirligi” bilan bahs olib boradi.

Fikrlar