
"Turon" Ahmedov, Ro‘ziev, Davronov, Norbekov va Muxtorov bilan shartnoma tuzdi va yana 2 nafar o‘yinchisi bilan kelishuv uzaytirildi
“Turon” klubi dekabr oyidagi yig‘in chog‘idayoq selektsiyadagi faolligi evaziga o‘zi uchun kerakli futbolchilar bilan kelishuvlarga erishishda davom etmoqda.
Bu borada “Turon” klubi matbuot xizmati bir qator yangi o‘yinchilar bilan shartnomalar imzolanganligi haqida e’lon qilyapti. Jumladan, “Navbahor”ni tark etgan Azim Ahmedov va darvozabon Rahim Davronov bilan bir yillik shartnomalar tuzildi.
Shuningdek, “Qo‘qon-1912” bilan xayrlashgan Quvondiq Ro‘ziev hamda Shoxnazar Norbekov bilan ham mavsum oxiriga qadar kelishuvlarga erishildi.
Qolaversa, “Lokomotiv” sharafini himoya qilgan Xurshid Muxtorov ham “Turon” bilan bir yilga mo‘ljallangan shartnoma tuzdi.
Bu hali hammasi emas. “Turon” ikki nafar o‘yinchisi bilan hamkorlikni yana davom ettiradi. Jumladan, Bilolxon Toshmirzaev bilan Humoyun Murtazoev ikki yillik shartnomaga imzo chekishdi.
Bundan oldin “Mash’al” posboni Dostonbek To‘xtaboev bilan ham kelishuvga erishilganligi to‘g‘risida xabar bergandik. “Turon” bu transferlar bilan cheklanib qolmoqchi emas. Boisi, yana yangi futbolchilar bilan muzokaralar davom etyapti.
Fikrlar