U-23 Osiyo kubogi. O‘zbekiston bosh murabbiyi Eronga qarshi o‘yindan keyin fikr bildirdi

  • 11.01.2026 01:44
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Saudiya Arabistonida 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasida Osiyo kubogi davom etmoqda. “C” guruhining ikkinchi turidan o‘rin olgan uchrashuvda O‘zbekiston Eron bilan 0:0 hisobida durang qayd etdi. Bellashuvdan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

"Bu jamoaga qarshi ochiq futbol ko‘rsatish qiyin edi. Bunga sabab — ularning tezligi va jismoniy jihatdan ustunligini inobatga oldik. Shunga qaramay, taktik jihatdan ishlab chiqilgan rejalarimiz bor edi. Masalan, uzun paslar — bu rejaning bir qismi edi. O‘yin davomida ko‘rganingizdek, bir-ikki marta samara berdi. Darvozabonning uzatmasidan so‘ng ikkinchi zonadan ochilib, hujum uyushtirish ham tayyorlangan variant edi. Har doim ham mayda paslar bilan o‘ynash va oldingi chiziqda doimiy pressing qo‘llash xavfli bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, raqibning himoyachilari yuqoriga ko‘tarilib o‘ynadi. Natijada birinchi bo‘lim davomida har ikki jamoada ham bir necha xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Amirbek Saidov ushbu taktikada muhim rol o‘ynadi, chunki u himoyachilarni o‘ziga jalb qilib, Ibragimov hamda Aliev uchun bo‘sh hududlar ochib berdi.

Futbolchilarda hech qanday qo‘rquv yo‘q. Birinchi navbatda tartib-intizomga e’tibor qaratyapmiz. Hozir biz rivojlanish bosqichidamiz. O‘ylaymanki, kelgusida kuchli jamoalarga qarshi ham hujumkor futbol ko‘rsata oladigan darajaga etamiz", — dedi mutaxassis.

Ma’lumot uchun, keyingi turda O‘zbekiston U-21 terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!