
U buyuk futbolchi! Ronalduning «Yuventus» safida o‘rnatgan 7 rekordi
Krishtianu Ronaldu «Real» jamoasi safida deyarli barcha rekordlarni o‘ziniki qilib olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Portugaliyalik afsona endilikda «Yuventus»da ham bir nechta rekord o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun ushbu rekordlarning ettitasiga alohida to‘xtalib o‘tamiz.
- A Seriyani eng tez zabt etgan futbolchi
Krishtianu Italiya chempionatida 50 ta gol kiritish uchun atigi 61 ta o‘yin sarfladi, xolos. Bu butun boshli chempionat tarixidagi eng yaxshi natija sanaladi. Qahramonimiz o‘zining yubiley golini 2020 yilda «Latsio» darvozasiga kiritdi. Shu tariqa, Krish A Seriyaning yaqin o‘tmishdagi yulduzi – Andrey Shevchenkoni quvib o‘tdi. “Sheva” 50 ta gol kiritish uchun 68 ta o‘yinda maydonga tushgan edi. Ronaldu esa, bu ishni 61 ta urinishda uddaladi.
- 30 ta gol chikora!
Yuqorida yodga olingan «Latsio»ga qarshi uchrashuvda Ronaldu ikkita gol kiritdi va jamoasi uchun muhim ochko keltirdi. Uchrashuvdagi ikkinchi goli Portugaliya terma jamoasi sardorining mavsum davomidagi 30-goli edi. Bu esa, o‘z-o‘zidan uni Angliya, Ispaniya va Italiyada bir mavsumda 30 ta gol kiritishni uddalagan futbolchiga aylantirdi.
Qahramonimiz 2007/08 yilgi mavsumda «Manchester Yunayted» safida 31 ta gol urishni uddalagan edi. Mavsum so‘nggida EChLda zafar quchgan Krish yakunda «Oltin to‘p»ga loyiq ko‘riladi. Keyin esa, u Madridga ko‘chib bordi. «Real» safida esa, 30 ta gol bir mavsum uchun normal holatga aylanib qoldi. Shu o‘rinda, yana bir kichik rekord: Ronaldu APL, «La Liga» va «A Seriya»da kamida 50 ta gol urgan birinchi futbolchiga aylandi.
- Ketma-ket 11 ta o‘yinda gol
Krish 2019/20 yilgi mavsumda ajoyib gollar seriyasini namoyish etdi. Qahramonimiz A Seriyaning ketma-ket 11 ta o‘yinida raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi va o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. Bunga qadar, ushbu rekord Gabriel Batistutaga tegishli edi. Argentinalik hujumchi 1994/95-mavsumda «Fiorentina» safida shu natijani qayd etgan edi. Shu o‘rinda, Krish APL, La Liga va A Seriyada ketma-ket 11 ta o‘yinda gol kiritgan yagona futbolchi sanaladi. Bu ham kichik rekordlardan biri sifatida Ronalduning hisobiga yozib qo‘yiladi.
- A Seriyadagi eng yaxshi portugaliyalik
Ronalduga qadar A Seriyada bir nechta afsonaviy portugaliyalik futbolchi to‘p surgan. Rui Koshta va Luish Figu shular jumlasidan. E’tiborlisi shundaki, Ronaldu ularni qisqa muddatda quvib o‘tdi va Italiya chempionatlaridagi eng yaxshi portugaliyalik futbolchiga aylandi. Uning hisobidagi gollar soni 66 taga etdi. Shu o‘rinda, yana bir qiziq rekord: Krish Apennin yarimorolida xet-trik qayd etgan birinchi portugaliyalik futbolchi sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin egallagan. U APL, La Liga va A Seriyada bir o‘yinda 3 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Bunday natija shuningdek, Aleksis Sanchesga («Udineze», «Barselona», «Arsenal») begona emas.
- Krish doimo sermahsulligi bilan qolganlardan ajralib turgan
U tomonidan o‘rnatilgan rekordni yaqin o‘rtada (Agar Messi yangilamasa) hech kim qaytara olmasa kerak. CR7 16 mavsumdan beri 10 tadan kam gol kiritgani yo‘q. U bu borada futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi sanaladi. Gap shundaki, shu kunga qadar birorta futbolchi «kuchli beshlik» klublari safida 18 mavsum qatorasiga 10+ natija qayd etmagan. Shuningdek, Krish 18 mavsumdan beri gol kiritishni uddalamoqda. Bu rekord biroz kamtar, ammo Ronaldu yana 3-4 mavsum shu tempda davom etsa, bu ko‘rsatkich ham yangi avlod futbolchilari uchun etib bo‘lmas cho‘qqiga aylanishi aniq.
- XXI asrdagi tengsiz!
Hozircha, Ronalduning Turindagi eng yaxshi natijasi bir mavsumda 31 ta gol bo‘lib turibdi. Bu natija 2019/20 yilda o‘rnatilgan edi. Bunga qadar, bir mavsum davomida birorta «Yuventus» afconasi bunday sermahsullik namoyish etmagan. Del Pero, Platini va Badjo ham bir mavsumda Turin superklubi safida 31 ta gol kiritishni uddalay olmagan. Faqat uzoq o‘tmishdagi Felisa Borelyagina bundan yaxshiroq natija ega. 1934 yilda Borelya Ronaldu singari bir mavsumda 31 ta gol urgan edi. Shu o‘rinda, yana bir rekord: hozircha, u bu borada XXI asrdagi «Yuventus»ning eng sermahsul futbolchisi bo‘lib turibdi.
- A Seriyadagi yubiley gol muallifi!
Bunday rekordni qayd etish imkoniyati A Seriyadagi barcha futbolchida mavjud edi. Ronaldu esa, ularning barchasini quvib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi shundaki, bu rekordni Turin derbisida amalga oshirdi. 2018 yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Krish tomonidan kiritilgan gol A Seriyaning yubiley – 5000 goli edi! Eng qizig‘i shundaki, bunga qadar «Yuve»ning boshqa futbolchilari Marko Di Vayo (2003 yil, 4000-gol) va Massimo Brioski (1984 yil, 3000-gol) bunday tarixiy voqeaning qahramoniga aylangan edi.
Fikrlar