
U ham oxirgi o‘yinini o‘tkazdimi yoxud "Paxtakor"ning qiziqishi va ikkinchi davrani qaerda boshlashi haqida "Andijon" etakchisi bilan suhbat
“Andijon” tarkibida ko‘zga tashlanib turgan yosh iste’dodlardan biri – Doniyor Abdumannopov allaqachon o‘zimizdagi va xorijdagi klublarning e’tiboriga tushgan. Juda abjir yigit.
Birinchi davradagi ko‘plab o‘yinlarda u “Andijon”ning eng yaxshilaridan biri bo‘ldi. Aslida mavsum avvalida andijonlik ushbu iqtidor egasi faoliyatini boshqa klubda davom ettirishi ham mumkin edi. Biroq u chempionatni yana bir bor sevimli jamoasida boshlashga qaror qildi.
Shunga qaramay, futbolchiga takliflar bo‘lib turibdi. Sports.uz muxbiri kuni kecha Abdumannopov bilan bog‘landi. Avvalo “Navbahor” maydonida qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan suhbat boshlandi.
- “Andijon” vodiy derbisi doirasida “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda o‘ta muhim g‘alabaga erishdi. Bu nimaning evaziga qo‘lga kiritildi?
- Avvalambor, yana bir marta “Andijon” jamoasini ajoyib g‘alaba bilan tabriklayman. Albatta, o‘yin derbiga xos tarzda o‘tdi. Shu bilan birga bu uchrashuv qiziqarli vaziyatlarga ham boy bo‘ldi deb bemalol ayta olaman. Bosh murabbiyimiz jamoani o‘yinga yaxshi tayyorlay oldi. Qolaversa, futbolchilarda g‘alabaga bo‘lgan xohish yuqori bo‘lgani uchun g‘alaba qozondik, deb o‘ylayman.
- Bir qarashda o‘yin durangga qarab ketayotgandek edi. Ammo oxirgi soniyalarda “Andijon”ning g‘alaba golini urib ketishini deyarli hech kim kutmagandi. Shunday ekan, sizlar ham uchrashuv tugamasidan avval bir ochkoga rozimidinglar?
- Unday deb o‘ylamayman. Jamoalar har soniyada hujumga o‘tishga va gol urishga urinishdi. Xudoga shukr, g‘alaba qozonish bizga nasib qilgan ekan.
- “Navbahor” bilan o‘tkazilgan uchrashuv Jasur Jaloliddinovning “Andijon”dagi oxirgi o‘yini bo‘ldi va u “Lokomotiv”ga o‘tib ketdi. Ayting-chi, mazkur o‘yin siz uchun ham “Andijon”dagi so‘nggisi bo‘ldimi?
- Oldindan aniq bir narsa deya olmayman. Variantlarni ko‘rib chiqamiz. Bu borada dadam bilan maslahatlashib keyin bir qarorga kelamiz. Chunki dadam menga o‘sishim uchun to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi. Shu bois dadam aytgan qarorni to‘g‘ri deb hisoblayman.
- Bu savolni bejizga berganim yo‘q. Chunki oxirgi paytlarda sizga “Paxtakor”dan jiddiy qiziqish bo‘layotgani xususida eshitib turibmiz. Chempion jamoa safida o‘zingizni qanday tasavvur qilyapsiz yoki bu siz uchun katta tavakkalchilikmi?
- Bu “Paxtakor” bilan o‘yindan so‘ng bo‘ldi. O‘ylashimcha, hamma joyda ham raqobat bo‘ladi. Tabiiyki, kuchli o‘yinchilarning orasida o‘sish ham bo‘ladi. Qaysi jamoa bo‘lmasin raqobatga tayyor bo‘lish kerak, deb o‘ylayman.
- Agar voqealar rivoji tezlashib, siz “Paxtakor”ga qo‘shilsangiz, u erda o‘ynab ketishga qanchalik tayyorsiz?
- Albatta, borgan joyimda raqobatlashaman, aynan shunday holatda futbolchi sifatida yanada ko‘proq o‘sishga erishishim mumkin.
- Bundan tashqari, xizmatingizga xorij klublaridan qiziqish borligi haqida ham ma’lumotlarga egamiz...
- Ha, albatta chetdagi klublardan ham takliflar bo‘lib turibdi. Agar aniq bir gap bo‘lsa, bu haqda ham xabarlar chiqadi.
- Xorij klublari orasida aynan qaysi taklif sizni ko‘proq qiziqtiryapti?
- Bu savolga hozir javob bera olmayman.
- Baribir ko‘pchilikni keyingi faoliyatingiz qanday kechishi qiziqtiryapti. Ikkinchi davrani yana “Andijon”da o‘tkazish imkoniyatingizni necha foizga baholaysiz?
- Bu xususida aniq bir narsa ayta olmayman.
- Umuman olganda, “Andijon”ning deyarli yakuniga etgan birinchi davradagi ishtiroki xususida qanday xulosaga ega bo‘ldingiz? Chunki jamoa faqat ikkita o‘yinda g‘alaba qozondi. Ko‘pchilikning nazdida tarkib etarli darajada kuchli emasdek...
- Jamoamiz bu yil deyarli yangi yig‘ildi. Eski o‘yinchilar qolmagan. Futbolchilar bilan bir-birimizni tushunishga va o‘z o‘yinimizni topishga uzoq vaqt ketib qoldi. Menimcha, buning sababi shu bo‘lsa kerak.
- Ikkinchi davrada chempionatdagi intriga yanada qiziydi. Sababi, barcha klublar kuchayishga harakat qilmoqdalar. “Andijon”ning Superligada jon saqlab qolish imkoniyati xususida qanday fikrdasiz?
- “Andijon” Superligada qolish uchun kurashmaydi. Xudo xohlasa, jamoa ikkinchi davrada umuman boshqacha o‘yin ko‘rsatadi va yuqori o‘rinlarga ko‘tariladi.
- Ikkinchi davrada jamoaga yangi bosh murabbiy zarurmi yoki Yorqin Nazarovga ishonch bildirishda davom etish kerakmi? Shaxsiy munosabatingizni bilmoqchimiz.
- Yorqin aka “Andijon”da bosh murabbiy bo‘lib ishlayotganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin jamoa o‘yinida yaxshi o‘zgarishlar bor. Murabbiy futbolchilarni o‘yinlarga har tomonlama tayyorlayapti. Menimcha, o‘yinlarimiz muxlislarga ham yoqyapti. Shuning evaziga Namanganda yaxshi natijaga erishdik.
Fikrlar