
Uchta klubimizda futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida FIFA taqiqi bor
O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev qaysi jamoalarning futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha taqiqi borligini ma’lum qildi.
"Futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida 3 ta klubda FIFA taqiqi bor: "Andijon", "Buxoro", "Nasaf".
"Nasaf"da muammo nisbatan kamroq. Chunki jamoaning asosiy futbolchilari bir necha yillik shartnomalarga ega, ular bilan yangi mavsumni boshlab olish mumkin. Ammo yangilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun FIFA taqiqi olinishi kerak. Klub harakatda. Yangilar ro‘yxatdan o‘tmasa, Berdievga oson bo‘lmasligi katta ehtimol: Superliga kuchaymoqda.
"Buxoro" ham harakatda. Tez orada FIFA undan taqiqni olib tashlashi kutilmoqda (bugun "Buxoro" turkmanistonlik noinsof futbolchi bilan so‘nggi hisob-kitobni qildi). Bizdagi ma’lumotga ko‘ra, muammoli bo‘lib turgan tojikistonlik uch futbolchidan ikkitasi bilan kelishuvga erishilgan. Yana bittasining masalasi qolgan. Shuningdek, "Buxoro"ning yana bir qarzi mavjudki, u to‘lab berilmagunicha, biz klubning xorijlik personallarini ro‘yxatdan o‘tkazmaymiz. Ishonamizki, ular vaziyatdan chiqishga ulgurishadi.
"Andijon" masalasi tushunarsiz. Katta taqiq turibdi, ammo klub bemalol Turkiyaga ketish harakatida yuribdi. Taqiqqa sabab 2015 yildan buyon qolib kelayotgan masala. Eskilarning bu xatosi yangi rahbariyatni ancha qiynab qo‘ydi. Klubda muammoni hal etishdan ko‘ra, undan qochish alomatlari sezilayotgandek. Afsuski, transfer oynasi yopilishiga 15 kun vaqt qoldi. Rahbariyatda hatto o‘ylash uchun vaqt kam, bugundan harakatga kirishaverish kerak.
Fikrlar