
"UFC 276" turnirining eng "dahshat"li to‘qnashuvida kimning imkoniyati yuqori? (So‘rovnoma)
2-iyul kuni AQShning las-Vegas shahrida "UFC 276" turniri tashkil etiladi. "T-Mobile Arena"da bo‘lib o‘tadigan ushbu jang kechasida bir qator qiziqarli to‘qnashuvlarning shohidi bo‘lamiz. Jumladan, markaziy jangda o‘rta vazn chempion Israel Adesanya da’vogar Jared Kannonirdan o‘z titulini himoya qilsa, ikkinchi markaziy to‘qnashuv yarim engil vazn (65,8 kg) toifasida Maks Xollouey chempion Aleks Volkanovski bilan bahs yuritadi.
Biz an’anaga sodiq qolgan holda, yurtimiz MMA olami vakillarining Volkanovskiy- Xollouey jangi borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
- Farruh Madaminov -murabbiy
- Jang qiziqarli kechadi. Ular o‘rtasidagi har ikki jangni tomosha qilsangiz, ikkisi ushbu divizionning xaqiqiy etakchisi ekanliklariga amin bo‘lasiz. Dastlabki, ikki jangda Xorllouey yomon harakat qilmagan. Qaysidir ma’noda teng jangni guvohiga aylanganmiz. Biroq, bu safar Volkanovskida imkoniyat yuqori. Chunki, u yanada mukammal jangchiga aylandi. Xollouey esa aksincha u qadar rivojlandi, deb ayta olmayman. Shuning uchun imkoniyatlarni 60/40 deya baholagan bo‘lardim.
- Abdumajid Mahmudov -menejer
- Nazarimda ushbu qarama-qarshilik "UFC 276" turnirining eng qiziq o‘tishi kutilayotgan to‘qnashuvi bbo‘ladi. Bir-biriga xos va mos raqiblar... O‘ylaymanki, muxlislar ham aslo zerikib qolmaydi. To‘g‘ri, ikki bor Volkanovski g‘alaba qozongan. Unda ruhiy jihatdan ustunlik bo‘lishi mumkin. Ammo Xollouey bu safar oktagonga borini tashlab chiqib ketadi. Shunisi bilan ham u katta xavf bo‘ladi, Volknovski uchun. Imkoniyatlarni 50/50 deyishim mumkin.
- Sherbek Bilolov -murabbiy
- To‘g‘risi, bu to‘qnashuvga bo‘lgan qiziqish markaziy jangdan ham yuqori bo‘lishi turgan gap. Chunki, printsipial raqiblar bahsi har doim qiziqarli bo‘lgan. Ular o‘rtasidagi ikki jang ham tomoshabop va shiddatli kechgan. Uchinchi to‘qnashuv ham ulardan aslo qolishmaydi. Chunki, Xollouey uchun ushbu azaliy raqibini mag‘lub etish yo‘lidagi so‘ngi urinish bo‘ladi. Shuning uchun Xollouey bu safar juda xavfli bo‘ladi. Imkoniyatlar 50/50!
- Mansur To‘g‘izboev -murabbiy
- Bu jang ular o‘rtasidagi 3-to‘qnashuv ekanligini inobatga olsak, har ikkisi bir-birini juda yaxshi o‘rganib bo‘lishgan. Ruhiy ustunlik Volkanovski tarafida. Chunki, 2 bor g‘alaba qozongan. Maks ham juda kuchli zarba sohibi ekanligini barcha biladi. Ammo, Volkanovskini ushbu jangda mag‘lub etishni uddalay olishiga shubham bor. Aksincha avstraliyalik jangchi muddatidan avval zafar quchadi, degan fikrdaman.
- Mavlonbek Mavlonov - murabbiy
- Agar, bu jang bir-ikki yil avval, ular o‘rtasidagi 2-jangdan keyin bo‘lganida hech shubhasiz Maksni g‘alaba qozonadi, degan bo‘lardim. Volkanovski shu ikki yil mobaynida chempionlik nima ekanligini tom ma’noda xis qilib ulgurdi. Qolaversa, darajasi ham oshdi, kurashi kuchaydi. Qisqa qilib aytganda bu safar ham Volkanovski ochkolar hisobida g‘alaba qozonadi.
- Jamol Mutalibov - MMA jangchisi
- Qizqiarli jang bo‘ladi. Ikkalasi ham yaxshi saviyadagi, kuchli jangchilar va bir-biriga osonlikcha taslim bo‘lishmaydi. Ular bir-birini zaif va kuchli jihatlarini yaxshi biladi. Avval, ikki bor to‘qnash kelgan va Volkanovskiga omad kulib boqqandi. Bu safar Xollouey bor imkoniyatini ishga solib, chempionlikni tortib olishga harakat qiladi. Biroq, Volkanovski juda aqlli jangchi...Umuman olganda imokniyatlarni 50/50 baholgan bo‘lardim.
- Humoyuddin Muxtorov -MMA jangchisi
- Menimcha bu safar ham jang to‘liq davom etadi va Volkanovski ochkolar hisobida g‘alaba qozonadi. Chunki, ular bir-birini o‘rganib bo‘lishgan. Xollouey uchun bu hayot-mamot jangiga aylanadi, desam yanglishmagan bo‘laman. Ikki mag‘lubiyati unga qo‘shimcha motivatsiya berishi mumkin. Biroq, Volkanovski juda aqlli jangchi va oktagonda g‘alaba qozonish uchun barchasini amalga oshiradi.
Fikrlar