Uluğbek Baqoev: "Fikrimcha, "Mash’al" futbolchilarida ruhiy jihatdan inqiroz kuzatilayapti"
O‘zbekiston Kubogi 2-tur doirasida "Mash’al" hamda "So‘g‘diyona" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda 1:2 hisobida jizzaxliklar g‘alaba qo‘zondi va muddatidan avval keyingi bosqich masalasini hal qildilar.
Mazkur uchrashuvdan so‘ng "So‘g‘diyona" bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev matbuot anjumanida fikrlarini bildirdi. Bu xususida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
- Ob-havo sharoitidan kelib chiqsak, qiyin o‘yin o‘tkazdik, degan bo‘lardim. Muhimi, birinchi golni urib oldik. "Mash’al" ustunlik qilishga, vaziyatlar yaratishga harakat qildi. Darvozamiz oldida keskinlik yarata oldi. Biz esa ikkinchi to‘pni kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Tanaffusga qulay hisobda yo‘l oldik. Hammasi yaxshi ketayotgandi. Raqib qarshi hujumlarda jazolashga urindi, shu bois o‘yin oxiri asabiy kechdi, degan xulosa bor. "So‘g‘diyona" jamoasini, futbolchilarimni g‘alaba bilan tabriklayman. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz, — deydi Ulug‘bek Bakaev.
- O‘zingizga ko‘rsatilgan sariq kartochka borasida fikringiz qanday?
- Futbolda hissiyotlar shunday junbushga keladi. Bu vaziyatda to‘qnashuv bo‘ldi.
- Turli jamoalar boshqaruvida "Mash’al"ga qarshi futbolchilarni boshlab tushgansiz. O‘yinchilik vaqtingizda ham to‘qnash kelgansiz. Chetidan qaraganda "Mash’al"ning bunday inqirozga tushib qolishiga nima sabab deb o‘ylaysiz?
- Avvalo boshqa jamoalardagi vaziyatni muhokama qilishga haqqim yo‘q. Bu etikaga ham to‘g‘ri kelmaydi. Boz ustiga matbuot anjumanida. Lekin fikrimcha, "Mash’al" futbolchilarida ruhiy jihatdan inqiroz kuzatilayapti. Ko‘rinib turibdi, to‘pni nazorat qilishmoqda, zarbalar, qarshi hujumlar hammasi bor. Faqat ruhiyat yetishmayapti. Ketma-ket mag‘lubiyatlar albatta bosim yuklaydi. Bu professional fikrim. Ammo jamoa ichida nima bo‘layotganini bilmayman.
- "Mash’al" uy uchrashuvlarini G‘uzorda o‘tkazmoqda. Bugungi uchrashuvda maydon sifatiga qanday baho berasiz? Maydon Superligani qabul qila oladimi?
- Bu haqida futbolimiz mutasaddilariga yuzlanish kerak. Kim ruhsat berish yoki bermasligini biz hal qilmaymiz.

Fikrlar