Ulug‘bek Baqoev: Kimga qarshi o‘ynashimizning qizig‘i yo‘q, lekin...

  • 31.10.2020 07:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol

Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi 21-turda safarda “Buxoro”ni 2:5 hisobida dog‘da qoldirdi. Natijada Ulug‘bek Baqoev bosh murabbiyligidagi klub 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Bilasiz, Ulug‘bek Istamovich asli buxorolik va katta futbolga o‘sha erda qadam qo‘ygan. Shu sababli sobiq jamoasiga befarq bo‘lmasa kerak. Ammo u professional murabbiy sifatida o‘z jamoasini buxoroliklarga qarshi yaxshi tayyorlagani ko‘rinib turdi.

O‘tgan yili esa “So‘g‘diyona” faxrli 4-o‘rinni egallagandi. Bu yil esa klub mavsum yakuniga qadar o‘sha natijasini takrorlay olarmikin? Ulug‘bek Baqoev esa sports.uz sayti uchun bir qancha mavzular bo‘yicha o‘zining shaxsiy fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Chempionatning oxirgi to‘rtta turi markazlashgan holda o‘tkazilishi

“So‘g‘diyona”  uchun plyusmi yoki minus?!

-  Gap plyus yoki minuslarda emas, balki ob’ektivlikda, - deya gap boshladi Baqoev. - Birinchi davraning oxirgi to‘rtta o‘yinini markazlashgan hududda o‘ynagandik. Endi esa ikkinchi davraning oxirgi uchrashuvlarini ham mana shu yo‘sinda o‘tkazamiz. Bu sport tamoyillari nuqtai nazaridan olib qaraganda to‘g‘ri bo‘ladi. PFL shunday qaror qabul qilgan ekanmi, demak hammasi to‘g‘ri.

1_4

“Buxoro” darvozasiga beshta gol urilgan o‘yin haqida

-  Qarang, yana gap sport tamoyillariga borib taqalmoqda. Uchta jamoa elitada jon saqlab qolish uchun kurash olib bormoqda: “Buxoro”, “Surxon” va “Andijon”. Hozirda “Buxoro” oxirgi o‘rinni band etib turibdi. Yaqqol autsayder bo‘lib turgan “Buxoro”ga qarshi o‘yinni yuqori darajada o‘tkazdik. Biz har qanday raqibni hurmat qilamiz va shuning barobarida maydonga g‘alaba qozonish maqsadida tushamiz. Maydonda esa hammasini o‘yin hal qiladi. Gohida g‘alaba qozonasiz, gohida imkoniyatni boy berib qo‘yasiz. Yigitlar "Buxoro"ga qarshi juda yaxshi o‘yin namoyish etishdi. Shuning uchun ham biz g‘alaba qozondik. O‘z navbatida “Buxoro” futbolchilarining intizomli o‘yin namoyish etganlarini ta’kidlab o‘tmog‘im kerak. Umuman olganda, kimga qarshi o‘ynashimizning qizig‘i yo‘q. Raqibni hurmat qilamiz, lekin maydonda faqat yaxshi natija uchun kurash olib boramiz.

Superligani kim tark etadi?

-  Bu savolga dabdurustdan u yoki bu jamoaning imkoniyati pastroq, deya javob qaytarish mushkul. Qolaversa, autsayderlar o‘rtasidagi o‘zaro to‘qnashuvlar ham bor, shundaymi? Aynan mana shunday bellashuvlarda klublarning taqdiri hal bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, Superligada qolish uchun o‘tadigan o‘zaro to‘qnashuvlar ularning taqdirini hal etishda juda muhim rol o‘ynaydi. Bu mening shaxsiy fikrim.

4

Sobiq jamoasining imkoniyatlari va klubga nima etishmayotgani xususida

-  Rostini aytsam, “Buxoro”dagi muammolar ildizi qaerga borib taqalishidan mutlaqo bexabarman. Chunki endilikda “So‘g‘diyona”da ishlayapman. Boshqa jamoalarda nimalar sodir bo‘layotganidan bexabar qolishim mantiqan ham to‘g‘ri. Nazarimda, bu savolingizni aynan “Buxoro”da ishlayotganlarga bersangiz to‘g‘riroq bo‘lardi. Bu kabi savolga rahbariyat yoki murabbiylar tayinli javob aytishlari mumkin.

Endigina bitta gol urgan Nasimov “So‘g‘diyona”ga qanchalik yordam beryapti?

-  Garchi Bahodir Nasimov kam gol kiritayotgan bo‘lsa-da, jamoaga katta yordam ko‘rsatib kelyapti. U o‘z xarakteri bilan sheriklarini ruhlantiryapti. Ko‘pincha zaxiradan maydonga tushishiga to‘g‘ri kelsa-da, qolgan futbolchilarni ruhlantirishni yaxshi uddalamoqda. Har qanday futbolchining o‘yinida va faoliyatida yuqoriga ko‘tarilish va buning aksi o‘laroq pastga sho‘ng‘ishlar bo‘ladi. To‘g‘ri, bu yil Nasimovda hammasi ko‘ngildagidek chiqqani yo‘q. Lekin kam gol urayotganiga qaramay, Bahodir “So‘g‘diyona”ga katta yordam berib kelyapti. Murabbiy sifatida unga hech qanday e’tirozim yo‘q.

2_1

Baqoev o‘tgan yilgi natijasini takrorlay oladimi?

-  Bu savolingizga javob berishim qiyinroq. To‘g‘ri, o‘tgan yili klub mavsumni 4-o‘rinda yakunlagan. Biroq bu safar yuqoridagi jamoalar bizdan sezilarli farq bilan ilgarilab ketishgan. Shunday bo‘lsa-da, qolgan uchrashuvlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga harakat qilamiz. Axir oldinda yana beshta tur bor. Shunday ekan, keling, hammasi qanday yakun topishini kuzataylik. Futbol shunday o‘yinki, unda yakuniy natija mana shunaqa chiqadi, degan gaplar o‘zini oqlayvermaydi. Faqat shuni aytishim mumkinki, qolgan uchrashuvlarda ham maydonga maksimal natija qayd etish maqsadida tushamiz.

Rostini aytsam, joriy yil musobaqa jadvalida 7-o‘rinni band etib turganimizdan qoniqish hosil qilmayapman. Chunki ko‘plab ochkolarni qo‘ldan boy berdik. Agar oldingi bellashuvlarda kamroq ochkolar yo‘qotganimizda hozirgi holatimiz butunlay boshqacha bo‘lardi. Bir tomondan olib qaraganda, klubimizning joriy mavsumdagi ishlari yomon kechmayotganidan qoniqish hosil qilish mumkin. Bundan keyin oldingi xatolarni takrorlamaslik maqsadida ishlaymiz. Lekin hozirda 7-o‘rinni band etib turganimizdan baribir klub ustozi sifatida qanoat hosil qila olmayapman.

Bu yilgi Superligamizning mavqei qanday?

-  Joriy yilda ham “Paxtakor”ning shohsupaga ko‘tarilishi deyarli aniq bo‘lib qoldi. Shunday ekan, endi qolgan yuqori o‘rinlar uchun boshqa klublar o‘rtasida jiddiy kurash kechadi. Bunday kurashni kuzatish ancha qiziqarli. Chunki sovrindorlar qatoridan qaysi klub joy egallashi hammani qiziqtirmasdan qo‘ymaydi. Ustiga-ustak musobaqa jadvalining quyi pog‘onalarini band etib turgan autsayderlarning taqdiri qanday kechishi ham barchani birdek qiziqtiradi. Jadvalning o‘rta pog‘onalarida borayotganlar esa qolgan uchrashuvlarda yuqori o‘rinlardan joy egallash ilinjida maydonga tushishadi. O‘ylaymanki, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun kurash AGMK va “Nasaf” klublari o‘rtasida kechadi. Shuningdek, “Qo‘qon-1912” bilan “Bunyodkor” jamoalari ham mavsumni iloji boricha yuqori pog‘onalarda yakunlash payida bo‘ladilar. Bundan tashqari, “Metallurg”da ham sovrindorlar qatoridan joy egallash imkoniyati saqlanib turibdi. Demak, qolgan ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun mana shu yuqorida nomlari sanab o‘tilgan jamoalar o‘rtasidagi kurash juda qiziqarli kechadi, nazarimda. Kumush va bronza medallar uchun kurash aynan shu klublar o‘rtasida hal bo‘lishi ko‘rinib turibdi.

Jizzaxdagi faoliyati Baqoev uchun tramplinmi?

-  O‘ylaymanki, “So‘g‘diyona”da olib borayotgan ishlarim murabbiylik faoliyatimning yangi bosqichga ko‘tarilishda tramplin vazifasini o‘taydi. Murabbiy mana shunday o‘yinlarda mag‘lubiyatlar, duranglar va g‘alabalar qorishmasida o‘sib, shakllanib boradi. Agar mutaxassis xatolarni to‘g‘rilab, ularni takrorlamasdan saboq oladigan bo‘lsa, albatta o‘sishga erishadi.

3_1

Ishonchini qozonayotgan yoki aksincha bo‘lgan futbolchilari bormi?

-  Jamoamizdagi yigitlarning ishga bo‘lgan munosabatidan qoniqyapman. Ular mashg‘ulotlarda va uchrashuvlarda bor kuchlarini ishga solishyapti. Shunday ekan, shogirdlarimga umuman e’tirozim yo‘q. Bu – futbol. Futbolda esa g‘alabalar bilan mag‘lubiyatlar ham yonma-yon yuradi. Hammasni borligicha qabul qilish kerak. Qo‘l ostimdagi yigitlarning baridan minnatdor ekanligimni aytishim darkor.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
31/10/2020 12:17
Бакоев эркатойи Насимов унамасдан майдонда айланиб юрса хам кейинги уйинларда тушаверади
Mirali Hcerali
31/10/2020 11:13
Яхши макола бу'либди Шух,ратбек сизга бир савол Бак,оев у'рисми йо у'збек ку'п мак,олаларда у'рисча су'злаяпди