
Ummon bosh murabbiyi: "O‘zbekistonning Eronga qarshi o‘yinini kuzatish qiziqarli tuyulyapti..."
"CAFA Nation's Cup" turniri o‘zining hal qiluvchi pallasiga etib keldi. Ertaga musobaqaning 3-o‘rin uchun va final bahslari bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yin oldidan Ummon jamoasi bosh murabbiyi Branko Ivankovich o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Hammaga assalomu alaykum! O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga musobaqa uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Turnirning oxirgi o‘yini qoldi. Bu bahsda bor kuchimiz bilan harakat qilib, g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
Tashkilotchilik masalalari a’lo darajada. Qirg‘izistonga qarshi 6 oydan so‘ng yana ro‘baro kelmoqdamiz. Raqibga qarshi finalda o‘ynayotgandek munosabatda bo‘lishimiz kerak. Ushbu bahs biz uchun katta ahamiyatga ega. Ko‘plab futbolchilarimizga imkon berishni ham reja qilmoqdamiz.
Qisqa vaqt mobaynida ko‘p o‘yin o‘tkazdik. Shuningdek, bu o‘yinlar bizga Osiyo kubogiga tayyorgarlik vazifasini ham o‘tab beradi. Bu biz uchun yaxshi tajriba bo‘lishiga to‘la ishonaman.
Har qanday jamoa bilan o‘yin hozir oson bo‘layotgani yo‘q. U xoh Eron, xoh O‘zbekiston bo‘lsin raqib bellashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib keladi. Menimcha, jamoalar o‘rtasida jiddiy farq yo‘q.
O‘zbekistonga qarshi yomon o‘ynadik, deya olmayman. Bosh murabbiy Katanetsni yaxshi bilaman. Termada yosh va tajribali futbolchilar etarlicha. Sizda "Roma"da, hozir "Spetsiya"da o‘ynayotgan Shomurodov bor. Umuman olganda, mamlakatingizning Eronga qarshi o‘yinini kuzatish qiziqarli tuyulyapti. Sababi, Eron Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Bu qiziqarli va shiddatli uchrashuv bo‘ladi, menimcha", - dedi mutaxassis.
Fikrlar