
Usik-Joshua o‘rtasidagi revansh jangida kimning imkoniyati yuqori? O‘zbekiston boks olami vakillari javob berdi
20 avgust kuni professional boks olamidagi ajoyib to‘qnashuvni guvohiga aylanamiz. Og‘ir vazn toifasida WBO, IBF, WBA, IBO chempionlik kamarlari uchun ukrainalik Aleksandr Usik hamda britan bokschisi Entoni Joshua o‘rtasida revansh jangi tashki etiladi. Dastlabkisida Usik g‘alaba qozonib, aynan Joshuaga tegishli bo‘lgan ushbu kamarlarni qo‘lga kiritgandi.
Biz an’anaga muvofiq ushbu revansh jangi borasida yurtimiz boks olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Akromxodja Shadixodjaev - Lift promouterlik kompaniyasi rahbari
- Bu safar avvalgisidan ko‘ra, shiddatliroq va iziqarli jangni guvohiga aylanamiz. Har ikkisida g‘alaba qozonish ehtimoli yuqori. Lekin bilasizmi, bu jang durang yoki Joshuaning g‘alabasi bilan yakunlanishi ham mumkin. Chunki, professional boks bu qaysidir ma’noda biznes va bunday janglar katta moliyaviy foyda keltirishi mumkin. Ular o‘rtasidagi 3-jangga bo‘lgan qiziqish ham avvalgilari kabi katta e’tiborga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, bu jangda har narsa ro‘y berishi mumkin.
Abduvohid Jalolov - murabbiy
- Bu galgi jangda Entoni Joshua g‘alaba qozonadi. Har ikkisi ham jismoniy va taktik jihatdan juda yuqori darajadagi bokschilar sanaladi. Bu erda ruhiy jihat muhim rol o‘ynaydi va aynan shu tomonlama Usik imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Chunki barchaga ma’lum Ukraina va rossiya o‘rtasidagi mojoralar Usikka o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. albatta, bu mening shaxsiy fikrim.
Alisher To‘ychiev - murabbiy
- To‘g‘risi, Usikni jang olib borishi juda yoqadi va unga muxlislik qilaman. Sterdaunlarini tomosha qilib, Usikda barchasi joyida ekanligi va ruhiy jihatdan ham tayyor ekanligini namoyish etdi. Bu safar Usik yanada yaxshi harakat qiladi va g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
Sardor Rahimov - jurnalist
- Bu jangda avvalo, har ikkisining jismoniy holati muhim rol o‘ynaydi. Agar, bu safar ham avvalgi jang stsenariysi ostida davom etadigan bo‘lsa, Usik yana g‘alaba qozonadi. Chunki, avvalgi jangda Joshua tezlik bobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Ha, Usik undan anchagina tezkorroq, bilasiz u engilroq vazn bokschisi edi. Shunday ekan, Joshua agar avvalgi jangdan xulosa qilib, nimanidir o‘zgartirmagan bo‘lsa, baribir g‘alaba qozonish imkoniyati past. Biroq, men baribir 70/30 Usikni g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman.
Bahodir Jalolov - bokschi
- Bu safar ham Usik yutadi, degan fikrdaman. Chunki, uning maktabi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Oyoqda ham ajoyib harakatlanadi. Umuman olganda uning havaskor boksdagi tajribasi qo‘l keladi. Biroq, bu professional boks va bunda bitta zarba ham jang taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin. Agar, Joshua o‘zining zarbasini tekkiza olsa...
Jasurbek Latipov - bokschi
- Revansh jangi ham qiziqarli o‘tishi tayin. Sababi, bir-biriga mos raqiblar. Birinchi jang shuni ko‘rsatdiki, ukrainalik bokschi raqibiga nisbatan juda tezkor va taktik jihatdan ajoyib harakatlana olishi va har qanday raqibga yo‘l topa olishini ko‘rsatdi. Shuning uchun jang 12 raund davom etadigan bo‘lsa, Usik ochkolar hisobida g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman. Biroq, bu og‘ir vazn toifasi va Joshuaning zarba kuchi baribir Usiknikidan kuchliroq, deb o‘ylayman. Shunday ekan, britaniyalik bokschi birorta o‘ylagan zarbasini o‘tkaza olsa, g‘alaba u tomonga o‘tib ketishi ham mumkin. imkoniyatlarni 50/50 deya baholagan bo‘lardim.
Mirzakamol Ne’matov - bokschi
- Bu jangda Usikni imkoniyati yuqori deb o‘ylayman. Joshua u qadar zarba ham ko‘tara olmaydi. Lekin 1-jangdan Joshua xulosa qilgani aniq va bu safar Usikka qiyin bo‘ladi. Ammo, unda tezlik juda yuqori va bu safar ham g‘alaba qozonsa kerak.
Jalol Ahmedov - jurnalist
- 20 avgust kuni bizni og‘ir vaznlilar o‘rtasidagi yana bir ajoyib to‘qnashuv kutib turibdi. Ikki Olimpiada chempionlari Usik va Joshua o‘zaro revansh jangini o‘tkazadi. Albatta, bu jangda Usik favorit. Birinchi bahsdagi g‘alabadan so‘ng, unda ruhiy jihatdan ustunlik ham bor. Texnikaga keladigan bo‘lsak, Usik ancha tezkor va garchi og‘ir vaznda jang qilsa ham o‘zini ancha yaxshi his qiladi. Joshua esa joyida ko‘p turib qoladi va nisbatan sekinroq harakat qiladi. Men ushbu revansh jangida ham ochkolar hisobida Usik g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
Bahromjon Fozilov - bokschi
- To‘g‘risi, bu safar Joshuaning imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lardim. U 1-jangdan to‘g‘ri xulosa chiqara olgan. Chunki, Uning Endi Ruis bilan janglarini ham ko‘rganmiz. Dastlabkisida mag‘lub bo‘lib, keyingi to‘qnashuvda to‘g‘ri taktika qo‘llay olgandi. Bu safar ham u Usik to‘sig‘iga qarshi kerakli taktika qo‘llaydi, degan fikrdaman va bu jangda nokdaun va nokaut ko‘rsak kerak.
Fikrlar