Xabib Nurmagomedov O‘zbekistonga tashrif buyurib, sportchilarga maslahatlar berdi
O‘zbekiston Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi taklifiga ko‘ra, aralash jang san’ati yulduzi, UFCning sobiq mutlaq chempionlaridan biri, jahonga mashhur Xabib Nurmagomedov mamlakatimizga aralash jang san’ati faoliyati bilan tanishish maqsadida tashrif buyurdi.
Faxriy mehmon “Jar” sport majmuasida joylashgan O‘zbekiston Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi markaziy idorasi faoliyati bilan tanishdi. U erda uni assotsiatsiya raisi Aziz Toshpo‘latov, MOQ raisi birinchi o‘rinbosari va Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov hamda boshqa mutasaddilar kutib olishdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda aralash jang san’atini rivojlantirish, sportchilar tayyorgarligini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xabib Nurmagomedov o‘z tajribasiga tayana turib, sportchilarni professional tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar berdi va O‘zbekiston sport salohiyati yuqori ekanini ta’kidladi.
“Hozirda O‘zbekiston boksda dunyoda etakchi mamlakatlardan biriga aylangan. Agar yoshlarga aralash jang san’atida ham to‘g‘ri yo‘nalish va sharoit yaratilsa, ular yaqin kelajakda dunyodagi kuchli sportchilar safida bo‘lishadi”, — dedi Nurmagomedov.
Shuningdek, u yosh sportchilar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularni ilhomlantiruvchi nutq so‘zladi va shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Tashrif nafaqat aralash jang san’ati, balki umumiy sport salohiyatini oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.



Fikrlar