
Xoland yangi shartnoma oladi
“Manchester Siti” rahbariyati debyut mavsumidayoq to‘purarlik mahoratini namoyish qilib kelayotgan Erling Xolandga yangi shartnoma beradigan bo‘ldi.
Yaqinda norvegiyalik hujumchining shartnomasidan uni 2024 yilning yozida 180 million evroga xarid qilish mumkinligini kafolatlaydigan band olib tashlandi. Bosh murabbiy Xosep Gvardiola klub bilan shartnomasini uzaytirganidan keyin, avvaldan kelishilganidek, yuqoridagi band bekor qilindi.
“Shaharliklar” 22 yoshli futbolchiga qudratli klublardan qiziqish bo‘layotganini inobatga olib, u bilan bitimni yangilab qo‘ymoqchi.
Tez orada norvegiyalik forvard bilan muzokara boshlanadi. Mutaxassislar Erling Xoland “Siti”da o‘zini baxtiyor his qilayotgani bois, masala oson echim topishini ta’kidlamoqda.
Fikrlar