
Xorijni ko‘zlagan iste’dodlarimiz sinib qolmasin!
Joriy mavsum avvalida o‘zbekistonlik futbol muxlislari Rossiya premer-ligasini katta ishtiyoq bilan kuzata boshlagan edi. Sababi tayin – ikki futbolchimiz Moskva grandlari bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi, ya’ni Oston O‘runov “Spartak”da, Jasur Jaloliddinov “Lokomotiv”da besh yil to‘p tepish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, Eldor Shomurodov “Rostov”ni yana Evrokuboklarga olib chiqishi kerak edi.
Bugungi kundagi eng mashhur futbolchimizga aylangan Shomurodov “Jenoa”ga o‘tib ketganidan keyin hamyurtlarimiz A Seriya o‘yinlarini ham muntazam katta qiziqish bilan kuzatishga o‘tdi. Hozircha Eldorning Italiyadagi ishlari yomon emas, u o‘z o‘yini bilan hammamizni xursand qilmoqda.
Rossiya premer-ligasida qolgan ikki futbolchimiz uchun ushbu mavsum faoliyatidagi eng omadsizi bo‘ldi. “Ufa”ga o‘tganidan keyin kreativ o‘yinlari bilan Rossiya chempionatining eng zo‘r yosh futbolchilari qatoriga qo‘shilgan Oston O‘runovning o‘zi ham, faoliyati ham o‘sishdan to‘xtadi. Unga “Lokomotiv”, “Spartak”, “Rubin”, TsSKA, “Zenit”, “Krasnodar” kabi jamoalardan jiddiy qiziqish va ayrimlaridan aniq takliflar bo‘lgandi. Ostonni Rossiya futboliga olib kirgan Shamil Gazizov o‘zbek futbolchisini o‘zi bilan “Spartak”ga olib o‘tdi. Har doim bosim kuchli bo‘lgan bu jamoada o‘ynab ketish juda og‘ir ekanini ko‘pchilik yaxshi biladi.
To‘g‘risi, bundan na klub, na futbolchiga foyda bo‘ldi. Bu transfer to‘lig‘icha Shamil Gazizov manfaatiga xizmat qildi. Bu mutaxassis transferdan so‘ng, Ostonga “Gerta”dan besh million evrolik taklif borligini, biroq O‘runovning narxi mavsum oxiriga borib, 25 million evroga “tortishini” ta’kidlagan edi.
Amalda g‘irt teskarisi bo‘ldi. O‘runov “Spartak” tarkibiga kirolmadi. Rossiya matbuotining yozishicha, qishki yig‘inda ham futbolchimiz murabbiylar ishonchini qozona olmagan. Avvalroq, moskvaliklar yosh yarim himoyachini “Rubin”ga bermadi, keyin “Ufa”ning 1 million evrolik taklifini qabul qilmadi.
Agar “Spartak” Kvinsi Promesning transferini hal qilsa, bir nafar legioneridan voz kechadi. Bu katta ehtimol bilan Oston bo‘ladi. Demak, bosh murabbiy Domeniko Tedesko va klub rahbariyati O‘runovni olib qolmasa, hamyurtimiz oldida ikkita variant qolmoqda. Birinchisi, “Spartak”ning ikkinchi jamoasiga o‘tib, Milliy futbol ligasida Vagiz Galiulin, Bobir Davlatov va Vitaliy Denisov bilan raqobatlashishi mumkin. Yana bir yo‘l “Tambov” uchun o‘ynash. Chunki premer-liga klublari parokandalikka yuz tutgan “Tambov”ga bepul futbolchi berishni taklif qilmoqda. Tambovliklarga yordamga shoshilayotganlar orasida “Spartak” ham bor. Oston premer-ligada qolishi uchun vaqtinchalik tambovliklar safiga qo‘shilish ehtimoli ham yo‘q emas.
Katta umid bag‘ishlagan Jasur Jaloliddinov transferidan ham faqat Yuriy Belous boshchiligidagi agentlar yutgani ko‘p gapirildi. Qariyb bir million evrolik transfer summasining katta qismi aynan agentlar cho‘ntagidan joy oldi. Jasurning bu transferdan olgan foydasi achchiq haqiqat va katta dars bo‘ldi. Uning iqtidori nafaqat grand klub – “Lokomotiv”, balki inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan “Tambov”ga ham kerak bo‘lmadi. Oqibatda yarim mavsum davomida birorta uchrashuvda maydonga qadam bosmagan futbolchi Rossiya futboli bilan aloqalarni uzdi.
Yuriy Belous va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov Jasurga xorijdan jo‘yali takliflar borligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, buning amaliy isboti hali ko‘ringani yo‘q. Futbolchi “Bunyodkor” tarkibila nazorat o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatib yuribdi xolos.
Yana bir qiziq jihati, Jasurni ortiqcha maqtab, “Yaqin kelajakda “Lokomotiv” etakchisi bo‘ladi va Joau Mariudan kuchli o‘yinchi” ekanini ta’kidlagan Yuriy Belous amalda rus klublarining ishonchini ham yo‘qotgan ko‘rinadi. Yaqinda yana bir iste’dodli futbolchimiz Sanjar Qodirqulovni legionerga aylantirishga uringan rossiyalik mutaxassisning harakatlari zoe ketdi. Belous tomonidan tavsiya qilingan Qodirqulovga Rossiya klublaridan qiziqish bo‘lmadi va u o‘zimizning “Lokomotiv”ga o‘tib, Superligamizda mahoratini namoyish etadigan bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinov kabi yosh futbolchilarimizning Rossiyaning grand klublaridagi faoliyati o‘zini oqlagani yo‘q. Bundan faqat agentlar foyda ko‘rgani kundek ravshan. Biz esa bunaqada milliy futbolimiz kelajagi bo‘lgan eng iste’dodli futbolchilarimizni yo‘qotib qo‘yishimiz xavfi bor.
O‘z navbatida, yosh o‘yinchilarimiz ham yangi jamoa tanlashdan oldin o‘z imkoniyatlariga to‘g‘ri baho berishni o‘rganishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Nomdor jamoa zaxirasida muqim o‘tirgandan ko‘ra, iste’dodini to‘liq ochish va namoyish qilish uchun kamtarroq klublar etakchisi bo‘lish ancha foydaliroq. Zero, Shomurodov tutgan yo‘l bunga isbot bo‘la oladi.
Shomurodov Rossiyaning o‘rtamiyona jamoasining eng kuchli futbolchilaridan biri sifatida A Seriyaning autsayder klubiga o‘tdi. “Jenoa” endi autsayderlar qatoridan chiqdi. Bunda Eldorning ham xizmatlari bor. Grand klubda o‘ynamayotgan bo‘lsa-da, ana shu darajadagi klub – “Yuventus” e’tiborini qozondi. Nomdor klub zaxirasida bu darajaga erishib bo‘lmasdi, albatta. Shunday ekan, futbolchilarimiz katta klublardan pastga sho‘ng‘igandan ko‘ra, bosqichma-bosqich o‘sishga erishib, sekin-asta yuqoriga ko‘tarilgani hamma uchun ma’qulroqdir.
Fikrlar