Xusanov, Fayzullaev va Shomurodov Portugaliyaga qarshi qanday o‘ynadi?
Jahon chempionati guruh bosqichi ikkinchi turida O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi bahsda maydondon yirik hisobda mag‘lub tark etdi – beshta to‘p darvozamizdan o‘tdi, o‘z navbatida kiritilgan yagona gol esa hisobga olinmadi.
Onlayn nashr "Yevro-Futbol.Ru" ushbu o‘yindan so‘ng "Manchester Siti" himoyachisi Abdukodir Xusanov va O‘zbekiston terma jamoasi safida maydonga tushgan, Abbosbek Fayzullaev hamda Eldor Shomurodovga o‘z baholarini berdi. Sharh Eldordan boshlanadi.
Eng yuqori baho – 10 ball (o‘yin boshidagi start bahosi – 6,0).
ELDOR SHOMURODOV – 7,0. Eldor oldingi chiziqda yakkalanganiga qaramay, juda ko‘p kurashlarga kirishdi va 16 ta yakkakurashning to‘qqiztasida g‘olib chiqdi. Bir o‘zi raqib yarim maydonida jang qilib, o‘yin taqdirini o‘zgartirish qiyin, ammo u shunga qaramay jamoaga yordam berishga urindi. Jarima maydoni chetiga yaqin masofadan yo‘llagan yagona zarbasi aniq chiqmadi, lekin Shomurodov to‘rt bor sheriklarini hujumga chiqarib, hal qiluvchi uzatmalar berdi.
ABBOSBEK FAYZULLAEV – 3,0. Abbosbek hali-hanuz "katta umid uyg‘otgan" toifasidan chiqolmayotgan futbolchi sifatida baholandi. Tezligi, dribblingi, qanotdan o‘tib ketishlari – barchasi bor, ammo yuqori darajadagi o‘yinchi bo‘lish uchun buning o‘zi yetarli emas. Aniq uzatmalar, xavfli paslar, o‘tkirlashtiruvchi harakatlar yetishmayapti. Ikkinchi taym boshida Fayzullaev darvoza tomon yaxshi zarba yo‘lladi, ammo darvozabon Koshta uchun bu katta muammo tug‘dirmadi. Abbosbekni raqib jarima maydoni yaqinida Kanseluga qarshi faol pressing uchun maqtash mumkin, biroq to‘pni folsiz tortib olish uchun unga bir ozginagina yetishmaydi. Oqibatda esa G‘aniev tomonidan urilgan go‘zal gol Fayzullaev tomonidan hujumda qoida buzilgani sababli bekor qilindi.
ABDUKODIR XUSANOV – 2,0. Hozircha Xusanov himoyani yolg‘iz o‘zi "tashib yuradigan" darajadagi futbolchi emasligi ko‘rindi. Aksincha, u ham xatolarga yo‘l qo‘ygan jamoadoshlar qatoriga qo‘shilib qoldi. Ikkinchi taymda aynan shunday bo‘ldi: murakkab vaziyatda to‘pni olib chiqish o‘rniga, oyog‘i bilan to‘pni elkasiga urib yubordi va natijada avtogol yuzaga keldi. Rasmiy protokolda bu to‘p Nematov hisobiga yozilgan bo‘lsa-da, voqeaning mohiyati o‘zgarmaydi. Shuningdek, Xusanov bir epizodda Leauga yo‘llangan past uzatmani to‘xtataman deb, aynan shu futbolchiga qulay vaziyat yaratib berdi va Rafael to‘pni darvoza tog‘chasiga joyladi. O‘yin yakunlangach, Abdukodir maydonda ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi. Kimdir "qaysi hisobda yutqazganing ahamiyatli emas" deyishi mumkin, ammo pley-off masalasida aynan to‘plar nisbati hal qiluvchi omilga aylanishi ehtimoli bor. Hozircha esa bu ko‘rsatkich O‘zbekiston foydasiga emas.

Fikrlar