
Yakkakurashlar. Pankration va Greppling bo‘yicha jahon chempionati oldidan matbuot anjumani tashkil etildi
Poytaxtimiz yana bir nufuzli sport anjumaniga mezbonlik qiladi. Joriy yilning 30 aprel – 4 may kunlari Toshkentda Pankration va Greppling bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Pankration yakkakurashning bir turi bo‘lib, jangovar sport yo‘nalishlarining eng qadimiysidir. Qadimgi Yunoniston esa uning vatani hisoblanadi. Shuning uchun ham u miloddan avvalgi 648 yilda Olimpiada o‘yinlariga kiritilgan. Bu sport turning rivoji o‘sha mashhur yunon afsonalari “Tesey” va “Gerakl”ga borib taqaladi.
Bugunga kelib, Pankration Evropa, Amerika va Osiyo qit’alarida keng rivojlangan. Jumladan, qo‘shni Qozog‘iston, Rossiya, Frantsiya, Germaniya, Hindiston, Pokiston, Ukraina, Turkiya, Boltiq bo‘yi mamlakatlarida Pankration yakkakurash turi eng etakchi sport turlaridan biriga aylanib ulgurgan.
Qisqa muddatli tanaffusdan so‘ng, bu qiziqarli va uzoq tarixga ega sport turi yana qaytmoqda. Ishonch bilan aytish joizki, Pankration sport turi hozirda MMA (aralash jang san’atlari) bilan bemalol raqobatga kirishmoqda.
Shuningdek, Pankration o‘zida barcha yakkakurash turlarini jamlagan. MMA dan farqli jihati, “parter” da uzoq vaqt jang davom etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Biroz passivlik kuzatilsa, jangchilar “stoyka” qaytariladi va bu qonun-qoidalar aynan pankrationniki hisoblanadi. Xullas, Pankration hozirgi kundagi barcha yakkakurash turlarining ilk ajdodi bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Greppling kurash oilasining eng tomoshabob ko‘rinishi bo‘lib, bunda nafaqat kurash og‘riqli uslublar, balki bo‘g‘ish uslublarini ham o‘z ichiga oladi. Habib Nurmagomedov, Islom Maxachev, Yurayya Fayber, Roy Greysi, Demian Maya kabi UFC yulduzlarning faoliyati bevosita “Greppling” bilan bog‘liq. Bu yo‘nalish asosan AQSh da keng tarqalgan bo‘lib, juda ko‘p xalqaro turnirlar o‘tkaziladi.
Bir so‘z bilan aytganda Greppling jahonning har bir burchagiga kirib borgan bo‘lib, o‘zini ommaviyligi bilan maqtana oladi. Pankration va Greppling har qanday insonni mukammallikka, qat’iy intizomga o‘rgatadi.
Bugun poytaxtimizdagi “City Palace” mehmonxonasida bo‘lajak jahon chempionati oldidan OAV ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Pankration va Greppling assotsiatsiyasi raisi Hojiakbar Hakimov, assotsiatsiya raisi o‘rinbosari Suhrob Ro‘zimatov, assotsiatsiya bosh kotibi Kamoliddin Hamidov hamda Birlashgan jahon kurashlari uyushmasi (UWW) vakili Onur Simsek ishtirok etdi.





.jpg)

.jpg)






Fikrlar