Yuriy Syomin: "VAR haqidagi savolni o‘zingizdan chiqqan, butun jahon taniydigan hakamga berganingiz ma’qul"
“Navbahor” – “Paxtakor” o‘rtasidagi o‘yin taqdirini yakunda VAR tizimi orqali belgilangan penalti hal qildi. Bu safar ham VAR orqali vaziyatga aniq baho berish hamda qaror chiqarish cho‘zilib ketdi. Bu esa o‘yinning tempiga ta’sir ko‘rsatayotgani ham bor gap.
Umuman olganda, futbolga VAR kirib kelgach, bu borada turli fikr va mulohazalar bildirilmoqda. Yaqinda sports.uz saytiga eksklyuziv intervyu bergan rossiyalik taniqli mutaxassis Yuriy Syomin ham bu haqida to‘xtalgandi va o‘shanda quyidagicha javob qaytargandi.
- VAR – bu yangi yo‘nalish, undan voz kechib bo‘lmaydi. Tizimdan to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri foydalanishayotgani esa bu butunlay boshqa masala. Yaxshisi, VAR bilan bog‘liq savolingizni o‘zingizdan chiqqan va butun jahon taniydigan hakamga (Ravshan Ermatovni nazarda tutyapti) bersangiz maqsadga muvofiq bo‘lardi (kuladi). “VAR”dan qochib qutulib bo‘lmaydi. Bundan keyin ushbu tizim futbolning ajralmas bir qismiga aylanib qoladi. Hammasini borligicha qabul qilish kerak. Faqat tizim bilan bog‘liq ishlarni yanada mukammal darajaga olib chiqish payida bo‘lish juda muhim ahamiyat kasb etadi. Tennisda videotakror bormi, bor. Basketbolda-chi, unda ham bor. Endi VAR futbolda ham mavjud!
Fikrlar