Zaxiradan maydonga tushganlar katta sahnada yoxud "Andijon" - "Dinamo" o‘yini haqida

  • 14 aprel, 2024, 02:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi guruh bahslaridagi uchrashuvlar davom etmoqda. “O‘lim guruhi” deb nomlangan “N” guruhida “Andijon” “Bobur Arena”da Samarqandning “Dinamo” jamoasini qabul qildi. Superligada mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirgan holda peshqadamlikni o‘z qo‘liga olgan “Andijon” klubi ishtirokidagi uchrashuvni kuzatish va mezbonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Bobur Arena”ga 15 mingdan ziyod muxlis tashrif buyurdi. Kutilganidek, bu safar ham muxlislar arenada yana “yondirdilar”.

Tecno

Garchi bu Kubok doirasidagi birinchi o‘yin bo‘lishiga qaramasdan maydonda ikkala jamoa futbolchilari jangovar o‘yin namoyish qilishdi va aslo Superligadagi tempidan qolishgani yo‘q. Stadionga to‘plangan muxlislar uchun tomoshabop tarzda kechdi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Shunga yarasha bahs davomida ishqibozlar 4 ta gol ko‘rdilar.

“Dinamo” legioneri Frantsis Narx 11-daqiqada aniq zarbasi bilan hisobni ochdi. Shundan keyin ham mehmonlarda yanv qulay vaziyatlarda bo‘ldi. “Andijon” posboni Igor Litovka qolgan holatlarda raqib hujumlarini bartaraf etdi. Ikkinchi bo‘lim yanada qiziqarli kechdi. “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov uchrashuvda burilish yasash uchun darhol kerakli o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Bu esa o‘z samarasini berdi. Bungacha chempionatda 5 ta golga assistni amalga oshirgan Bektemir Abdumannonov yana o‘zini ko‘rsatdi va zaxiradan maydonga tushgan Sherzod Esanovga golli pas uzatdi. O‘z navbatida u boshi bilan darvozaga to‘pni aniq joylab qo‘ydi. Lekin oradan 6 daqiqa o‘tgach, mehmonlar yana hisobda oldinga chiqib oldilar. “Andijon” hujum qilayotgan mahalda kutilmaganda Levan Arveladze to‘pni yo‘qotdi va “Dinamo” darhol qarshi hujumga o‘tdi. Bu vaziyatda legioner hujumchi Joel Kojo o‘zi uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalandi va jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

“Burgutlar” yana tashabbusni o‘z qo‘liga olgan holda ketma-ket xavfli hujumlarni uyushtirdi. Bu safar ham zaxiradan maydonga tushirilgan futbolchi katta sahnaga chiqdi. Iqtidorli hujumchi Rustam Turdimurodov qanotdan Armin Boshnyak tomonidan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. E’tiborlisi, ushbu golda aynan zaxiradan uchrashuvga qo‘shilgan futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatishdi. Turdimurodov esa “Andijon” tarkibidagi debyut golini urishga muvaffaq bo‘ldi.

Garchi g‘olib aniqlanmagan bo‘lsa-da, muxlislar shiddatli uchrashuvdan bahramand bo‘ldilar va o‘yin barchaga manzur bo‘ldi. O‘yin markaziy maqomini to‘la oqladi. 

“Andijon” – “Dinamo” – 2:2 (0:1).

13 aprel. Andijon. “Bobur Arena” stadioni. 15110 tomoshabin.

Hakamlar: Shavkat Nasibullaev, Ruslan Serazetdinov, Baxtiyorxo‘ja Shavkatov.

Nazoratchi: Valentin Kovalenko.

Komissar: Davron Ibrohimov.

“Andijon”: Igor Litovka, Islom Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Ilhom Alijonov (Abduvohid G‘ulomov 65), Sardor Azimov, Demir Imeri (Muhammadkarim Toirov, 46), Ilhom Abdug‘aniev (Sherzod Esanov, 46), Bektemir Abdumannonov (Armin Boshnyak, 80), Farhod Sohibjonov, Levan Arveladze, Luka Zgurskiy (Rustam Turdimurodov, 65).

“Dinamo”: Farhod Rahmatov, Ulug‘bek Abdullaev, Salim Mustafoev, Dushan Miyich, Damir Temirov (Xumoyunmirzo Iminov, 64; Bahodir Nasimov, 90+2), Frantsis Narx, Sanjar Shoahmedov, Farruh Ikromov (Hislat Xalilov, 64), Jurani Fransisko Ferreyra, Anvar Hojimirzaev (Xusniddin G‘ofurov, 86), Joel Kojo.

Gollar: Frantsis Narx, 11 – 0:1. Sherzod Esanov, 67 – 1:1. Joel Kojo, 73 – 1:2. Rustam Turdimurodov, 88 – 2:2.

Ogohlantirishlar: Ilhom Abdug‘aniev, 19. Bektemir Abdumannonov, 77.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
15/04/2024 02:00
Рустам Турдимуродовнинг ёши нечада? Ҳужумчи бўлсаю, эндигина дебют голини урдими? Аввал қайси жамоада ўйнаган? Яна чала хабар.