
Viktor Kumikov to‘rt nafar futbolchining o‘yinidan qoniqmadi
“Andijon” – “So‘g‘diyona” (0:0) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Viktor Kumikov o‘z fikrlarini bildirdi.
- Bugun gol urish hech bir jamoaga nasib qilmadi. Ikkala klubning vazifalari bor. “So‘g‘diyona” medallar uchun, biz esa ligada qolish uchun harakat qilyapmiz. O‘yindan oldin bizda yo‘qotishlar bor edi. Azamat Isroilov va Abdug‘ani Kamolov yordam bera olmadilar. Masalan, Isroilov betob, nima bo‘lganini bilmadim, u uyiga ketgan. Kamolov esa jarohat olgan.
Endi chempionatda tanaffus bo‘ladi, ungacha ular safga qaytishsa kerak. Agar hamma tarkibda bo‘lganida balki Usmonalievni dastlabki daqiqalardan hujumga qo‘yardik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, keyinchalik uni baribir hujumga o‘tkazdik. Shu sababli oldingi chiziqda Usmonaliev bilan Zabelin o‘ynadi. Xullas, tavakkal qildik. Birinchi bo‘limda imkoniyatlar bo‘lmadi, ammo ikkinchi bo‘limda vaziyatlar yarata oldik. Afsuski, gol ura olmadik. Bir so‘z bilan aytganda, durang o‘yinga mos tushdi.
Jamoamning tayyorgarligidan qoniqqanman. Lekin Baxtiyor Qosimov, Muhammadkarim Toirov, Vladislav Vasilev, Farhod Sohibjonov kabi futbolchilarning o‘yinidan qoniqmadim. Yarim himoyachilarimiz to‘g‘ri paslar bera olmadi. Mana, Usmonaliev hujumga o‘tib, kurashdi, harakat qildi. Jarima maydoni ichida bir nimalar qilishga intildi. Ko‘p vaziyatlarda biz xuddi to‘rt futbolchisiz o‘ynagandek bo‘ldik. O‘yinda burilish qilish uchun o‘zgarishlar ham qildik. Gol urish uchun biroz tajriba ham etishmadi. Umuman olganda, jamoa yomon emas. Bizni oldinda “Lokomotiv”, “Nasaf”, AGMK kabi klublarga qarshi o‘yinlar kutyapti. Oxirgi turda “Turon”ga qarshi o‘ynaymiz. O‘sha uchrashuvga qadar hammasini hal qilishimiz kerak va muammolarimizni bartaraf etishimiz talab etiladi.
Fikrlar