"El Klasiko"da ikki buyuk to‘purar to‘qnashadi

 
Bugun Toshkent vaqti bilan soat 20:15 da Ispaniya chempionatining markaziy uchrashuvida "Barselona" ashaddiy raqibi "Real"ni qabul qiladi.
 
Aslida "El Klasiko"ni haqida juda ko‘p jihatdan tahlil qilish mumkin. Biz esa bugungi uchrashuvda ikki buyuk to‘purarning o‘zaro raqobatiga nazar tashlaymiz. Argentinalik hujumchi Lionel Messi bugungi kunda "Barselona"ning, portugaliyalik superfutbolchi Krishtianu Ronaldu esa "Real"ning ko‘pyillik tarixidagi eng ko‘p gol urgan futbolchilardir.
 
Ma’lumotlarga qaraganda, Lionel Messi "Barselona" uchun 472 ta gol urgan. Krishtianu Ronaldu esa "Real" raqiblar darvozasiga 376 ta to‘p kiritgan. Har ikki futbolchi "El Klasiko" to‘purarlari ro‘yxatida ham yuqori o‘rinlarda qayd etilgan. Jumladan, 2009 yildan buyon Ispaniya chempionatida to‘p surayotgan Krishtianu "Barselona" darvozasini 16 marotaba ishg‘ol qilgan va "El Klasiko" to‘purarlari orasida uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
 
2003 yildan buyon "Barselona" tarkibida porlayotgan Lionel "Real"ga gol urish bo‘yicha bosh mutaxassis hisoblanadi. Argentinalik hujumchi "El Klasiko"da 21 marta zafar quchgan va bu borada yakka peshqadam bo‘lib turibdi.
 
Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi Ispaniya chempionati to‘purarligida ham bir-biridan qolishmaydi. Faoliyati davomida uch marotaba "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritgan Ronaldu 2011, 2014 va 2015 yillari Ispaniya chempionati to‘purari sifatida Pichichi sovrini bilan taqdirlandi. Besh karra "Oltin to‘p" sohibi Messi ham uch marta - 2010, 2012 va 2013 yillarda to‘purarlarning Pichichi sovriniga ega chiqqan.
 
Ispaniya chempionatining bu yilgi mavsumida ham har ikki futbolchi chempionlikdan tashqari to‘purarlar bahsida ham raqobatlashmoqda. Krishtianu Ronaldu o‘nta uchrashuvda kiritgan o‘nta goli bilan birinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Messi o‘nta o‘yindagi to‘qqizta goli bilan uni ta’qib qilmoqda.
 
Bugun "Barselona" va "Real" uchrashuvi doirasida yana Messi va Ronaldu raqobatining yangi qirralarini ko‘ramiz. Har ikki jamoaning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan mana shu ikki buyuk to‘purar o‘yiniga bog‘liq bo‘ladi.
 
SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!