Kannavaroning yordamchi murabbiylari kim va ular avval qaysi klublarda faoliyat olib borgan?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘zining tajribali murabbiylar shtabi bilan ishlamoqda. Italiyalik mutaxassisning jamoasida har biri o‘z yo‘nalishida katta tajribaga ega mutaxassislar bor. Quyida ular haqida batafsil tanishing.
Eujenio Albarella — jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy
1965 yilda Italiyaning Neapol shahrida tug‘ilgan. U 2010 yilda “Yuventus” klubida faoliyat olib borgan. Oradan bir yil o‘tib, Alberto Zakkeronining murabbiylar shtabiga qo‘shilib, Yaponiya terma jamoasi bilan 2011 yilgi Osiyo kubogida g‘oliblikni nishonlagan.
2016 yilda Xitoyning “Beyjing Goan” klubida ishlagan — o‘sha paytda jamoa safida o‘zbekistonlik Egor Krimets ham to‘p surgan.
2023–2024 yillarda Fabio Kannavaro bilan birga Italiyaning “Udineze” klubida ishlagan, keyinchalik Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb” jamoasida ham faoliyat olib borgan.
Antonio Kimenti — darvozabonlar murabbiyi
1970 yil 30 iyun kuni Italiyaning Bari shahrida tug‘ilgan. Sobiq professional darvozabon sifatida “Roma”, “Lechche”, “Kalyari”, “Udineze” va “Yuventus” kabi klublarda o‘ynagan. “Yuventus” safida u afsonaviy Janluiji Buffondan keyingi ikkinchi raqamli darvozabon sifatida tanilgan.
Murabbiylik faoliyatini “Yuventus” yoshlar jamoasida boshlagan. Shundan so‘ng “SPAL”, “Sampdoriya” va Italiya U-21 terma jamoasida darvozabonlar murabbiyi bo‘lib ishlagan.
Franchesko Troyze — yordamchi murabbiy
1972 yil 5 fevralda Italiyaning Neapol shahrida tug‘ilgan. UEFAning A toifadagi murabbiylik litsenziyasiga ega. Futbolchilik faoliyatini “Napoli” yoshlar jamoasi, “Kazele” va “Potentsa” klublarida o‘tkazgan.
Murabbiylik faoliyatini 2013 yilda “Kevo” va “Uotford” klublarida Juzeppe Sanninoning yordamchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik “Kataniya”, “An-Nasr”, “Guanjou Evergrand”, “Benevento”, “Udineze” va “Dinamo Zagreb” jamoalarida faoliyat yuritgan.
Troyze 2016 yildan beri Fabio Kannavaro bilan bir shtabda ishlab kelmoqda.

Fikrlar