
"3 yil zaxirada o‘tirib ancha narsaga erishdim" yoxud Vladimir Kozak nega jamoasiz qolib ketdi?
Yangi mavsum boshlandi. Ammo siz yaxshi taniydigan futbolchi – Vladimir Kozak jamoasiz qoldi. Holbuki, unga takliflar bor edi. Uzoq yillar davomida “Paxtakor” sharafini himoya qilgan o‘yinchi hozir qanday ahvolda? U nega biror klubga o‘tmadi? Sports.uz muxbiri Kozak bilan suhbatda bo‘ldi.
- Vladimir, 2021 yilgi mavsum siz uchun qanday o‘tdi?
- Va’da berishgan, ammo va’dasida turishmadi. “Paxtakor”ga besh oy uchun 48 million so‘mga bordim. Bunday pulga hech kim kelmasa ham kerak. Holbuki, jamoamizga kel, yordaming kerak deyishgandi.
- AGMKda ham yarim mavsum o‘ynadingiz, biroq u erda ham ko‘pincha zaxirada qoldingiz. Bu nima bilan bog‘liq?
- Hech qachon u erga o‘tganimdan afsuslanmayman. Faqat muhitga ko‘nika olmadim. AGMKda hammasi zo‘r edi, hech kimga e’tirozim yo‘q.
- Shundan keyin turli savollar paydo bo‘ldi. Kozak nega ketdi, nega o‘ynay olmadi, qabilida...
- Keyin “Paxtakor”ga borib 45 daqiqa o‘ynab chempion bo‘ldim-ku (kuladi). To‘g‘risi, ortiqcha gap-so‘zlar ko‘payib ketdi. Sizga rostini aytaman, endi xorijga ketmoqchiman. 12 yil deganda “Paxtakor”dan shartnomamni oldim. Ungacha kim aralashsa ham shartnomamni berishmasdi.
- Nima uchun bunday vaziyat bo‘lib qoldi?
- O‘rtamizda aytarli hech qanaqa vaziyat bo‘lmadi. Faqat yoshlarni jalb qilishdi. Meni qaerga qo‘yishsa o‘ynab berardim, oldin o‘ynaganimda xato topishmasdi.
- Bu yilgi chempionat oldidan ko‘plab klublarda selektsiya bo‘yicha tarkibida o‘zgarishlar bo‘ldi...
- O‘sha selektsiya chog‘ida bu erda qolgim kelmagandi. Lekin oldimda takliflar bor edi. Masalan, “Qo‘qon-1912” taklif bilan chiqdi. Seni yaxshi bilamiz, gap-so‘zlar qiziq emas, deya meni o‘z saflariga qo‘shishdi. Buning uchun Baxtiyor aka Ashurmatovga rahmat. Lekin men chetga ketishga qaror qilgandim. Moskvada edim, u erdan yaqinda qaytdim.
- Keyin sizni “Turon”ga o‘tadi, deb ham eshitgandik...
- “Turon”dagilarni tushunmay qoldim. Mayli, bu ularning ishi. Vaholanki, “Turon”da o‘ynab bermoqchi edim. Biz kelishib qo‘ygandik, ikki kundan keyin klubga bormoqchi bo‘lib, narsalarimni yig‘ishtirib tursam, kerak emas, kelmay qo‘yaversin deyishibdi.
- Bu siz og‘ir botdimi?
- Yo‘q, baribir natijaga o‘zlari javob berishadi-ku.
- Chetdan sizga qaysi klublar qiziqyapti?
- Afsuski, bungacha chetdan qiziqish bo‘lsa-da, uch yil zaxirada o‘tirdim. Lekin zaxirada qolganimdan pushaymon emasman. 9 yil o‘ynagan paytimda tuzuk-quruq pul olmasdim. 3 yil zaxirada o‘tirib esa ancha narsaga erishdim. Sabr qilganim uchun Xudo berdi. Uy oldim va yana boshqa narsalarga erishdim. Oldin 9 yil ichida bularga erisha olmagandim. Jamoa almashtirganimdan keyin Olmaliqda ko‘nika olmadim. Endi barchasi agentlarga bog‘liq. Qaerga qanday summaga bo‘lishidan qat’iy nazar u erga borib o‘zimni qanday futbolchiligimni isbotlab qo‘ymoqchiman. Pul birinchi o‘rinda emas.
- Demak, o‘zimizni chempionatda o‘ynamoqchi emassiz, shundaymi?
- O‘zimizdagilarni qarang, otam ham o‘z vaqtida futbolchi bo‘lgan, tugatgandan keyin birortasi ishga olmaydi. Otam uchun ham o‘zimni ko‘rsatishni istadim va “Paxtakor”da 12 yil faoliyat olib bordim. Oxirgi 3 yil zaxirada o‘tirganimda ham birorta muammo qilmadim. Sabr qildim. “Paxtakor” muxlislariga va barcha meni taniganlarga rahmat aytaman. Yaxshi va yomon kunlarda ham birga bo‘lganmiz. Agar kimnidir xafa qilib qo‘ygan bo‘lsam uzr so‘rayman. Bu yog‘iga menga yana imkoniyat berishsa, jarohatlar bo‘lmasa qo‘limdan kelganicha yordam berishni va chiroyli o‘yinlar ko‘rsatishni xohlardim. Mabodo, futbolda nasibam tugagan bo‘lsa, yaxshi inson bo‘lib, birovga ozorim tegmaydigan ish topib, xayotimni davom ettiraveraman. Yana bir narsani aytib o‘tmoqchiman, ko‘pchilikdan uzoqlashdim, ammo hech kimdan xafa emasman va hech kim meni xafa ham qilgani yo‘q. Faqat bu yog‘iga oilamga ham bo‘sh vaqtimni ajratmoqchiman. Yana bir gap: kimdan qarzim bo‘lsa, meni qaerdan topishni bilasizlar! Eslatib qo‘yishsa, berib yuborishga tayyorman. Lekin mendan qarzi borlar yana o‘zimga qaytarib berishlarni istayman. Buni pulsiz qolganim uchun so‘ramayapman, faqat barchamiz jannatga kirishni xohlaymiz, men bandaga berib, bandadan kutmayman. Doim Xudodan so‘rayman. Faqat qarzi borlarni eslatib qo‘yyapman.
- Dadangiz bilan keyingi rejangizni maslahat qilyapsizmi?
- Albatta, hech qaerga ketmay qo‘yaver, shu erda o‘ynab tur deganlari uchun “Andijon”ga kelgandim, biroq “zayavka”ga ulgurmay qoldik. Holbuki ungacha qo‘qonliklar safiga qo‘shilsam ham meni bemalol olishardi. “Andijon”da hammasi yaxshi edi, futbolchilar bilan tanish edim. Endi faoliyatimni baribir chetda sinab ko‘rmoqchiman. O‘zimizda esa to‘p surib ko‘nglim sovudi. 12 yil o‘ynaganimdan keyin rahmat deyish ham yo‘q. Shunisi alam qildi. “Paxtakor”da zaxirada qolgan paytlarimda ham to‘rtta pozitsiyada o‘ynashga tayyor bo‘lib turardim. Darvoqe, Hamid aka Aktamov ham meni “Qizilqum”ga chaqiryapti, ular birinchi ligada farm-klub tashkil qilgan holda meni o‘sha jamoaga “zayavka” qilib olishmoqchi. Shuningdek, menga Qozog‘istondan takliflar bo‘lyapti, hozircha o‘ylab turibman. Aprelda Malayziya, Tailand, Indoneziya kabi chempionatlarda transfer oynasi ochiladi. Qaysidir klubga borib xato qilishdan qo‘rqmayman. O‘zimga ishonaman, qaerda bo‘lsa ham o‘ynab ketaman. Kimlar bilan ishlagan bo‘lsam, murabbiylar, rahbarlar, ishchi-xodimlar barchasidan minnatdorman. Yana chetga ketish maqsadimga kelsak, bu erda bir nima yoqmadi emas, hammasi yaxshi. Faqat niyatim bor, xorij klublaridagi o‘yinlarimni oilam va o‘zbekistonlik muxlislar televizorda ko‘rishsa! O‘zbekiston terma jamoasiga ham yordamim tegishini istayman. Terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqishini juda istayman. Bir ochko etmagan paytlar bo‘ldi. Shu bir ochko o‘rniga 5 ochko ko‘proq yig‘ib jahon chempionatiga chiqishimizni xohlayman.
Fikrlar