
3 yoshidan buyon karate bilan shug‘ullanib kelayotgan chempion!
Yurtimizda sportning yakkakurash turlariga qiziquvchilar soni juda ko‘p. Ayniqsa, yosh avlod orasida karate WKF bo‘yicha muntazam shug‘ullanib, professional sportchi bo‘lish istagidagilar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining yaqindagina imzolagan "O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi tashkil qilinadi. "Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ-356-son, 03.11.2023 y.) bu boradagi imkoniyatlar eshigini yanada kengroq ochilishiga xizmat qilishi tabiiy.
Ta’kidlash kerakki, karate WKF dunyoning eng nufuzli sport musobaqalari hisoblangan Olimpada va Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan. Ushbu sport turi bo‘yicha ham mamlakatimizda mahoratli sportchilar etishib chiqmoqda va yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Bundan avvalroq karate WKF bo‘yicha kattalar o‘rtasida Markaziy Osiyo tarixida birinchi va hozircha yagona jahon chempioni hisoblangan Dastonbek Otabolaev bilan suhbat uyushtirgan edik. Bu safagi qahramonimiz, uning shogirdi, yosh umidli sportchi, endigina 8 yoshda bo‘lishiga qaramasdan ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindori - Alirizo Shuhratov bo‘ladi.
2015 yil 22 fevral kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan bo‘lajak chempion 3 yoshidan boshlab karate WKF sport turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Alirizo “Bilol karate” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Uning birinchi ustozi yurtimizning mashhur karatechilaridan bo‘lgan Bilol Zayniddinovdir. Hozirda u Bilol Zayniddinovning o‘g‘li, karate WKF bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, ikkinchi dan qora belbog‘ sohibi Vorisxon Zayniddinov hamda karate WKF bo‘yicha kattalar o‘rtasida Markaziy Osiyo tarixida birinchi va hozircha yagona jahon chempioni hisoblangan Dastonbek Otabolaev qo‘l ostida mashg‘ulot olib bormoqda.
“Alirizo yosh bo‘lishiga qaramasdan juda ham tirishqoq va mehnatsevar. U har bir mashg‘ulotga jiddiy yondashadi. Oila a’zolarining ko‘magi ayniqsa unga yaxshi sportchi bo‘lib etishishida muhim rol o‘ynamoqda. Umid qilamanki, kelajakda Alirizo ham men kabi dunyo arenalarini zabt etib, Vatanimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘taradi”, - dedi ustozi Vorisxon Zayniddinov.
“Yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarni kuzatgan paytlarimda Alirizo Shuhratov qolgan tengdoshlaridan ko‘ra iste’dodliroq ekaniga guvoh bo‘ldim va shundan so‘ng bu yigit bilan alohida mashg‘ulotlar olib borishga va uni yanada o‘z ustida ko‘proq ishlab, tajriba orttirishga harakat qilib kelmoqdaman”, - dedi Dastonbek Otabolaev.
Qayd etish lozimki, Alirizo 2022 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida o‘z yosh toifasida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan holda 1-o‘rinni egalladi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘tgan davr mobaynida Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Gruziya kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda ham qatnashib, faxrli o‘rinlarni egalladi.
“Sportga kirib kelishimda otam Dilmurod Rahimovning hissasi katta. Aynan shu inson meni ilk bor karate zaliga olib kelgan va hozirgacha qo‘llab-quvvatlab, har tomonlama ko‘mak berib kelmoqda. Agar otam menga bunday sharoitlar yaratib bermaganida hozirgi yutuqlarga erisholmagan bo‘lardim.
Karate orqali dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘ldim va u erda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Bu ham mening eng yaxshi yutuqlarimdan biri bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Xorijlik tengdoshlarim bilan har doim aloqadamiz, ular bilan tatamida raqibmiz, hayotda esa do‘stmiz.
Har safar xalqaro musobaqada g‘olib bo‘lib, madhiyamiz yangraganida, beihtiyor ko‘zimga yosh keladi. Shunday paytda O‘zbekistonda tug‘ilganimdan, shu yurtning farzandi ekanligimdan faxrlanib ketaman.
Ustozim Vorisxon akamdek mahoratli karatechi bo‘lishni orzu qilaman. Shu sababli ularning har bir ko‘rsatmalarini diqqat bilan tinglab, ularga amal qilishga harakat qilaman.
Davlatimz tomonidan biz yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalangan holda bor e’tiborimizni mashg‘ulotlarga qaratib, murabbiylarimizning ko‘rsatmalariga amal qilgan holda dunyo arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarib, madhiyamizni yangratmoqchiman.
Mening eng oliy maqsadim Olimpiada o‘yinlari va Jahon chempionatlarida g‘olib bo‘lish va yurtimizning mashhur sportchilari singari Muhtaram Prezidentimizning qo‘llaridan davlat mukofotlarini olishdir”, - dedi Alirizo Shuhratov.
Biz ham Alirizoga kelajakda ulkan muvaffaqiyatlar va g‘alabalar yor bo‘lishini tilab qolamiz. Yurtimizda mana shunday o‘g‘lonlari ko‘payaversin deymiz.
Baxtiyor Toshtemirov suhbatlashdi.
Fikrlar