9 nafar legionerimizning boshqa chempionatdagi faoliyati boshlandi. U erda o‘zbekistonlik bosh murabbiy ham bor!

  • 2 aprel, 2023, 23:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qo‘shni mamlakat – Tojikiston chempionatida yangi mavsumga start berildi. Muxlislarimiz tojik futbolidan o‘ziga yarasha ma’lumotlarga ega. Chunki har yili u erda bir qator hamyurtlarimiz to‘p surishayotganini eshitamiz va o‘z navbatida bizning chempionatga ham tojikistonlik legionerlar taklif qilinib kelinadi. Bu an’ana joriy yilda ham kuzatildi.

Tojikiston oliy ligasida 10 ta jamoa ishtirok etadi. Hamma yaxshi biladi, u erda Dushanbening “Istiqlol” klubi birinchi raqamli chempion jamoa hisoblanadi. Qolganlarning unga raqobatlashishi juda qiyin. “Xo‘jand” “Istiqlol”dan keyingi ikkinchi raqamli jamoa deb e’tirof etiladi.

Hamma vaqt tojik klublarining o‘zbek futbolchilariga ehtiyoji bo‘lib kelgan. Shuning uchun har yili bir qator o‘yinchilarimiz qo‘shni chempionatda paydo bo‘ladilar. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Yangi mavsum oldidan Tojikistonning 6 ta jamoasi o‘zbekistonlik futbolchilar bilan shartnomalar imzoladi.

tojikiston

Qolaversa, yurtimizdan kelgan bosh murabbiy ham bor. “Kuktosh” klubi rahbariyati yangi mavsum oldidan bosh murabbiylik lavozimiga Abdujabbor Ma’rufalievni taklif qilishdi. U “Metallurg”da uzoq vaqt ishlagan va muxlislarimiz yaxshi bilgan Abduqahhor Ma’rufalievning ukasidir.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning ikkinchi yarmida “Istaravshan” jamoasiga hamyurtimiz No‘’mon Hasanov taklif qilingandi va oliy ligada bosh murabbiylik faoliyatini olib borgan. Endi esa Ma’rufaliev “Kuktosh”ni boshqarishga kirishdi. U esa yangi jamoasiga o‘zbekistonlik futbolchilardan ikkitasi – Temur Masharipov bilan Muhiddin Odilovni olib keldi. Qolaversa, o‘tgan yili “G‘ijduvon” va “Buxoro” safida to‘p surgan nigeriyalik hujumchi Song Longji ham endilikda “Kuktosh” sharafini himoya qilyapti.

sanjar

Eng ko‘p legionerimiz “Esxata” klubida. Olimjon Karimov, Shaxzod Ma’murjonov va Sanjar Rihsiboev bilan shartnoma imzolangan. “Kuktosh” hamda “Esxata”dan tashqari “Xo‘jand”, “Xatlon”, “Fayzkand” singari jamoalarda ham hamyurtlarimiz bor.

Tojikiston chempionatidagi o‘zbekistonlik futbolchilar

“Xo‘jand”: Xushnud Bozorov (yarim himoyachi)

“Xatlon”: Rustam Qo‘chqorov (yarim himoyachi)

“Fayzkand”: Zufar Akbaraliev (himoyachi)

“Esxata”: Olimjon Karimov (himoyachi), Shaxzod Ma’murjonov, Sanjar Rixsiboev (yarim himoyachilar)

“Xosilot”: Temur Mamatmurodov (yarim himoyachi)

“Kuktosh”: Temur Masharipov (himoyachi), Muhiddin Odilov (yarim himoyachi), Abdujabbor Ma’rufaliev (bosh murabbiy).

Ko‘rib turganingizdek, 9 nafar o‘zbekistonlik futbolchilar bor va 1 nafari bosh murabbiy. Tojik klublari asosan himoya va yarim himoya chizig‘i uchun futbolchilarimizni taklif qilishgan. Darvozabon bilan hujum pozitsiyasiga vakillarimizdan hech kim yo‘q.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!