
«Arsenal» etakchisining kelajagi qaerda davom etadi?
«Arsenal» klub etakchisi Aaron Remzi bilan olib borayotgan shartnomani uzaytirish borasidagi muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.
«To‘pchilar» futbolchi bilan shartnoma bo‘yicha taklifga o‘ylanib qolgan va yaqin orada Remzi bilan yangi kelishuv bo‘lmasligini maqsad qilgan. Voqealar rivoji bunday ketadigan bo‘lsa, futbolchi yanvardayoq sotib yuborilishi yoki kelasi yozida u klubni erkin agent sifatida tark etishini tomosha qilishiga to‘g‘ri keladi.
O‘n yillar oldin klubga kelib o‘z nomini tarixda qoldira olgan futbolchining Unay Emeri qo‘li ostida ham ijobiy fazilatlarini namoyish qilayotganiga qaramay klubni tark etishi muxlislarni o‘ylantirib qo‘ygan. Ayniqsa u «to‘pchilar» safidan ketadigan bo‘lsa, u holda qaerga degan savol ko‘pchilikni qiynaydi. Quyida uni o‘z safida ko‘rishi mumkin bo‘lgan jamoalarga to‘xtalamiz.
Orzu: «Real Madrid»
Osilsang, baland dorga osil! Futbolda esa «Real»dan balandroq klublar juda kam topiladi.
Evropaning o‘n uch karra, so‘nggi uch mavsum g‘olibi «Real» ancha jiddiy chaqiriq hisoblanadi. Biroq Remzida madridliklar bilan shaxsiy aloqalar bor desak xato bo‘lmaydi. Uning do‘sti va vatandoshi Garet Beyl hozir «Santyago Bernabeu»ning yangi qiroliga aylanish arafasida turibdi. Remzi do‘stiga tarkibga tezroq moslashishiga yordam berishi mumkin. Shuncha paytdan beri Ispaniyada yashayotganiga qaramay ispanchani tuzukroq ham o‘rganib olmagan Beyl do‘sti bilan yaxshiroq o‘rganib olishi mumkin. Boz ustiga juftlik bir-birini ancha tushunib harakat qiladi.
Remzi maydonda Luka Modrich va Toni Krooslar ortida tayanch yarim himoyasini tutib tura oladi. Kamiga klubga uning tekinga tushishi bu transferni ro‘yobga chiqarishi mumkin.
Remzining gollar urishi va qattiq intizomi «Santyago Bernabeu»dagilarning sevimlisiga aylanishiga zamin yaratadi. Biroq bu variantni bejizga orzu demadik, sababi «qirollik klubi»ning asosiy maqsadi boshqa chiziqlarni kuchaytirishga qaratilgan. Yarim himoyada porlashi kutilayotgan bir qator iste’dod egalari Madridda ko‘plab topiladi.
Haqiqat: «Yuventus»
«Yuventus»ning yagona sevadigan ishi bor bo‘lsa, uyam yarim himoyachilarni tekinga olib kelishdir.
«Manchester Yunayted»dan Pol Pogba, «Real Madrid»dan Sami Xedira, «Liverpul»dan Emre Jan. Shu sababdan Aaron italyan klubi uchun navbatdagi nishon bo‘lsa ajabmas.
Uning tarkibni sezilarli kuchaytirishi va gol urish qobiliyati “keksa sinora”ga asqotishi tayin.
Bu transfer futbolchi uchun chaqiriq bo‘lishi turgan gap. Uni yangi mamlakat va uning madaniyatiga moslashish kabi faktorlar kutib turadi. Ammo chempionat uning xarakteristikalari uchun juda qulay. Unga asosiy tarkib kafolatlangan bo‘lmasada bu uchun kurash olib borsa bo‘ladi. Ayniqsa Krishtianu Ronaldu va Paulo Dibalalar bilan birga to‘p surish imkoniyati bo‘ladi.
Shu sabablar tufayli uning Turinga ko‘chib o‘tishini haqiqatga yaqin deyishimiz mumkin. Balki, bunday bo‘lmas. Kim bilsin?
Djoker: «Milan»
Biz Aaron Remzining londonliklar bilan olib borayotgan muzokaralar nega to‘xtab qolganini bilmaymiz. Ikkala tomon kelishuvga erishgan edi, to‘satdan klub ijrochi direktori Ivan Gazidis Londonni tark etayotganini ma’lum qildi. Aftidan shartnomani uzaytirish bosh muzokarachisi Gazidis bo‘lgan, bunday vaziyatdan keyin «Arsenal» rahbariyati bunga qarshi bo‘lgan.
Yarim himoyachining navbatdagi klubi qaysi bo‘lishi mumkin? Buning uchun Gazidis qaerga ketayotganini topib ko‘ringchi? «Milan»! 1-dekabrdan boshlab u italyan jamoasida yangi vazifasini bajarishga kirishadi. Premer Liganing nomdor futbolchisi uning obro‘sini mustahkamlab olishiga turtki bo‘lishi mumkin.
Fikrlar