Ashxobod-2017. Kurashchilarimiz sermahsullik ko‘rsatishdi
Turkmaniston poytaxtida davom etayotgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarining beshinchi kuni O‘zbekiston delegatsiyasi uchun har jihatdan samarali va unumli bo‘ldi.
Bunga qadar sportchilarimiz medallar jamg‘arish masalasida mezbonlardan so‘ng Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Tailand, BAA, Hindiston delegatsiyalarini oldinga o‘tkazib yuborib umujamoa hisobida sakkizinchi o‘ringa joylashib olishgandi. Beshinchi kungi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolari 4 ta oltin, 7 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumiy 57 ta medal bilan kuchli uchlikka ko‘tarilib olishdi.
.jpg)
To‘rtta medaldan uchtasini delegatsiyamiz hisobiga belbog‘li kurashning klassik usulida gilamga chiqqan polvonlarimiz keltirgan bo‘lsalar, yana bitta oltin milliy sportimiz -Kurash bo‘yicha bellashuvlarda qo‘lga kiritildi.
Belbog‘li kurash bellashuvlarida bu safar polvonlar klassik usulda o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi. Final bahslariga etti nafar hamyurtimiz etib keldi. Ulardan uchtasi hal qiluvchi bahsda g‘alaba qozonib oltin medallarga sazovor bo‘ldi. To‘rttasi esa kumush medal bilan kifolyalandi.
.jpg)
E’tiborlisi, chempionlikni tantana qilgan uchchala sportchimiz ham finalda mezbonlar ustidan zafar quchishdi. Vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahida Xusniddin Ro‘ziev turkmanistonlik Xangeldi Allakovni, - 90 kg. vazn toifasida Obidali Mavlonov mezbonlarning yana bir vakili Ovazgeldi Berdievni, eng og‘ir vazndagi polvonimiz Sherzod Rahimov esa Axal Ballarovni taslim qilib shohsupaning eng yuqorisiga ko‘tarilishdi.
.jpg)
Kechadan shuningdek, kurash bo‘yicha bellashuvlar ham start oldi. Milliy sportimiz bo‘yicha tashkil etilgan bahslarning birinchi kunida uch nafar hamyurtlarimiz o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi. Rinata Ilmatova (+87 kg.), Rahima Yo‘ldosheva (-87 kg.) va Iskandar Hakimjonov (-60 kg.)lar orasida faqatgina Rahima Yo‘ldosheva finalga qadar etib keldi. Hal qiluvchi bahsda Rahima turkmanistonlik Shirin Kubaevani mag‘lub etib oltin medalga ega chiqdi.
.jpg)
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida to‘rt nafar vakilimiz kumush medalga sazovor bo‘ldi. – 50 kg. vazn toifasida Shahzoda Ergasheva kecha musobaqadagi uchinchi kumush medalini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar an’anaviy va belbog‘li kurashning erkin usullarida ikkinchi o‘rinni egallagan Shahzoda bu safar belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida ham kumush medaliga loyiq ko‘rildi.
.jpg)
-65 kg. vazn toifasidagi qizimiz Dilafruz Mamajonova Osiyo o‘yinlarida ikkitadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib ulgurdi. Kecha Dilafruz finalda mezbon sportchi Gulnar Xayitbaevaga imkoniyatni boy berib delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi kumush medalini qo‘shib qo‘ydi. Shuningdek, Islomjon Qo‘ldoshev (-100 kg.) va Eldor Ne’matov (-80 kg.)lar kechagi bahslar yakuniga ko‘ra shohsupaga ko‘tarilib, kumush medalini qo‘lga kiritishdi.

Fikrlar